Denov sudining sobiq raisi 5 yilga qamaldi
3-sahifa
−
30 iyun 8707 2 daqiqa
Surxondaryo viloyati Denov tuman sudining raisi bo‘lib ishlagan K.M. mast holatda mashina boshqarib, YTH sodir qilgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Sobiq sud raisi o‘tgan yilning 9 mart kuni advokat tanishi bilan YTHga uchragan. Buning oqibatida advokat og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Uning ishi Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, K.M. Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Oliy sudning qo‘shimcha qilishicha, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.
Ma’lumot uchun, K.M. 2021 yilning aprel oyida 5 yil muddatga Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tumani sud raisi lavozimiga tayinlangan va 2024 yil 15 mayga qadar ushbu lavozimda ishlagan. Uning vakolatlari o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha muddatidan oldin tugatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi sudyasi mast holda avtomashinani olib qochgani haqida xabar berilgandi. Biroz vaqt o‘tib esa ushbu sudya lavozimidan ozod qilindi hamda uning sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatildi.
Live
Barchasi