Britaniyada 700 yil oldingi qotillik fosh etildi

Olam

image

Buyuk Britaniyada kriminalistlar 700 yil avval sodir etilgan qotillikni fosh etdi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Criminal Law Forum” ilmiy jurnalida chop etildi.

Ma’lum qilinishicha, 1337 yilning 3 may kuni kechqurun London markazidagi gavjum Chipsayd ko‘chasida ruhoniy Jon Ford o‘ldirilgan. Oradan qariyb 700 yil o‘tib, Kembrij universiteti tadqiqotchilari jinoyat sabablari, buyurtmachi va ijrochilarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Bu ish kriminolog Manuel Aysnerning “O‘rta asr qotillik xaritasi” loyihasining bir qismi hisoblanadi. Tadqiqot davomida u XIV asrga oid London, York va Oksford shaharlaridan olingan 355 ta hisobotlarini tahlil qilgan.

XIV asrda London qirollikning eng yirik shahri bo‘lib, aholisi 60-80 ming kishini tashkil etgan. Bu muhim savdo markazi kuchli hunarmandlar gildiyalari nazorati ostida edi. Yorkda 10-15 ming aholi yashagan bo‘lib, u Shimoliy Angliyaning asosiy shahri va rivojlangan to‘qimachilik savdosiga ega edi. Oksford esa faqat 6 ming aholiga ega bo‘lgan kichikroq shahar bo‘lsa-da, universiteti tufayli muhim mavqega ega edi.

Aynan Londonda o‘sha davrning eng mashhur qotilliklaridan biri sodir bo‘lgan. Jon Ford ibodatdan keyin Chipsayd bo‘ylab ketayotganida unga boshqa bir ruhoniy – Haskap Nevill yaqinlashib, suhbatga boshlaydi. Ular birga taxminan 200 metr yurganidan so‘ng, Fordga to‘rt nafar erkak hujum qiladi. Ulardan biri 30 santimetrli xanjar bilan uning tomog‘ini kesadi, yana ikkitasi qorin sohasiga pichoq bilan zarba beradi. Hujumchilardan biri Ela Fitzpayn ismli yuqori martabali ayolning ukasi Xyu Lovell, yana ikkitasi uning sobiq xizmatkorlari va Jon ismli bir shaxs bo‘lgan.

Zamonaviy tadqiqotchilarning aniqlashicha, jinoyat sababi 1332 yilgi voqealarga borib taqaladi va shaxsiy qasos bilan bog‘liq. O‘sha yili Ela Fitzpayn turli jinsiy aloqalarda, jumladan Jon Ford bilan bo‘lgan munosabatda ayblanadi. Jazoga ko‘ra, unga har yili yetti yil davomida Salisburiya soboridan yalangoyoq yurish buyuriladi.

Qotillikdan so‘ng surishtiruv boshlanadi. Ammo faqatgina bitta qotilga nisbatan rasmiy ayblov qo‘yiladi, qolganlar, jumladan buyurtmachi va boshqa ishtirokchilar sir saqlanadi. Ela Fitzpayn, uning ukasi va boshqa jinoyatchilar sud oldida javob bermay qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Ogayo shtatida yashovchi shaxsga deyarli 50 yil oldin sodir etilgan qotillikda ayblov ishi e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Buyuk Britaniya Oksford

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing