Jilovlanmas Britaniya: Buyuk Britaniya Bosh vaziri yana almashishi mumkin
Tahlil
−
21 may 4537 10 daqiqa
Buyuk Britaniya bosh vazirga yolchimadi. Tereze Mey, Boris Jonson, Liz Trass, Rishi Sunak va endi navbat Kir Starmerga keldi, ehtimol.
Yuqorida sanab o‘tilgan dastlabki to‘rt shaxs o‘zining qonuniy 5 yillik vakolat muddati tugamasidanoq, iste’fo berishga majbur bo‘lgan. Britaniya siyosiy tizimida Bosh vazirlar parlament yoki o‘z partiyasi oldida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas’ul bo‘lgani sababli, siyosiy bosim ostida muddatidan oldin ketish so‘nggi yillarda “urfga kirdi” deyish mumkin. Bugun Britaniya hukumati atrofida sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatar ekanmiz, sobiq imperiyani hech kim mudom jilovlay olmayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Britaniyaning obro‘sini bir muncha tiklagan deb qaralgan Kir Starmerning ham “kursisi qimirlamoqda” va bu ba’zi tahlilchilarda inglizcha demokratiyaning kamchiligi degan fikrlarni paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Britaniyada bosh vazir qanday saylanadi?
Ma’lumingizki, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi (Buyuk Britaniya yoki Britaniya) rasmiy jihatdan parlamentar monarxiya hisoblanadi. Davlatning oliy rahbari qirol yoki qirolicha sanalsada, amalda “boshqaruv chambaragi” bosh vazir qo‘lida hisoblanadi. Shu sabab ham ushbu lavozim kursisida kim o‘tirgani har bir Britaniya fuqarosi uchun muhimdir. Mamlakatda fuqarolar bosh vazirni bevosita saylamasada, uning hokimiyatga kelishida ishtirok etadi. Saylovda har bir ma’muriy birlik o‘z deputatini, parlamentdagi vakilini saylaydi. Jami 650 ta deputatlik o‘rni bo‘lib, qaysi partiya bu o‘rinlarning ko‘pchiligini (eng kamida 326 tasini) qo‘lga kiritsa, o‘sha partiya hukumatni shakllantiradi. Partiya rahabri esa, avtomatik ravishda bosh vazir bo‘ladi. Muhim jihati shundaki, bosh vazir lavozimiga kelish qanchalik qiyin bo‘lsa, bu o‘rinni boy berish shu qadar oson. Ko‘p hollarda, agar yuritilayotgan siyosat fuqarolarga (xalqqa) yoki parlamentga yoqmasa, siyosiy bosim orqali amaldagi Bosh vazir o‘z xohishi bilan istefoga chiqishi mumkin. Shundan so‘ng, partiya ichida qayta saylov bo‘lib o‘tadi va kim g‘olib chiqsa, o‘sha bosh vazir bo‘ladi.
Starmer aynan shu xavf ostida turibdi. Hududiy saylov natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, uning hokimiyati “qil ustida” turibdi.
Brexit botqog‘ida g‘arq bo‘lgan Tereza Mey
2016 yil 13 iyul. Devid Kameron Britaniya rahbarligidan ketdi. Sabab oddiy edi – u Britaniyani Yevropa Ittifoqida qoldirishni xohlagan, referendum esa, aksincha natija bergan. Uning o‘rniga Konservatorlar partiyasida ichki tanlov o‘tkazildi va Ichki ishlar vaziri Tereza Mey yangi bosh vazir bo‘ldi. U Margaret Tetcherdan keyin Britaniyaning ikkinchi ayol rahbari edi.
Mey lavozimga kelganda bir jumlali dastur e’lon qildi: “Brexit — Brexit. Va biz undan muvaffaqiyatli chiqamiz”. Yevropa Ittifoqining iqtisodiy badallaridan charchagan fuqarolarga bu qisqa, ammo ishonchli maqsad yoqadi.
2017 yil 29 mart sanasida Britaniya rasman Yevropa Ittifoqidan chiqish jarayonini boshladi. Mey o‘z mavqeini mustahkamlash maqsadida 2017 yil 8 iyunda muddatidan oldin parlament saylovini o‘tkazdi. Sotsiologik so‘rovlar unga oson g‘alaba va’da qilgan edi. Ammo hisob-kitob noto‘g‘ri chiqdi, konservatorlarning parlamentdagi soni 330 tadan 317 taga kamaydi va Konservatorlar parlamentdagi mutloq ko‘pchilik o‘rinlarini yo‘qotishdi. Natijada, Mey Shimoliy Irlandiyaning Demokratik yunionchilar partiyasi (DUP) bilan koalitsiya tuzishga majbur bo‘ldi.
