Britaniya O‘zbekistondagi 4 ta kompaniyaga sanksiya kiritdi
Olam
−
14:13 4934 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga O‘zbekistondagi to‘rtta kompaniya va bir tadbirkorni kiritdi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy saytida e’lon qilingan hujjatda so‘z boradi.
Buyuk Britaniya sanksiya rejimini yangilash doirasida ro‘yxatga 24 ta yangi shaxs va tashkilotni qo‘shgan. Barcha figurantlarga mamlakat hududidagi bank hisobvaraqlarini muzlatish, shuningdek, qo‘shimcha moliyaviy va biznes cheklovlari joriy etilishi belgilangan.
Hujjatda keltirilishicha, cheklovlar ostiga Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International, Raw Materials Cellulose kompaniyalari, shuningdek, Toshkentda tug‘ilgan Rustam Mo‘minov tushgan.
Eng qat’iy choralar Farg‘ona kimyo zavodiga nisbatan qo‘llangan. Buyuk Britaniya rasmiylari korxonaning moliyaviy aktivlarini muzlatgan hamda unga nisbatan trast (ishonchli boshqaruv) xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqlagan. London versiyasiga ko‘ra, mazkur zavod Ukraina suverenitetini izdan chiqarishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan mahsulot yoki texnologiyalarni yetkazib bergan bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Sanksiyalar Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan Gelion Business Trade kompaniyasiga ham tatbiq etilgan. Hujjatda qayd etilishicha, ushbu firma Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga xizmat qiluvchi tovarlar yetkazib berishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Xuddi shunday asoslar bilan Navoiy viloyatida joylashgan Chemistry International qo‘shma korxonasi hamda Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan Raw Materials Cellulose tashkilotiga nisbatan ham cheklovlar joriy etilgan.
Sanksiyalar ro‘yxatining alohida bandi Rustam Mo‘minovga bag‘ishlangan. U Toshkentda tug‘ilgan bo‘lib, hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston, Isroil va Rossiya pasportlariga ega. Britaniya tomoni uni vaziyatni beqarorlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan moliyaviy resurslar yoki xizmatlarni ta’minlaganlikda gumon qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rustam Mo‘minov nomi Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketida ham tilga olingan edi. YeI hujjatlarida u Farg‘ona kimyo zavodining paxta sellyulozasini Rossiyaning mudofaa korxonalariga yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgani, ushbu sellyuloza u yerda porox ishlab chiqarishda qo‘llangani qayd etilgan. Biroq o‘shanda hujjatlarda Mo‘minov O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega ekani ko‘rsatilgan edi.
Live
Barchasi