Britaniya va Germaniya Eronga qarshi urushda Isroilga yordam bermoqchi

Olam

image

NATO davlatlari amalda Eronga qarshi operatsiyaga qo‘shilayotganliklarini e’lon qilmoqda. Xususan, Britaniya va Germaniya Isroilga yordam ko‘rsatish uchun o‘z kuchlaridan foydalanishga tayyor ekanliklarini e’lon qildi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer hukumati e’lon qilgan xabarda aytilishicha, Britaniya Harbiy-havo kuchlari samolyotlari va Harbiy-dengiz kuchlari kemalari Eron raketalari hamda dronlarini tutib qolish uchun qo‘llaniladi. Germaniya kansleri Fridrix Mers idorasining ma’lum qilishicha, Germaniya ham xuddi shunday yo‘l tutmoqchi.

Ushbu xabarlar bir tomondan AQSH va Isroil, ikkinchi tomondan Eron o‘rtasidagi navbatdagi o‘zaro zarbalar to‘lqini fonida yangradi. Eron raketalari yana Amerika aviabazalari tomon uchmoqda, shu bilan birga Yamandagi husiylar ham Eronga yordam bermoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda Yamandan ham Isroil tomon dronlar uchirilgan.

Qayd etish joiz, Britaniya va Germaniyaning “Isroilni himoya qilish” operatsiyasiga qo‘shilishi Isroil Eronning qat’iy javob choralari sifatida yo‘llayotgan barcha zarbalar to‘lqiniga yakka o‘zi qarshilik ko‘rsata olmayotganidan dalolat berishi mumkin, ayniqsa agar urush uzoq davom etadigan bo‘lsa.

Shu bilan birga, Dubaydan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozetto u yerdan uchib keta olmayapti. Dubay aeroporti yopilgan, Eron BAA hududidagi Amerika harbiy ob’ektlariga hujum qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil va AQSHning Eronga uyushtirgan hujumlarini qoralab, Islom Respublikasi tomonidan mintaqa davlatlaridagi nishonlarning o‘qqa tutilishini “qabul qilib bo‘lmas” deb atagan edi. 

AQSH–Isroil–Eron urushi

Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh–Isroil–Eron urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing