Zeromax’ning Gulnora uchun olmoslari, Trampga 100 milliardlik va’da, zaharli Toshkent, suvdan quruq chiqqan Rahmonov – Hafta tahlili
Tahlil
−
15 noyabr 9057 11 daqiqa
O‘zbekistonning AQSH bilan munosabatlari iliqlashib bormoqda. Qator siyosatchilar, xususan, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonaton Xenikning ta’biri bilan aytganda Toshkent-Vashington o‘rtasidagi munosabatlar o‘zining tarixan eng yuqori darajasiga chiqqan.
O‘zbekiston rahbarining sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assableyasining 80-sessiyasi doirasida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazgan uchrashuvi, unda ikki mamlakat o‘rtasida 105 milliard AQSH dollarilik shartnomalar imzolangani, Tramp O‘zbekiston 8 milliard dollarga 22 ta “787 Dreamliner” samolyotini xarid qilishini e’lon qilgani va O‘zbekiston rahbari 7 ta urushga yakun yasagani uchun AQSHlik mavqedoshini Nobel mukofotiga loyiq ko‘rgani bilan esda qolgan edi. Mirziyoyev va Trampning navbatdagi uchrashuvi o‘zini uzoq kuttirmoqda. Bu safar C5+1 formatidagi yig‘inda ishtirok etish Vashingtonga borgan Mirziyoyevning Oq uyda Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muloqotidan so‘ng, yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim tarmoqlariga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritishi ochiqlandi. Donald Trampga ko‘ra, bu mablag‘lar AQSH iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlariga – nodir minerallar, aviatsiya, avto ehtiyot qismlar, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari hamda boshqa sohalarga yo‘naltiriladi.
Xo‘sh, O‘zbekistonda buncha pul qaydan? Dunyodan 72 milliard AQSH dollari qarzi bo‘lgan, YAIM endigini 100 milliard dollardan oshgan O‘zbekiston buncha pulni nima uchun AQSH iqtisodiga kiritmoqcha. Tramp tomonidan e’lon qilingan bu raqamlar haqida rasmiy Toshkent miq etgani yo‘q, izoh ham berilmadi.
O‘zbekiston rahbarining Oy uyda mehmon bo‘lganidan bir hafta o‘tib esa, Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilayotgani xabar qilindi. Prezident 12 noyabr kuni shu mazmundagi farmonni imzoladi. Maqsad – O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-investitsiyaviy va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish.
Farmon bilan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga O‘zbekiston tomonidan Kengashni boshqarish, uning tarkibini, uning reglamentini va faoliyati tartib-taomillarini tasdiqlash vakolati beriladi.
Kengash strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalari ishlab chiqilishi va kelishilishini muvofiqlashtiradi, shuningdek, ular amalga oshirilishini doimiy monitoring qiladi. Tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi, mamlakatning investitsiya portfelini, shu jumladan, O‘zbekiston Markaziy banki valyuta zaxirasining bir qismini va boshqa aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar kiritadi. Uning ofisi AQSHda joylashadi.
Qolaversa, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi kiritilmoqda. Maslahatchi-elchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish, shuningdek, faoliyati reglamentini tasdiqlash Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Maslahatchi-elchi o‘z faoliyatida Prezident Administratsiyasi rahbariga hisobdor va mamlakatning AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.
Farmonda AQSHdagi elchixona xodimlarini ko‘paytirish, bir oy muddatda AQSH hududida qo‘shimcha konsulliklar ochish xususida ham so‘z borgan. Farmon qabul qilingan kunning o‘zidayoq Prezidentning to‘ng‘ich qizi, Administratsiya rahbari, Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi hamraisi Saida Mirziyoyeva AQSHning Yuta shtati Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi oqsoqoli Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan uchrashdi. Unda Prezidentning Tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov, Prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov ham ishtirok etgan. Bu Sardor Umurzoqovning bunday uchrashuvlarda Saida Mirziyoyeva bilan birinchi bor ko‘rinish berishi.
Zeromax va Gulnora Karimova. Shveysariya sudi asr bankrotligi sirlarini ochib berdi
Shveysariyada Zeromax kreditorining Ernst & Young auditorlik kompaniyasiga qarshi da’vosi davom etmoqda. Federal Oliy sudi EY kompaniyasining Shveysariyadagi filialiga Zeromax auditiga oid hujjatlarni taqdim etishni buyurdi. Ushbu qaror milliardlab jarimaga olib kelishi va kompaniyaning obro‘siga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Ish besh yildan beri davom etmoqda. Auditor shubhali bitimlarga ko‘z yumib, ijobiy hisobotlar berib, Zeromax’ning moliyaviy ahvoli to‘g‘risida kreditorlarni chalg‘itishga yordam berganlikda ayblanmoqda.
“Tippinpoint” nashrining yozishicha, sud EY Schweiz’ga keng doiradagi hujjatlarni oshkor qilishni buyurgan, jurnalistlar buni “o‘zbek “malikasi” Gulnora Karimova atrofidagi moliyaviy trillerning yangi sahifasi” deb atagan.
1999 yilda Delaver shtatida (AQSH) tashkil etilgan Zeromax konglomerati O‘zbekistonda o‘nlab sanoat tarmoqlarida aktivlarga ega bo‘lib, 2010 yilda to‘satdan bankrot deb e’lon qilindi va aktivlari 2,56 milliard dollar hamda majburiyatlari 4,12 milliard dollarni tashkil qildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, uning haqiqiy aktivlari atigi 6,66 million Shveysariya frankini tashkil etgan, 191 kreditorning umumiy talablari esa 5,6 milliard Shveysariya frankidan oshgan. Bu Shveysariya tarixidagi ikkinchi yirik bankrotlik bo‘ldi.
Kreditorlar orasida Germaniyaning kichik firmalari va kommunal xizmatlaridan tortib, O‘zbekiston neft va gaz kompaniyalari va Rossiya quvurlari konsorsiumigacha bor. Ular orasida hattoki Zeromax’ning 22,7 million frank qarzi bo‘lgan sobiq “Bunyodkor” yulduzi Rivaldo ham bor.
2019 yilda Amerikaning Lion Point Capital to‘siq fondi Zeromax’dan qarzlarni undirish huquqini qo‘lga kiritdi va auditorni beparvolikda ayblab, EY Schweiz’ni sudga berdi.
“Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Zeromax’ning bankrot bo‘lishidan oldingi yillardagi xarajatlari biznes bilan bog‘liq emas edi. 2006-2007 yillarda kompaniya hashamatli tovarlarga 13 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan, shundan 2 million dollari Jenevada Christian Dior butikiga ketgan. 2008-2009 yillarda u zargarlik buyumlariga yana 25 million dollar, shu jumladan Graff Diamonds’da 6 million dollar sarfladi.
Zeromax O‘zbekistonning birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan bog‘lanadi, lekin u buni rad etgan. Biroq, u kompaniya tomonidan sotib olingan zargarlik buyumlarining kamida bir qismini ishlatgani haqida dalillar mavjud. 2016 yilda Shveysariya politsiyasi sud qaroriga binoan Karimovaning Jenevadagi Lombard Odier bankidagi seyflarida tintuv o‘tkazgan, u yerda zargarlik buyumlari, jumladan, qiymati 2,5 million dollarlik Boucheron brilliant uzuklari topilgan. Tergovchilar uni Zeromax to‘laganini aniqladi.
“Financial Times” tomonidan ko‘rib chiqilgan politsiya hujjatlariga ko‘ra, zargarlik buyumlarining sobiq egasi xaridor Gulnora Karimovaning o‘zi ekani va xarid uchun mablag‘ Zeromax bilan bog‘liq bank hisobvarag‘idan kelganini bildirgan
Ushbu faktlarga qaramay, EY Schweiz kompaniyaga “toza” audit hisobotlarini taqdim etdi. 2007 yildan 2010 yilgacha u Zeromax auditori bo‘lib qoldi, lekin hisobotlarni nashr etishni to‘xtatdi.
