Daniya ilk bor AQSHni milliy tahdidlar qatoriga kiritadi – OAV
Olam
−
10 dekabr 1779 2 daqiqa
Daniya birinchi marta AQSHni milliy tahdidlar qatoriga kiritmoqchi. Bu haqda “Berlingske” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bunday xulosa Daniya harbiy razvedkasi tomonidan tayyorlangan yangi tahdidlarni baholash hisobotida keltirilgan. Hisobot yaqin kunlarda rasman e’lon qilinishi kutilmoqda. Hujjatda AQSH ilk bor Daniya uchun tahdidlar qatorida salbiy manba sifatida tilga olingan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hisobotda AQSH endilikda o‘zining iqtisodiy va texnologik qudratini, jumladan, ittifoqchilar va hamkorlarga ta’sir ko‘rsatish vositasi sifatida qo‘llayotgani qayd etilgan. Xabar qilinishicha, AQSH bilan birga Rossiya va Xitoy ham Daniya xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, nashr Daniya harbiy razvedkasi rahbari Tomas Arenkilning so‘zlariga tayanib, Kopengagen hanuzgacha Vashingtonni o‘zining eng kuchli ittifoqchisi va Yevropa xavfsizligining kafolati deb hisoblashini yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Daniya AQSHni Grenlandiyani ajratishga urinishda ayblagan edi. O‘shanda Daniya razvedkasi Grenlandiya “turli xil ta’sir kampaniyalariga” duchor bo‘layotganini bildirgan.
May oyida esa Tramp AQSH Grenlandiyani egallab olish uchun kuch ishlatishi mumkinligini ham istisno qilmagan. Biroq u anneksiyadan so‘ng orol aholisiga “mehr bilan” munosabatda bo‘lishini va’da qilgan. Ayni paytda Grenlandiyada AQSHning Pituffik harbiy bazasi mavjud bo‘lib, u yerda 200 nafar amerikalik harbiy xizmat qiladi va F-35 qiruvchi samolyotlari joylashtirilgan. Ushbu baza ballistik raketalarni uzoq masofadan aniqlash tizimining muhim elementi hisoblanadi, shuningdek, Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi eng qisqa havo yo‘li shu yerdan o‘tadi.
“Bloomberg” manbalarining yozishicha, Tramp Grenlandiyaga bo‘lgan qiziqishini u yerdagi boy tabiiy resurslar bilan ham izohlagan: orolda oltin, olmos, uran va elektronika hamda harbiy texnika ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan nodir yer metallari konlari mavjud.
Live
Barchasi