Bishkekda Eronni qo‘llab-quvvatlovchi miting bo‘lib o‘tadi
Olam
−
02 mart 6054 4 daqiqa
Ertaga, 3 mart kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Eron xalqi bilan birdamlik belgisi sifatida tinch miting-rekviyem o‘tkaziladi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Tashkilotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarolik faollari Eron Islom Respublikasi xalqiga, AQSH va Isroilning harbiy tajovuzi oqibatida halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirish va ularni qo‘llab-quvvatlashni niyat qilgan.
“Eron favqulodda xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 28 fevraldan boshlab Eronda 555 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, ularning 170 nafari maktab o‘quvchi qizlaridir. Halok bo‘lganlar orasida Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiy, yuqori martabali generallar va harbiy xizmatchilar, shuningdek, oddiy fuqarolar bor. Shuningdek, 100 ga yaqin bola jarohatlangani xabar qilinmoqda”, deyiladi xabarda.
Miting tashkilotchilari aksiya faqat tinch va insonparvarlik xarakteriga ega ekanligini ta’kidlamoqda. Uning maqsadi – halok bo‘lganlar xotirasini yod etish, jabrlanganlarga hamdardlik bildirish va tinch aholi fojiasiga e’tibor qaratishdir.
Faollar, shuningdek, Eronni tashqi bosimga ochiqchasiga qarshi turgan hamda xalqaro huquq doirasida o‘z suvereniteti, fuqarolar xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilayotgan davlat sifatida qarashlarini qayd etgan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi eskalatsiya mintaqaviy mojaro doirasidan chiqib ketgan va xalqaro munosabatlarning kengroq inqirozini aks ettirmoqda. Bu inqiroz Eron bilan bevosita yaqinlikda bo‘lgan va umumiy chegaralarga ega Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz mamlakatlari uchun bevosita xavf tug‘diradi.
Miting ishtirokchilari rekviyemni qayg‘u va birdamlik muhitida, zo‘ravonlikka chaqiriqlarsiz, harbiy harakatlarni to‘xtatish, tinch aholini himoya qilish va xalqaro huquqqa rioya qilish zarurligiga urg‘u bergan holda o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Aksiya o‘tkaziladigan sana va joy: Qirg‘izistondagi Eron elchixonasi darvozasi oldida soat 13:00 da.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi