Trampning yangi quroli: bojlar
Tahlil
−
20:25 618 9 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp hokimiyat kursisiga qaytar ekan, uning tashqi siyosatdagi eng bahsli quroli – bojlar masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Amaldagi Oq uy rahbari protektsionizm (mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida import tovarlariga to‘siq qo‘yish) g‘oyalarini o‘zining eng oliy qadriyati sifatida ko‘rmoqda. 2025 yilda lavozimga qaytishi bilan ilk chiqargan farmonlari ham aynan xalqaro savdo maydonidagi raqiblariga yangi tariflar joriy etish bo‘lgandi.
Vaholangki, oradan qariyb bir yil o‘tib AQSH Oliy sudi ushbu boj siyosatini noqonuniy deb topdi. O‘tgan yili e’lon qilingan ko‘plab tariflar bekor qilindi, ammo Tramp chekingani yo‘q. Uning yangi global tariflari kuchga kirishi kutilmoqda.
Savdo urushi
Donald Trampning bojlar orqali raqiblarga “hujum” qilish chaqiriqlari hali u prezidentlikka kelishidan ilgari ham ko‘p bora yangragan. 2017 yilda prezident bo‘lishidan ancha oldin, Tramp Qo‘shma Shtatlarni "talon-taroj qilayotgan" deb hisoblagan mamlakatlarga qarshi javob qaytarish uchun import tariflarini ilgari surgan edi. Garchi o‘sha vaqtda bu fikrlari ko‘plab iqtisodchilar tomonidan yoqlanmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib hokimiyat tepasiga uning o‘zi kelishi tashqi savdoda Tramp g‘oyalarining “palak yoyishiga” olib kelgandi.

2017 yil 20 yanvarda Oq uyga kelgan Donald Tramp o‘zining ilk yillaridanoq “Amerika birinchi” shiori ostida keskin proteksionistik savdo siyosatini boshladi. 2018 yil aynan shu siyosat real boj tariflariga aylangan, global savdo tizimini larzaga keltirgan yil bo‘ldi. Vashington buni “milliy xavfsizlik” va “adolatsiz savdoga javob” deya izohladi, biroq natijada Savdo urushi boshlandi.
2018 yil 22 yanvarda Tramp ma’muriyati quyosh panellari va katta hajmli kir yuvish mashinalariga tarif joriy qildi. Quyosh panellariga dastlab 30 foizlik boj belgilandi (har yili kamaytirib borish sharti bilan), kir yuvish mashinalariga esa 1,2 million donagacha 20 foiz, undan ortiq qismiga 50 foiz tarif qo‘llandi. Oq uy bu qarorni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish bilan asosladi. Biroq ko‘p o‘tmay, AQSH ichki bozorida maishiy texnika narxlari oshib ketdi.
Oradan bir oy o‘tib, 2018 yil 1 martda Tramp po‘lat va alyuminiy importiga tarif e’lon qildi: po‘latga 25 foiz, alyuminiyga 10 foiz boj. Mazkur choralar 23 martdan kuchga kirdi. Qaror “Section 232” – milliy xavfsizlik bandi asosida qabul qilindi. Dastlab ayrim ittifoqchilar – Kanada, Meksika va Yevropa Ittifoqi vaqtincha istisno qilindi, biroq keyinchalik bu imtiyozlar ham bekor qilindi. Natijada, AQSHning o‘z ittifoqchilari bilan savdo munosabatlari sovuqlasha boshladi.
Eng keskin bosqich esa Xitoy bilan yuz berdi. 2018 yil 6 iyulda AQSH Xitoydan import qilinadigan turli tovarlarga, umumiy hisobda 34 milliard dollarlik mahsulotga 25 foiz boj joriy etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, yana 16 milliard dollarlik tovarlar ham xuddi shunday tarifga tortildi. 24 sentyabrda esa qo‘shimcha 200 milliard dollarlik Xitoy mahsulotiga 10 foizlik boj e’lon qilindi (keyinchalik 25 foizgacha oshirilishi rejalashtirilgan). Bu choralar “Section 301” asosida, Pekinning intellektual mulk siyosati va texnologik transfer talablari sabab qo‘llandi.
Ushbu “savdo hujumini” Pekin javobsiz qoldirmadi. Xitoy AQSH qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan soya, avtomobil va boshqa sanoat tovarlariga 5 foizdan 25 foizgacha tariflar e’lon qildi. Bu esa “Savdo urushi” nomli keskinlik boshlanishiga sabab bo‘ldi. Buni xalqaro bozorlardagi jiddiy tebranishlar ham tasdiqladi.
Raqamlarga qaraganda, 2018 yil oxiriga kelib Tramp ma’muriyati yuzlab milliard dollarlik importni qo‘shimcha boj bilan qamrab oldi. Oq uy bu siyosat orqali savdo taqchilligini kamaytirishni maqsad qilganini bildirgan bo‘lsa-da, ko‘plab iqtisodchilar bojlar narxlar oshishiga va iste’molchilarga qo‘shimcha yuk tushishiga sabab bo‘lganini ta’kidladi. Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, tarif xarajatining asosiy qismi AQSH importchilari va iste’molchilari zimmasiga tushgan.
2018 yilgi boj siyosati Trampning eng keskin va bahsli qarorlaridan biri bo‘ldi. U qisqa muddatda siyosiy dividendlar keltirgandek ko‘rinsa-da, global savdo tizimida uzoq davom etadigan ziddiyatlar uchun zamin yaratdi. Savdo urushi esa faqat iqtisodiy emas, geosiyosiy maydonda ham yangi raqobat bosqichini boshlab berdi.
Ikkinchi muddat – ikkinchi urunish
2020 yilgi saylovlarda Demokratlar nomzodi Jo Baydenning Tramp ustidan g‘alaba qozonishi Xitoy bilan aloqalarni qaysidir ma’noda yaxshiladi, qator tariflar bekor qilindi. Ammo Baydening passiv tashqi siyosati va yana ko‘plab sabablar ortidan 2025 yilda Tramp boshchiligidagi Respublikachilar yana hukumat tepasiga keldi.

Trampning qaytishi boj mojarolarining qaytishi bilan parallel yuz berdi. 2025 yil 20 yanvarda Vashingtonda Trampning ikkinchi muddatli inauguratsiyasi bo‘lib o‘tganidan so‘ng, uning iqtisodiy siyosati yana bir bor global savdo maydonini larzaga soldi. Qasamyod marosimida so‘zlagan nutqida xorijiy o‘lkalarga boj solish ortidan boyish rejalari ham qarsaklab bilan kutib olingandi.
“Men darhol amerikalik ishchilar va oilalarni himoya qilish uchun savdo tizimimizni qayta ko‘rib chiqishni boshlayman. Fuqarolarimizni boshqa mamlakatlarni boyitish uchun soliqqa tortish o‘rniga, biz fuqarolarimizni boyitish uchun xorijiy davlatlarga tariflar va soliqlar solamiz”, degandi Tramp.
Mana shunday olqishlar, maqtovlar yomg‘iri ortidan 1 fevral kuni mamlakatning eng yirik hamkorlari – Kanada va Meksikaga 25%, Xitoy tovarlariga esa 10% miqdorda import qilinadigan mahsulotlarning aksariyatiga soliq solish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Yangi global savdo urushi sifatida talqin qilingan ushbu siyosat ko‘plab doiralarda jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi.
13 fevral kuni esa Tramp aprel oyidan boshlab AQSH tovarlariga boj qo‘ygan barcha davlatlarga nisbatan javob tariflarni joriy etish rejasini e’lon qildi va bu diplomatik norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi. “Madaniy erkinlik”, “savdo adolati tiklansin” kabi shiorlar ostida olib borilgan jarayonda Tramp ma’muriyati 2025 yil 2 apreldan boshlab deyarli barcha savdo sheriklariga qarshi keskin boj tariflari to‘plamini e’lon qildi. Ushbu keskin siyosat “Ozod bo‘lish kuni” deb atalgan bo‘lib, AQSH va dunyo iqtisodiyotida chuqur iz qoldirdi.
Bu siyosat juda tez orada xalqaro maydonda keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Kanada, Meksika va Yevropa Ittifoqi (EI) o‘z navbatida javoban tarif rejalari tayyorladi va savdo urushining yana bir bosqichi boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Xitoy esa o‘z eksportiga qarshi javob tariflarini joriy qilgan holda, nuqtai nazarlarni qattiqroq mudofaa qildi. Bunday qarama-qarshiliklar global bozorlarning barqarorligiga putur yetkazdi, import narxlarining oshishiga olib keldi.
Shveysariya sobiq prezidenti va amaldagi Savdo vaziri Karin Keller-Zutter tariflar joriy etilishidan oldin Oq uy rahbari bilan bog‘lanib, import to‘siqlarini kamaytirishni so‘ragani, suhbatdan qoniqmagan Tramp esa avvaliga 30 foiz belgilanishi kutilgan tariflarni 39 foizga oshirib qo‘yganligi ham Qo‘shma Shtatlarda davlat institutlarining rad etilib, faqat bir shaxs irodasiga bog‘lanib qolganliginining isboti sifatida talqin qilish mumkin emasmi?

Tariflar joriy etilayotgach ayrim tahlilchilar hatto bu harakatni Trampning “avtokratik kengayish” urinishlaridan biri sifatida baholashi ham kuzatildi. Vaziyat shu darajaga yetdiki Trampning xohish-irodasi butun bir davlatning qarashlarini namoyon eta boshladi. Hatto bu haqida Yaponiya savdo xodimlaridan biri o‘z intervyusida Trampning nimani ko‘zlayotganini o‘zidan boshqa hech kim bilmayotganini ta’kidlagan edi.
“AQSH ma’muriyatida kim bilan gaplashsam ham, ularning hech biri Tramp nima haqida o‘ylayotganini bilmaydi. Biz hatto Tramp nima haqida muzokara olib bormoqchi ekanligini ham bilmaymiz,” degandi u.
Tez orada AQSHning oshirilgan boj siyosati dunyo davlatlariga nisbatan ochilgan “savdo urushi” sifatida talqin etilgan bo‘lsa, tariflarni qayta pasaytirish Vashingtonning o‘z irodasini boshqa davlatlarga o‘tkazish uchun qo‘llovchi diplomatik bosim vositasi yoki geosiyosiy savdolashuv dastagiga aylanib qoldi. Donald Tramp mamlakatlarga shartlar qo‘yadi va evaziga karrasiga oshirilgan boj stavkalarini kamaytirishni taklif qiladi. Kamaytirganda ham avvalgi foizlar darajasiga tushirilmaydi, ammo ba’zi davlatlarga qo‘yilgan tariflar shu qadar “osmonga ko‘tarilganki”, endilikda kichik tafovut ham katta ahamiyat kasb eta boshladi.
Sud va yangi boj
2026 yil 20 fevral, AQSH Oliy sudi vanihoyat tarixiy qarorni e’lon qildi. Prezident Tramp tomonidan “favqulodda vaziyat” vaji bilan joriy etilgan qo‘shimcha boj tariflari bekor qilindi. Sud 6:3 nisbatdagi ovoz berish bilan Oq uy savdo siyosatida o‘z vakolat doirasidan chiqib ketganini va joriy qilingan qator tariflar noqonuniy ekanligini e’lon qildi. Sudya boshlig‘i Jon Roberts qarorda Prezidentning 1977 yilgi “Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun” (IEEPA) asosida bunday bojlarni joriy etish vakolatiga ega emasligini alohida qayd etdi.
Aslida AQSH Konstitutsiyasiga ko‘ra bojlar belgilash vakolati Kongressga tegishli. IEEPA esa prezidentga mamlakat xavfsizligi, tashqi siyosati yoki iqtisodiyotiga xorijdan kelayotgan g‘ayritabiiy va jiddiy tahdidlarga javoban tijorat operatsiyalarini tartibga solish, cheklash hamda xorijiy aktivlarni muzlatish vakolatini beradi, xolos. Shunga ko‘ra prezident atigi “importni tartibga solish” vakolatiga ega, lekin bojlarni belgilashga huquqi yo‘q. Mazkur qaror Trampning ikkinchi ma’muriyati uchun konservativ tarkibdagi Oliy suddan olingan eng jiddiy zarbalardan biri sifatida baholanmoqda.

Ammo, Tramp darhol yangi yo‘l izlab topdi. 1974 yilgi savdo qonunining 122-moddasi asosida vaqtinchalik 10% darajadagi global bojlarni e’lon qildi — u 150 kun davomida kuchda bo‘lishi mumkin va keyin Kongress ruxsati talab qilinadi. 21 fevralga kelib esa Tramp “Truth Social” tarmog‘ida bojlar “qonun ruxsat bergan eng yuqori daraja” — 15%gacha oshirilishini e’lon qildi.
Tramp tariflar orqali ishlab chiqarishni AQSHga qaytarish va savdo taqchilligini kamaytirishni maqsad qilganini aytmoqda. Ammo, bu hafta e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat savdo taqchilligi 2024 yilga nisbatan 2,1% ga o‘sib, taxminan 1,2 trillion dollarga yetgan.
Biroq xalqaro maydonda ushbu yangilik boshqacha kayfiyat bilan qarshi olindi. Kapital bozorlar boshida qisqa muddatli ko‘tarilish bilan javob berdi, ammo miqyosi katta tovarlar bo‘yicha narxlar oshdi — import xarajatlari yuqorilaydi, deb hisoblanmoqda. Global kompaniyalar 150 kunlik muddat ichida strategiyalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldmoqda.
Ayni paytda Kongress global bojlar bo‘yicha umumiy ruxsat bermagan. Prezident vaqtincha vositalardan foydalanmoqda, biroq uzoq muddatli siyosat Kongress tomonidan tasdiqlanishi lozim. Bu esa AQSHda siyosiy parokandalikni kuchaytirmoqda, chunki tijorat va sanoat guruhlari yangi bojlar siyosatini to‘liq qonuniy asosda ko‘tarishni talab qilmoqda.
Shuni yoddan ko‘tarmaslik lozimki, ushbu qarorlar faqat AQSH bozorlariga ta’sir ko‘rsatmaydi — bu global savdoda ham jiddiy silkinishlarga olib keladi. Dunyoning birinchi raqamli iqtisodiga ega davlatning o‘zi ustunlik qilayotgan bu yo‘nalishdagi qarorlari xalqaro maydondagi har bir ishtirokchiga ta’sir qiladi. Xalqaro kompaniyalar o‘z narxlash strategiyalarini yangilaydi, so‘nggi 5 oyda amal qiladigan bojlar oqibatida tovarlar zanjiri qayta tuziladi, yangi tarif rejalariga, yirik investitsiyalarga qiziqish susayadi. Qaysidir ma’noda kelgusi 150 kunda jahon bozorini “katta magnitudadagi zilzila” kutmoqda.
Live
Barchasi