“Chelsi” futbolchisi “prava”siz mashina haydagani uchun jazolandi
Sport
−
11 dekabr 786 1 daqiqa
Londonning “Chelsi” jamoasining ukrainalik vingeri Mixail Mudrik litsenziyasiz mashina boshqargani uchun bir yilga mashinani boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ukrainalik futbolchini Londonda mashina oynalari haddan tashqari qoraytirilgani uchun politsiyachilar to‘xtatib qolishgan. Tekshiruv natijasida uning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, Mudrikning BMW M8 uchun sug‘urtasi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Bu esa Buyuk Britaniya qonunlariga zid hisoblanadi.
Mudrik ishi Uxbridge Magistrates sudida ko‘rib chiqilgan. U avtomashinani litsenziyasiz boshqargani va sug‘urtasiz transport vositasidan foydalanganini tan olgan.
Natijada ukrainalik futbolchi bir yilga mashinani boshqarish huquqidan mahrum qilinishdan tashqari, 60 soatlik majburiy jamoat ishlariga hukm qilingan va qo‘shimchasiga 199 funt sterling miqdorida jarimaga jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Chelsi” klubi yana bir futbolchisi Uesli Fofana Angliya yo‘llarida 9-marta haydovchilik qoidalarini buzgani uchun 300 soatlik jamoat xizmatiga hukm qilingan edi.
Live
Barchasi