Prezident qurilish sohasidagi byurokratiya va korrupsiyani tanqid qildi
Jamiyat
−
14 aprel 4151 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasida byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 14 aprel kuni bo‘lib o‘tayotgan uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochgan.
Yig‘ilishda 500 dan ziyod developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar ishtirok etmoqda.
Dunyoda qurilish industriyasi shiddat bilan o‘zgaryapti, sohaga zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va standartlar kirib kelmoqda. Shu ma’noda, davlat rahbari mamlakatdagi qurilish tizimi bugungi o‘zgarishlarga qanchalik mosligi, soha rahbarlari zamon talab qilayotgan tezkorlik va sifat bo‘yicha mas’uliyatni his qilayotgani, seysmologiya va zilzilabardoshlik bo‘yicha xavflarni inobatga olib, yangi yechimlar ishlab chiqilayotgani borasida savollar ko‘pligini bildirgan.
Tadbirkorlik uchun yiliga 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metrli bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs berilmoqda. Lekin yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichda to‘siqlarga uchrayotgani qayd etildi.
Prezident tadbirkorlarning hali aktivga aylanmagan yeriga soliq, kreditiga foiz hisoblanayotgani, lekin byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotganini tanqid qilgan.
Shu bois, soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari olingan. Yig‘ilishda ushbu taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, so‘nggi to‘qqiz yilda 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonalari ish boshladi, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta, 100 milliard so‘mdan o‘tgan 365 ta yirik kompaniyalar paydo bo‘ldi. Loyiha tashkilotlari 2 mingdan, ulardan xalqaro sertifikat olganlari 650 dan oshdi.
Qurilishda ruxsat berish bosqichi 3 karra, muddati 4 karra qisqardi, 420 ta shaharsozlik norma va qoidalarini birlashtirish, eskilarini bekor qilish hisobiga 140 ta yangi shaharsozlik norma va qoidalari tasdiqlandi.
Mazkur ishlar natijasida o‘tgan davrda 210 million kvadrat metrli bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Qurilish ishlari hajmi 2016 yilda 30 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 314 trillion so‘mga yetdi.
Bugun qurilish, qurilish materiallari va ularga yondosh sohalarda 3,5 million aholi band.
Live
Barchasi