Britaniya muzlatilgan Rossiya aktivlarining bir qismini Ukrainaga o‘tkazishga tayyor

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning muzlatilgan 8 milliard funt sterling (10,6 milliard dollar) aktivlarini Ukrainaga o‘tkazishga tayyor. Bu haqdda “The Times” xabar berdi.

Bu pul Ukrainaning keyingi ikki yildagi moliyaviy ehtiyojlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini qoplaydi – yo mojaroni davom ettirish yoki tinchlik kelishuviga erishilsa, qayta qurish ishlarini moliyalashtirish uchun.

3 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Ukrainani moliyalashtirish uchun Buyuk Britaniyadagi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish rejalari muhokama qilingandi.

Oktyabr oyida e’lon qilingan Buyuk Britaniya Moliya vazirligining 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha boshqarmasi (OFSI) ma’lumotlariga ko‘ra, Britaniya hukumati harbiy operatsiya boshlanganidan beri Rossiyaning 28,7 milliard funt sterlinglik aktivlarini muzlatib qo‘ygan. O‘tgan yil davomida umumiy qiymat 10,2 milliard funt sterlingdan 22,5 milliard funt sterlinggacha o‘sdi.

3 dekabr kuni Yevrokomissiya vakillari Ukrainani moliyalashtirishning ikkita variantini, jumladan, Rossiya aktivlari bilan ta’minlangan “reparatsiya krediti”ni tasdiqladi. Ushbu qaror Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarning roziligini talab qilmaydi va malakali ko‘pchilik tomonidan ma’qullanadi. Variantlardan biri dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqiga a’zo emas, lekin Fransiya va Germaniya bilan birgalikda Yevropa tinchlik tashabbusini ishlab chiqmoqda. Mamlakat, shuningdek, Ukrainadagi potensial tinchlikparvarlik missiyasida ishtirok etishga tayyor bo‘lgan 30 dan ortiq davlatlarning, birinchi navbatda, Yevropaning ittifoqi – “ko‘ngillilar koalitsiyasi” tarkibiga kiradi va muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydi. YeI singari London ham Rossiyaga qarshi cheklovlarni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘zining sanksiyalar siyosatini yuritadi.

“Politico” Yevrokomissiya tomonidan tasdiqlangan hujjat tafsilotlarini oshkor qildi. U Ukrainaga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalangan holda 165 milliard yevro miqdorida kredit berishni taklif qilmoqda. Bu mablag‘ blokdagi xususiy bank hisoblarida muzlatilgan 25 milliard yevro, shuningdek, Belgiyaning “Euroclear” depozitariysidan olingan 140 milliard yevroni o‘z ichiga oladi.

Belgiya, “Euroclear” va Yevropa Markaziy banki rejani “qonuniy va moliyaviy jihatdan xavfli” deb hisoblab, unga qarshi chiqmoqda.

Moskva Rossiya aktivlari bilan bog‘liq har qanday harakatlar uchun qattiq javob choralari haqida ogohlantiradi va bunday harakatlarni “o‘g‘irlik” deb biladi. Prezident Vladimir Putin avvalroq Rossiya qarshi choralar paketini ishlab chiqayotganini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun yevroobligatsiyalar chiqarish imkoniyatini rasman inkor etdi. Bu qadam Yevropa Ittifoqini Kiyevga 165 milliard yevro kredit ajratish uchun muzlatilgan Rossiya davlat aktivlarini qanday yo‘l bilan ishlatish masalasi hal bo‘lmasa, amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy “B reja”siz qoldiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Putin Britaniya hukumati Ukraina urushi Rossiya aktivlari NATO reparatsiya krediti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing