Britaniyalik bokschi 33 yilgacha qamalishi mumkin
Sport
−
06 noyabr 2233 2 daqiqa
Britaniyalik bokschi Ross Kitchen Istanbulda taksi haydovchisiga shafqatsizlarcha hujum qilgani uchun Turkiyada 13 yildan 33 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda “Haberler” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, hodisa joriy yilning 25 aprel kuni sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan sud esa 4 noyabr kuni Istanbul 18-og‘ir jinoyatlar sudi binosida bo‘lib o‘tgan. Sudda ayblanuvchi Ross Kitchen, jabrlanuvchi Qodir Bicher va har ikki tomonning advokatlari ishtirok etgan. Ayblanuvchi Kitchen o‘zini himoya qilib, ruhiy holatini vaj qilib ko‘rsatdi:
“Menda vahima xurujlari bor. Turkiyaga kelishdan oldin ham o‘zimni yomon his qilardim. O‘sha paytda meni o‘g‘irlab ketishyapti deb o‘yladim. Shuning uchun hujum qildim. Maqsadim talonchilik emas edi”, deydi u.
Taksi haydovchisi Qodir Bicher esa sudda voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi.
“U yo‘lda qo‘limni tishladi, ko‘zimga barmoqlarini tiqdi, bo‘ynimni siqdi. Men mashinani to‘xtatdim, u meni yerga yiqitib, boshimga bir necha marta tepdi. Hozir ko‘zim shikastlangan, sog‘lom hayotimni davom ettira olmayman. Har kecha baqirib uyg‘onaman”, dedi jabrlanuvchi.
Bicherning so‘zlariga ko‘ra, hujumdan so‘ng uning cho‘ntagidagi 45 yevro va 60 ming liraga yaqin naqd puli ham yo‘qolgan.
Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, Ross Kitchen “yomon niyat bilan tan jarohati yetkazish” va “malakali talonchilik” moddalari bo‘yicha sud qilinmoqda. Videoyozuvlar orqali aniqlanishicha, bokschi jabrlanuvchiga bir necha marta zarba bergan va voqea joyidan qochishga urinmagan.
Sud hay’ati sudlanuvchini hibsda saqlashni davom ettirishga qaror qildi va keyingi sud majlisiga qadar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash uchun vaqt berildi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr