Britaniya Qatarga qiruvchi samolyotlar jo‘natmoqda

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer mamlakat Qatarga to‘rtta qiruvchi samolyot yuborishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu qaror mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash va mudofaa operatsiyalarini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan. Ayni paytda AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari davom etmoqda. Bu haqda “BBC” xabar berdi.

Starmer shuningdek, Britaniya fuqarolarini Yaqin Sharqdan olib chiqish bo‘yicha birinchi evakuatsiya reysi yo‘lga chiqqanini tasdiqlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 4 ming nafar britaniyalik vataniga qaytgan. Biroq mintaqada 140 mingga yaqin Britaniya fuqarosi borligi hisobga olinsa, bu hali juda kichik ulush ekani ta’kidlanmoqda.

Bosh vazir shu bilan birga Qirollikning Eronga qarshi ilk harbiy zarbalarda ishtirok etmaganini ham izohlagan. U AQSH samolyotlariga mamlakat bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagan qarorini himoya qilib, “mening asosiy vazifam — vazmin va xotirjam rahbarlikni ta’minlash”, deya urg‘ulagan.

Ayni paytda mintaqadagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Tehronda bir necha kun davom etgan zarbalardan keyin vayronagarchiliklar kuzatilmoqda. Isroil harbiylari ham Eron tomonidan yangi hujumlar amalga oshirilganini ma’lum qilgan. BAA hukumati esa bir kunda olti raketa va 131 ta dronni yo‘q qilganini, bir raketa va oltita dron mamlakat hududiga tushganini qayd etgan. Shuningdek, Qatar va Bahraynda portlashlar, Ozarbayjon esa ikki eron droni hujumi haqida xabar qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili Majid al-Ansori Eron hujumlari yuzasidan o‘tkazilgan brifingda Eron allaqochon qizil chiziqlarni kesib o‘tgani va bu hujumlar javobsiz qolmasligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Britaniya Starmer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing