“Burningni suqma”. Makron Lukashenkoga telefon qilib, urushga aralashmaslikka chaqirdi
Olam
−
25 may 10921 1 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqotda uni Ukrainadagi mojaroga aralashmaslikka chaqirdi. Bu haqda TF1 telekanali xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Makron Lukashenkoga Belarusning Yevropa bilan munosabatlarini yaxshilash uchun zarur choralarni ko‘rishni ham taklif qilgan.
Belarus rezidenti matbuot xizmati telefon suhbati Fransiya tomoni tashabbusi bilan bo‘lib o‘tganini ma’lum qilgan.
“Davlat rahbarlari mintaqaviy muammolar hamda Belarusning Yevropa Ittifoqi va xususan Fransiya bilan munosabatlarini muhokama qildi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Makron va Lukashenko oxirgi marta 2022 yil 26 fevral kuni, Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyasi” boshlanganidan ikki kun o‘tib telefon orqali muloqot qilgan edi.
May o‘rtalarida Rossiya va Belarus qo‘shma yadro mashg‘ulotlarini o‘tkazgan. Rossiya Mudofaa vazirligi mashg‘ulotlarda 64 ming harbiy xizmatchi, 7800 dona harbiy va maxsus texnika, 200 ta raketa qurilmasi, 140 dan ortiq uchish apparati, 73 ta harbiy kema va 13 ta suvosti kemasi ishtirok etganini ma’lum qilgan.
21 may kuni Aleksandr Lukashenko Belarus faqat o‘z hududiga tajovuz bo‘lsa urushga tortilishini aytgan edi. Shuningdek, u Vladimir Zelenskiyni uchrashuv o‘tkazib, Belarus–Ukraina munosabatlarini muhokama qilishga chaqirgan.
Live
Barchasi