BMT so‘nggi 10 yilni tarixdagi eng issiq davr deb atadi

Olam

image

BMT tarkibidagi Jahon meteorologiya tashkiloti 2015-2025 yillar oralig‘ini meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr deb atadi. Bu haqda tashkilot saytida e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.

E’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2025 yil eng issiq yillar uchligiga kirgan bo‘lib, hisoblash uslubiga qarab ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallagan.

2025 yilda o‘rtacha global harorat sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan taxminan 1,43 darajaga yuqori bo‘lgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2024 yil bundan ham ekstremal bo‘lib, tarixdagi eng issiq yilga aylangan va harorat 1,55 darajaga oshgan. Bu esa global isish davom etayotganini ko‘rsatadi.

Olimlarni ayniqsa, muzliklarning holati xavotirga solmoqda. Hisobotda qayd etilishicha, sayyoraning muhim hududlarida muz massasi yo‘qotilishi kuzatuvlar tarixidagi eng yomon besh ko‘rsatkich qatoriga kirgan. Eng yuqori erish darajasi Islandiya va Shimoliy Amerikada qayd etilgan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hisobot natijalariga izoh berar ekan, global iqlim holati favqulodda darajaga o‘tganini aytgan.

“Yer sayyorasi haddan tashqari yuklama ostida, barcha asosiy iqlim ko‘rsatkichlari qizil darajada,” degan u.

Tashkilotga a’zo 190 dan ortiq davlat 2015 yilda qabul qilingan Parij kelishuviga muvofiq, davlatlar global isishni 1,5 darajadan oshirmaslik uchun barcha choralarni ko‘rish uchun majburiyat olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng qadimgi aysberglardan biri A23a erib yo‘qolib borayotgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT v Jahon meteorologiya tashkiloti eng issiq davr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing