Urush nazoratdan chiqib ketdi – Guterrish
Olam
−
26 mart 3133 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi urush nazoratdan chiqib ketgan. Bu haqda kecha, 25 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida jurnalistlar oldida bayonot berdi.
U mintaqadagi va butun dunyodagi ko‘plab vakillar bilan yaqin aloqada ekanligini ma’lum qilgan.
“Hozirda muloqot va tinchlikka qaratilgan bir qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Ular muvaffaqiyat bilan yakunlanishi kerak. Men hozigina Jan Arnoni mojaroni va uning oqibatlarini hal qilish bo‘yicha BMT sa’y-harakatlariga rahbarlik qilish uchun o‘zimning shaxsiy vakilim etib tayinladim. Mening Qo‘shma Shtatlar va Isroilga yo‘llagan murojaatim shundan iboratki, urushga chek qo‘yish vaqti keldi. Mening Eronga murojaatim – qo‘shnilaringizga hujum qilishni to‘xtating”, deydi Guterrish.
Antoniu Guterrish Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligi tamoyiliga rioya qilishga chaqirgan. Shuningdek, u bo‘g‘ozning uzoq vaqt yopilib qolishi global ekish mavsumi boshlangan muhim paytda neft, gaz va o‘g‘itlar yetkazib berishni falaj qilib qo‘yishini aytgan. Inqiroz oqibatlarini mintaqadagi va uning tashqarisidagi tinch aholi o‘z tanasida his qilmoqda.
“Men Livanga yaqinda qilgan tashrifim chog‘ida ushbu oqibatlarning ba’zilarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. U yerda ham urush to‘xtashi kerak. “Hizbulloh” Isroilga zarba berishni to‘xtatishi lozim. Isroil esa Livanga qarshi harbiy operatsiyalarni va tinch aholi eng ko‘p jabr ko‘rayotgan zarbalarni to‘xtatishi kerak”, deydi bosh kotib.
Guterrishning aytishicha, BMT urush oqibatlarini minimallashtirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda, biroq hozirda gumanitar operatsiyalarni o‘tkazish qiyinlashgan.
“Bizga bu halokatdan chiqish yo‘li kerak. Chiqish yo‘li – diplomatiyada. Chiqish yo‘li – xalqaro huquqqa to‘liq rioya qilishda. Chiqish yo‘li – tinchlikda”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antoniu Guterrish Yaqin Sharqdagi mojarolarni to‘xtatish AQSHning siyosiy irodasiga bog‘liqligini aytgan edi.
Live
Barchasi