Quinn Emanuel advokatlik firmasi sudda kreditorlarni himoya qilib, Ernst & Young’dan 1 milliard dollar tovon talab qilmoqda. Federal sud auditorning shikoyatini rad etib, unga Zeromax bilan bog‘liq barcha hujjatlarni oshkor qilishni, 25 ming frank sud xarajatlarini to‘lashni va da’vogarlarga 30 ming frank tovon to‘lashni buyurdi.
Auditorlik kompaniyasi sud qarorini bajarishini tasdiqladi. Huquqiy ekspertlarning ta’kidlashicha, bu holat Shveysariya uchun auditorlik javobgarligi bo‘yicha muhim pretsedent bo‘lishi mumkin.
Endi narkojinoyatchilar og‘irroq jazolanadi
O‘zbekistonda narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilmaslik yoki jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik tartibi joriy etiladi. Bu Prezidentning joriy yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalariga asosan shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod etilishi yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilishi mumkin. Biroq, narkojinoyat sodir etgan shaxslar bilan bunday amaliyot qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, endi O‘zbekistonda har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki uni jalb qilgan holda sodir etish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qayd etiladi, shuningdek, ularni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ularga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish uchun jazo 2 baravarga og‘irlashtiriladi hamda aynan ushbu joylarda voyaga yetmaganlarni mazkur moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Endi narkotiklarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, narkojinoiy uyushma yoki g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi va ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
O‘zbekistonda narko jinoyatlar yil sayin ortib bormoqda. 2020 yilda 6032 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilgacha bu raqam teng baravardan ortiqqa oshib, 12278 tani tashkil etgan. Ularning 3167 tasi yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, har uchinchi narkojinoyatchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ekani aytilmoqda. Qolaversa, bundan besh yil avval narko jinoyatlarda ayollar ulushi atigi bir necha foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni uch barobarga ko‘paygan.
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markaziga ko‘ra, ilgari asosan opiatlar va an’anaviy narkotik moddalar xavf tug‘dirgan bo‘lsa, bugun sintetik moddalar va internet orqali savdo kanallari birinchi o‘ringa chiqmoqda. Mefedron, spayslar, A-PVP va yashirin narkolaboratoriyada ishlab chiqarilgan boshqa sintetik narkotik moddalarning ulushi tez suratda o‘sib bormoqda. Ularni ishlab chiqarish arzonroq, tashish osonroq va ta’siri kuchliroq. Aynan shu sababli sintetik moddalar an’anaviy opiatlar va kannabisni siqib chiqarmoqda.
Shu bilan birga, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishi ham kuchaygan. Pregabalin, sibutramin va tropikamid kabi faqat retsept asosida sotilishi lozim bo‘lgan dori vositalari qaramlikning yangi shakliga aylangan. Faqat so‘nggi uch yil ichida ularni musodara qilish miqdori bir necha barobarga oshgan. Bu dorilarning ko‘pi internet va dorixonalar orqali sotilib kelinmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolingan. Ammo jamoatchilik, faollar Hukumatni giyohvand moddalarning savdosi, aylanmasi va mamlakatga kirib kelishi bilan bog‘liq holatlarga nisbatan kurashni sust olib borishda ayblab keladi. Ayniqsa, sintetik giyohvand moddalarning savdosi ortib borayotgani, ba’zi joylarda uni tashish va sotish, iste’mol qilish emin-erkin ekani, huquq-tartibot organlari yetarli darajada choralar ko‘rmasligi tanqid qilinadi.
Toshkentda yana havo ifloslanish darajasi oshdi
10 noyabr kuni IQAir hisoboti bo‘yicha poytaxt Toshkent dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi.
Shuni kuni Toshkent havosida mayda PM 2,5 mikrochang miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yillik PM 2.5 bo‘yicha tavsiya etilgan me’yoridan 40 baravar yuqori bo‘lgan. Ayni o‘sha kunlarda O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi poytaxt aholisi hamda mehmonlaridan ehtiyot choralarini ko‘rishni, ochiq havodagi faoliyatni qisqartirishni so‘radi va tashqariga chiqqanda niqob taqishni tavsiya etdi.
Havo ifloslanishi bo‘yicha mamlakatdagi matlaq rekord Andijonda qayd etildi. 11 noyabr kuni Toshkent va Andijon shaharlarida havodagi zararli chang miqdori me’yordan ancha ortib ketdi.
Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi avtomatik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, Andijonda 11 noyabr kuni ertalab PM 10 mayda zarrachalarining miqdori 502 mkg/m3 ni tashkil etgan va yillik ruxsat etilgan me’yordan 1 barobar oshgan. Biroq, bu me’yor O‘zbekistongagina xos.
PM 2,5 mayda dispersli zarrachalarining tarkibi 314 mkg/m3 ni tashkil etgan hamda yillik ruxsat etilgan me’yordan 8,9 barobar oshgan. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobi bo‘yicha esa bu raqam belgilangan me’yordan bir necha o‘n baravar yuqori.
Havoning bu qadam ifloslanishi bilan bog‘liq holat nafaqat Toshkent va Andijon shaharlarida, balki respublikaning deyarli barcha hududlarida kuzatildi. Mutasaddilar, ekologiya vazirligi holatga aniq izoh berib, ko‘rilayotgan choralar haqida bayonot e’lon qilmadi. Faqat vazirlik odamlar nafas olishga qiynalgan ushbu haftada atmosferaga go‘yo zarar yetkazayotgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 106 ta xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani, 58 ta issiqxona xo‘jaligiga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilganini aytib chiqdi. Bildirilishicha, ularda zararli kimyoviy, fizik va biologik ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar havoga chiqarilgan
Toshkent shahar hokimligining hech qanday faktlarni keltirmay, ekspertlar xulosalariga asoslanmay aytishicha, Toshkentda havo sifati sezilarli darajada yomonlashi Toshkent shahri va poytaxtga bevosita yaqin joylashgan Toshkent viloyati hududidagi issiqxona xo‘jaliklari faoliyati tufayli yuz beradi. O‘rtoqlar, qani fakt? Qayerdan oldingiz bu gapni? Kesayotgan daraxtlaringiz, rejasiz qurilishlariningiz, infratuzilmadagi muammolar ortidan kelib chiqqan havo aylanishi darajasi, ko‘llar qurib ketgani, sovuq tushishi bilan issiqlik korxonalaringiz mazutdan foydalanayotgani kabi kamchiliklarni qachon tan olasiz? Qachon? Yoping hamma issiqxonalarni. Qani ertagayoq Toshkentingizda, ha sizning tobora shaxsiylashtirib borayotgan Toshkentingizda havo yaxshilanib qolarmikin? Ana undan keyin ko‘ramiz, bozordagi narx-navo qay ahvolda bo‘larkin.
“Toshkentda havo sifatini buzilishiga yana poytaxt atrofidagi issiqxonalar aybdor qilib ko‘rsatilish boshlandi. Navbatdagi marta muammo yaratayotgan energetiklar qolib, strelka qurbonlarga burib yuborilmoqda.
Energetiklar bo‘yniga issiqxonalarga gazni kafolatli yetkazib berish vazifasi qo‘yilganiga rosa bir oy bo‘ldi. Balki savolni energetiklarga yo‘naltirarmiz?
1984- marta bo‘lsayam qaytaraman. Eksport qilinayotgan va puli oligarxlarning ofshordagi schetlariga oqayotgan gazning uchdan biri O‘zbekistondagi barcha issiqxonalarga butun mavsumga yetib ortadi”, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Shu o‘rinda aytib ketishning fursati. Yodingizda bo‘lsa o‘tgan oy oxirida Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan jami 174 tup daraxt va buta moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani, bu orqali tabiatga 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgandi.
O‘shanda Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev ushbu holat haqida bong urib, daraxtlar Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlanganini aytib chiqqandi.
Ammo daraxtlar qirg‘ini ortidan Rahmonovga hech qanday chora ko‘rilmadi, u yana suvdan quruq chiqdi. 8 noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksning 198-moddasi 2-qismiga (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.
“Qizig‘i, daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov yana suvdan quruq chiqmoqda. Uning o‘rniga topshiriqni bajargan, “tanka”si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob beradigan ko‘rinadi. Mana bu haqiqiy nomardlik”, deydi Rasul Kusherboyev.
Live
Barchasi