“Cho‘qintirgan ota” filmi yulduzi vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
17 fevral 10504 3 daqiqa
“Oskar” mukofoti sohibi, “Cho‘qintirgan ota” filmi yulduzi Robert Dyuval joriy yilning 15 fevral kuni 96 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning rafiqasi Lusiana Dyuval o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Kecha biz sevimli turmush o‘rtog‘im, aziz do‘stim va zamonamizning eng buyuk aktyorlaridan biri bilan xayrlashdik. Bob o‘z uyida, mehr va g‘amxo‘rlik qurshovida olamdan o‘tdi. Butun dunyo uchun u “Oskar” mukofoti sovrindori, aktyor, rejissyor va hikoyanavis edi. Men uchun esa u hamma narsa edi”, deb yozgan Lusiana Dyuval.
Dyuvalning qo‘pol, tabiiylikka yaqin aktyorlik uslubi butun bir avlod san’atkorlari ijodiga ta’sir ko‘rsatgan – bu avlod vakillari qatoriga Robert De Niro, Dastin Xoffman va Jin Xekmen kiradi. Robert Dyuval San-Diyegoda AQSH Harbiy-dengiz kuchlari kontr-admirali oilasida tug‘ilgan. U Prinsipi kollejini tamomlagan va armiyada xizmat qilgan. Harbiy xizmatdan so‘ng Nyu-Yorkdagi Neighborhood Playhouse teatr maktabiga o‘qishga kirgan.
Dyuvalning katta ekrandagi debyuti 1962 yilda suratga olingan “Masxarabozni o‘ldirish” filmida qo‘rqinchli Strashila Redli rolini ijro etish bilan boshlangan. Biroq, uning aktyorlik faoliyati darhol yuksalib ketmagan: 1960 yillarda u asosan ikkinchi darajali rollar bilan cheklangan. 1969 yilda Dyuval Frensis Ford Koppolaning “Yomg‘ir odamlari” filmida suratga tushgan. Bir yil o‘tib, u “Harbiy-dala gospitali” kartinasida Frenk Byorns rolini ijro etgan.
Dyuval faoliyatidagi haqiqiy burilish 1972 yilda ekranlarga chiqqan “Cho‘qintirgan ota” filmidan so‘ng yuz bergan. Unda u maslahatchi Tom Xagen rolini o‘ynagan va bu rol unga ilk bor “Oskar” mukofotiga nominatsiya olib kelgan. Keyinchalik u “Cho‘qintirgan ota 2” filmida ham Xagen obraziga qaytgan.
1976 yilda u “Tarmoq” filmida prodyuser rolini ijro etgan, uch yil o‘tib esa “Qiyomat bugun” kartinasida polkovnik Kilgor obrazini yaratgan. Kichik, ammo yodda qolarli ushbu rol unga ikkinchi bor “Oskar” nominatsiyasini olib kelgan.
Shundan so‘ng u “Buyuk Santini”, Robert De Niro bilan birga suratga olingan “Iqrornoma sirlari” va “Nafis mehr” filmlarida bosh rollarni ijro etgan. So‘nggi film uchun u yana “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
2003 yilda u “Qotilona tango” kartinasiga rejissyorlik va ssenariynavislik qilgan, 2014 yilda esa kichik Robert Dauni bilan birga “Sudya” filmida bosh rolni ijro etgan. Bu rol Dyuvalga yettinchi bor “Oskar” nominatsiyasini taqdim etgan.
Uning so‘nggi ishlaridan biri Netflix’ning mistik trilleri – “Barcha narsani ko‘ruvchi ko‘z” filmidagi roli bo‘ldi. Kartinada Kristian Beyl va Garri Melling ham suratga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbek teletomoshabinlariga “Achchiq yolg‘on” serialidagi Xayriya va “Qashqirlar makoni”dagi Semra Aymar rollari bilan tanilgan aktrisa Nevin Efe 78 yoshida vafot etgandi.