2018–2019 yillarda esa, Brexit bo‘yicha muzokaralar uning hukumatini deyarli falaj holatga olib keldi. Mey Bryussel bilan chiqish shartnomasini kelishib oldi, biroq Britaniya parlamenti bu kelishuvni ketma-ket uch marta rad etdi. Muammo shundaki, Mey ikki tomonning ham ishonchini qozonolmadi. Brexit tarafdorlari uni haddan tashqari yumshoq siyosatda ayblasa, ittifoq tarafdorlari esa, umuman Brexit’ning o‘ziga qarshi edi. Bu Britaniya tarixidagi eng katta parlament mag‘lubiyatlaridan biri bo‘ldi.
2019 yil 24 may, Mey o‘z iste’fosini ko‘zlarida yosh bilan e’lon qildi.
“Menga ishonch bildirganingiz va xizmat qilish imkoniyatini berganingiz uchun tashakkur. Bu orzu va imkoniyatlar mamlakati va umid qilamanki, ayol bosh vazirni ko‘rgan har bir yosh qiz endi o‘zi erisha oladigan narsalarning chegarasi yo‘qligini aniq biladi”, degan edi u.
Boris Jonson
2019 yil 24 iyulda Konservatorlar partiyasining ichki saylovlarida g‘alaba qozongan Boris Jonson Britaniyaning bosh vaziri bo‘ldi. U ham Brexit’ni amalga oshirishga va’da berdi.
2019 yil dekabrda Jonson umumiy saylovda 80 o‘rinlik ustunlik bilan g‘alaba qozondi. 2020 yil 23 yanvarda Brexit to‘g‘risidagi qonun parlament tomonidan tasdiqlandi. Yevropa parlamenti ham olti kun o‘tib bu qarorni ma’qulladi. Jonson o‘z va’dasining ustidan chiqdi. Hamma uni olqishlar, uning obro‘si oshib ketgan edi. Ammo, keyin pandemiya boshlandi va hamma narsa ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi.
2021 yil noyabr oyida matbuotda bosh vazirning karantin qoidalariga rioya qilmagan holda yarshirin ziyofatlar o‘tkazib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu voqea “Partigeyt” – “Ziyofat janjali” deb nom oldi. Jonson dastlab hamma ayblovlarni inkor etgan bo‘lsa-da, jamoatchilik bosimi uni tekshiruvlar o‘tkazilishiga rozi bo‘lishiga majbur qildi.
Oxir-oqibat esa, u 50 funt sterling jarima to‘ladi va qonunni buzganligi uchun rasmiy jazolangan birinchi amaldagi bosh vazirga aylandi.
Ushbu voqealardan so‘ng, obro‘si tushib ketgan Boris Jonsonning bu “kursida” o‘tirishi hech kimga yoqmas edi. 2022 yil iyun oyida 54 ta konservativ deputat Jonsonning iste’fosini talab qilib rasmiy murojaat yubordi. Ammo ichki saylovlar natijasidagi qisqa farq tufayli Jonson o‘z lavozimini saqlab qoldi. Biroq jamoa undan allaqachon yuz o‘girgan edi. 2022 yil 5 iyul kuni hukumatning eng muhim ikki shaxsi – Moliya vaziri Rishi Sunak va Sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid jonli efirda iste’fo berishini e’lon qildi. Bu zanjirli reaksiyani boshlab yubordi. Bor-yo‘g‘i 72 soat ichida hukumatning 62 nafar a’zosi (vazirlar va mas’ul shaxslar) Jonsonga norozilik sifatida lavozimidan ketdi.
7 iyul kuni soat 12:30 da Jonson rasmiy ravishda iste’fosini e’lon qildi.
45 kun
2022 yil 5 sentyabrda Liz Trass Konservatorlar partiyasining yangi lideri etib saylandi. 6 sentyabrda u qirol Yelizavetta II ning tayinlovi bilan bosh vazir lavozimini qabul qildi. Ammo oradan ikki kun o‘tib, 8 sentyabrda 96 yoshli qirolicha Yelizavetta II olamdan o‘tdi. Mamlakatda rasman 10 kunlik motam e’lon qilindi. Siyosiy hayot butunlay muzlatildi. Parlament majlislari to‘xtatildi, siyosiy partiyalar o‘zlarining saylovoldi yoki targ‘ibot kampaniyalarini bekor qilishdi, hukumat qonun loyihalarini qabul qilishni kechiktirdi.
Motam davri tugagach, u o‘zining bosh iqtisodiy rejasini amalga oshirishga kirishdi. 23 sentyabrda moliya vaziri Kvasi Kvarteng tomonidan parlamentda soliqlarni keskin kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish rejalari bayon etildi. Trass bu rejani Brexit bergan erkinliklardan foydalanish deb talqin etdi. Ammo bozor bunga boshqacha reaksiya bildirdi. Funt sterling dollarga nisbatan rekord darajada tushib ketdi, davlat qarzlari keskin ko‘tarildi.
Bir kun o‘tib, Angliya Markaziy banki bozorni barqarorlashtirish uchun 65 milliard funt sterling miqdorida qimmatli qog‘ozlar sotib olishga majbur bo‘ldi.
Trass dastlab o‘z rejasini himoya qildi, ammo siyosiy va jamoatchilik bosimi uni xatosini tan olishga majbur qildi. 14 oktyabrda Kvarteng AQSHdan shoshilinch chaqirib olindi va lavozimidan bo‘shatildi – u atigi 38 kun moliya vaziri bo‘ldi. Uning o‘rniga Jeremi Xant tayinlandi. Xant lavozimga kelishi bilan deyarli barcha “mini-byudjet” choralarini bekor qildi.
19 oktyabrda ichki ishlar vaziri Suela Braverman ham iste’foga chiqarildi. Bir hafta ichida ikkita yirik vazirning ketishi Trassning ichki obro‘siga ham jiddiy ta’sir qildi. Partiya ichidagi bosimlarga chidolmagach, 20 oktyabr kuni Trass Dauning-strit (Downing Street) oldida chiqib, iste’fosini e’lon qildi. Shu tariqa jami 45 kun bosh vazir kursisida o‘tirgan Liz Trass Britaniya tarixida ushbu lavozimga eng qisqa muddat egalik qilgan shaxs sifatida qoldi.
Hind rahbar
Britaniya siyosatida ikki oy ichida ikki bosh vazir almashdi. Boris Jonson iyulda ketdi, Liz Trass ham 45 kun o‘tib, ketishga majbur bo‘ldi. Mamlakatga barqarorlik kerak edi. Shunday fursatda 25 oktyabr kuni qirol Charlz III Rishi Sunakni bosh vazir lavozimiga tayinladi. Kelib chiqishi hind bo‘lgan 42 yoshli yangi bosh vazir Britaniyani qiyin iqtisodiy holatdan qutqarishi kerak edi. U bosh vazirlikka kelganida Britaniya siyosati allaqachon holdan toygan edi. Brexit ortidan kelgan iqtisodiy bosim, inflyatsiya, migratsiya muammosi va konservatorlarning ketma-ket mojarolari jamiyatni holdan toydirgandi. Mamlakatda Konservatorlar partiyasiga nisbatan ishonch tushib ketgan, siyosiy maydon esa, xaos holatida edi.
Sunak davridagi eng katta va eng bahsli masalalardan biri – immigratsiya bo‘ldi. Ayniqsa, noqonuniy migrantlarning La-Mansh bo‘g‘ozi orqali qayiqda Britaniyaga kirib kelishi hukumatda qator muammolarga sabab bo‘lardi. Konservatorlar elektorati qat’iy choralar talab qilar, muxolifat esa hukumatni inson huquqlarini buzishda ayblardi. Shu vaziyatda Sunak boshchiligidagi hukumat boshpana izlovchilarni Afrikadagi Ruanda davlatiga yuborish rejasini ilgari surdi. Bu esa, o‘z navbatida Britaniya tarixidagi eng tortishuvli migratsion tashabbuslardan biriga aylandi. 2024 yil 17 yanvar kuni parlament ushbu qarorni tasdiqlagan bo‘lsa-da, bu siyosat o‘zini oqlamadi.
Vaziyatni o‘nglash uchun 2024 yil 22 may kuni Dauning-stritda yomg‘ir ostida turib, 4 iyul kuni muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini rasman e’lon qildi.
Ammo saylov kutilgan natijani bermadi. Saylov natijalariga ko‘ra, Konservatorlar partiyasi 14 yillik hokimiyatni qo‘ldan boy berdi. Sunak o‘rniga Kir Starmer boshchiligidagi Leyboristlar partiyasi keldi.
Starmer boshi uzra qora bulutlar
Leyboristlar partiyasi parlamentdagi 650 o‘rindan 412 tasini qo‘lga kiritdi. Kir Starmer bosh vazir bo‘ldi. Ammo bu g‘alaba ko‘p o‘tmay og‘irligini yo‘qota boshladi. Kir Starmer hokimiyatga katta umidlar bilan kelgan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida u ham jiddiy siyosiy bosim ostida qoldi. Immigratsiya masalasi hal bo‘lmayapti, yashash xarajatlari inqirozi davom etmoqda, ijtimoiy nafaqalarni qisqartirish siyosati esa, oddiy aholining noroziligini kuchaytirib yubordi. Hukumatning chiqargan qarorlarining tez-tez bekor qilinishi Starmer kabinetini qat’iy strategiyaga ega bo‘lmagan, zaif hukumat sifatida ko‘rsata boshladi.
So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, Starmer ham hali vakolat muddati tugamasidanoq istefoga chiqishi mumkin. 7 may kuni mamlakat bo‘ylab mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Leyboristlar 35 dan ortiq mahalliy kengashlarda hokimiyatni boy berdi va qariyb 1500 ta deputatlik o‘rnini yo‘qotdi. Agar bu natijalar butun mamlakat bo‘yicha hisoblansa, partiya bor yo‘g‘i 17 foiz natija qayd etdi deyish mumkin. Hatto leyboristlar 100 yil yetakchi bo‘lgan Uelsda ham bugun konservatorlar, hatto partiya lideri o‘z o‘rnini yo‘qotdi – bu Britaniya tarixida hech bo‘lmagan holat edi.
Partiya ichida ham ahvol yaxshi emas, Starmerga nisbatan ishochsizlik ortib bormoqda. To‘rt kichik vazir allaqachon lavozimini tashlab ketdi. Bosh vazir esa, mahalliy saylovlardagi mag‘lubiyat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi va yangi siyosiy yo‘nalishlarni e’lon qildi.
“Kecha aytganimdek, men ushbu saylov natijalari uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman va biz va’da bergan o‘zgarishlarni amalga oshirish majburiyatini ham o‘z zimmamga olaman”, – dedi Starmer.
Britaniya nega bosh vazirlarini saqlay olmayapti?
Agar Kir Starmer yaqin kunlarda Dauning-stritni tark etsa, Brexit’dan beri Britaniyada bosh vazirning o‘rtacha lavozimda qolish muddati atigi 2 yilga tushadi. Xo‘sh, nega bosh vazirlar bu qadar tez-tez almashmoqda?
Britaniya siyosatini o‘rganuvchi olim Ben Uordi bu holatni uch omil bilan izohlaydi: muvaffaqiyatsizlik, deputatlar bilan munosabatning yomonlashuvi va siyosiy maydonning parchalanishi.
Mey, Jonson, Trass va Sunak – to‘rtovining ham umumiy tomoni bor edi. Ularning barchasi bir partiyaning vakili bo‘lib, siyosiy inqirozni meros qilib olgan holda hokimiyatga kelgan. Ular umumiy saylovlarda g‘alaba qozonmagan, fuqarolarning qo‘llovi orqali hokimiyatga kelmagan, balki o‘z o‘tmishdoshlarining xatolarini tuzatish uchun tayinlangan rahbarlar edi. Starmer esa, aksincha – u saylovda g‘alaba qozonib keldi. Ammo u ham o‘zidan oldingilarning yo‘lidan bordi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunga yana bir sabab – Britaniya deputatlari orasida tarqalgan anarxik kayfiyat, liderga nisbatan tanqidiy qarash. Leyboristlar partiyasining o‘zida ko‘plab deputatlar Starmerning siyosatiga ishonchsizlik bilan qaraydi, uning dasturi yaxshiroq bo‘lgani uchun emas, Sunak ma’muriyatidan norozilar ko‘p bo‘lgani uchun g‘alaba unga nasib etganiga ishonishadi. Qish mobaynida beriladigan yoqilg‘i nafaqasini bekor qilish va nogironlar uchun ijtimoiy to‘lovlarni qisqartirish kabi qarorlar deputatlarning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi.
Buyuk Britaniyadagi siyosiy inqiroz – demokratiyaning inqirozimi degan savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Chindan ham demokratiya aslida turli, qarama-qarshi fikr o‘rtasidagi raqobatga asoslanadi. Shu sabab ham demokrat rahbar barchaning umumiy manfaatini topishga harakat qiladi. Ammo ko‘p hollarda mutlaq muvofiq variant bo‘lmagani tufayli qarorlar nisbiy olib qabul qilinadi va aynan shu nuqtada e’tirozlar paydo bo‘lishi tabiiy. Agar tomonlar bir-birini raqib emas, dushman deb ko‘rishni boshlasa hokimiyat zaiflashadi, deputatlar xatolarni tuzatishga emas, mutlaq g‘alaba qozonishga intiladi. Buyuk Britaniya esa, mana shunday siyosiy inqiroz bo‘sag‘asida turibdi.
Live
Barchasi