Daniya terma jamoasining sobiq murabbiyi vafot etdi

Sport

image

Norvegiyalik taniqli futbol murabbiyi, Daniya terma jamoasining sobiq bosh ustozi Oge Xareyde miya saratoni bilan qisqa muddatli kurashdan so‘ng 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Ni news” nashri xabar berdi.

Oge Xareydega joriy yilning iyul oyida miya saratoni tashxisi qo‘yilgan edi. Uning kasalligi faqat noyabr oyida jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng u o‘g‘lining yordami bilan sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanini ochiq tan olgan edi.

Xareyde 2016–2020 yillarda Daniya terma jamoasini boshqargan. U Morten Olsenning o‘rnini egallab, nisbatan pragmatik o‘yin uslubi bilan Daniyani 2018 yil Rossiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatiga olib chiqqan. Shuningdek, u Daniya terma jamoasini Yevro-2020 turniriga ham yo‘llanma bilan ta’minlagan. Biroq koronavirus pandemiyasi sabab musobaqa 2021 yilga ko‘chirilgani tufayli u final bosqichida jamoani boshqara olmagan.

Oge Xareyde Daniya terma jamoasi bilan 40 ta xalqaro uchrashuvda atigi uch mag‘lubiyat qayd etgan.

Ma’lumot uchun, qariyb 40 yillik murabbiylik faoliyati davomida Oge Xareyde Daniya Superligasining “Brondbyu” klubida ham ishlagan. Biroq 2002 yil bahorida rafiqasiga saraton tashxisi qo‘yilgach, u lavozimini tark etishga majbur bo‘lgan.

Shuningdek, u Norvegiya va Islandiya terma jamoalarida, klublar darajasida esa Norvegiyaning “Molde”, “Viking”, “Rusenborg”, Shvetsiyaning “Helsingborg”, “Malmyo” va “Ergryute” jamoalarida murabbiylik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiyaning “Radnichki 1923” jamoasi bosh murabbiyi, 44 yoshli bosniyalik mutaxassis Mladen Jijovich milliy chempionat doirasidagi “Mladost Luchani”ga qarshi o‘yin davomida yurak xurujidan vafot etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

vafot etdi Daniya Oge Xareyde

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing