YeI Ukrainaga 90 mlrd yevro beradigan bo‘ldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan qurolli tajovuzga qarshi kurashda mamlakatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuv uchun Yevropa yetakchilariga minnatdorlik bildirdi. U bugun, 19 dekabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Yevropa Ittifoqi sammitida qabul qilingan qarorni “muhim qo‘llab-quvvatlash”, deb atab, u Ukrainaning bardoshliligini mustahkamlashini ta’kidladi.

“Yevropa Ittifoqi yetakchilarining 2026–2027 yillarda Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish haqidagi Yevrokengash qarori uchun barchaga minnatdorman. Bu haqiqatan ham bardoshliligimizni kuchaytiruvchi jiddiy yordamdir. Rossiya aktivlarining muzlatilgan holda qolishi va Ukraina yaqin yillar uchun moliyaviy xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishi muhim. Bu natija va birdamlik uchun rahmat. Birgalikda qit’amizning kelajagini himoya qilyapmiz”, deb yozdi Zelenskiy.

YeI mamlakatlari ko‘p oylik ixtiloflardan so‘ng jumaga o‘tar kechasi Ukrainaga keyingi ikki yilda moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murosaga erishdi. Germaniya kansleri Fridrix Mersning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Yevropa Ittifoqidan 90 milliard yevro miqdorida foizsiz kredit oladi. YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlariga hozircha tegilmaydi, ammo agar urushdan so‘ng Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lamasa, kreditni qoplashda aynan shu muzlatilgan mablag‘lardan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Germaniya kansleri Fridrix Mers erishilgan kelishuvni dastlabki taklifiga to‘liq mos kelmasligiga qaramay, “katta muvaffaqiyat” deb atadi. U avvalroq, asosan, Belgiyada joylashgan Rossiya Markaziy banki mablag‘larini to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlatib, 210 milliard yevrogacha kredit ajratish tarafdori bo‘lgan edi, biroq Belgiya huquqiy va siyosiy xatarlar yuqoriligini bildirganidan so‘ng, Fransiya va Italiya kabi davlatlar qarshiligi tufayli bu reja amalga oshmadi.

“Yevropa nima xavf ostida ekanini angladi va o‘z suverenitetini namoyish qildi. Biz Yevropaning eng katta xavfsizlik tahdidiga qat’iy qarshi turyapmiz. Bu Rossiya tajovuzi bo‘lib, u allaqachon Ukrainaga qarshi urush doirasidan chiqib ketgan”, dedi kansler Bryusselda taxminan 18 soatlik muzokaralardan keyin. 

Uning aytishicha, 90 milliard yevro Ukraina ehtiyojlari – harbiy va byudjet xarajatlarini – yaqin ikki yilda qoplash uchun yetarli. To‘lovlar esa allaqachon yanvar oyida boshlanishi mumkin.

Belgiya Bosh vaziri Bart de Vever ham kelishuvni muvaffaqiyat deb atadi. 

“Ukraina yutdi, Yevropa yutdi, moliyaviy barqarorlik yutdi”, dedi u. 

Uning fikricha, agar YeI kelishuvsiz Bryusselni tark etganida, Yevropa o‘z geosiyosiy ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lar edi va bu “to‘liq falokat”ga aylanardi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qabul qilingan qarorni “eng realistik va amaliy” deb baholadi. Shu bilan birga, Kremlga yaqin qarashlari bilan tanilgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban kelishuvni “urush uchun yo‘qotilgan kredit” deb atadi. Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta esa YeIning maqsadi urushni cho‘zish emas, balki Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishish ekanini ta’kidladi.

Sobiq yuqori lavozimli nemis diplomati Volfgang Ishinger esa Yevropa yetakchilari erishgan murosa YeIga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi, deb hisoblaydi. U “Deutschlandfunk” radiosiga bergan intervyusida Ukraina zarur yordamni olganini, ammo bu Yevropa Ittifoqining dunyo sahnasidagi qat’iyatli va samarali o‘yinchi sifatidagi imijiga zarar yetkazganini aytdi. Uning fikricha, YeI hali-hamon mustaqil harakat qiluvchi emas, balki boshqalarga ergashuvchi tuzilma sifatida ko‘rinib qolmoqda.

Moskvada esa Yevropa Ittifoqi qaroriga nisbatan ijobiy munosabat bildirildi. Rossiya delegatsiyasi rahbari Kirill Dmitriyev Telegram’da “qonun va sog‘lom aql hozircha ustun keldi”, deb yozdi. U Bryussel qarorini “urush qo‘zg‘atuvchilari”ga, jumladan, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenga berilgan jiddiy zarba deb atadi.

Dmitriyevning ta’kidlashicha, “YeI ichidagi kam sonli sog‘lom fikrli ovozlar hozircha Rossiya rezervlarini Ukrainaga yordam sifatida qonunsiz ishlatishning oldini oldi. Qonun va sog‘lom aql hozircha g‘alaba qozondi”.

Rossiya avvalroq bunday harakatlarni davlat mulkini “o‘g‘irlash” deb baholashini va javob tariqasida g‘arb aktivlarini, jumladan, xususiy investorlar va kompaniyalar mablag‘larini musodara qilish bilan tahdid qilgan edi.

Keyinroq Dmitriyev X tarmog‘ida fon der Lyayen, Mers va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer muvaffaqiyatsizlikka uchraganini yozdi. 

“Butun dunyo hozir siz boshqalarni qonunni buzishga majbur qila olmaganingizni ko‘rdi”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy EI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing