Deputat Nazarboyevning xorijga chiqishini cheklashni taklif qildi
Olam
−
31 dekabr 2025 4373 2 daqiqa
Qozog‘istonda Majlis (parlamentining quyi palatasi) deputati Yermurat Bapi davlat sirlariga ega bo‘lgan sobiq yuqori lavozimli amaldorlarning xorijga chiqishini qonuniy jihatdan cheklashni taklif qildi. U bunday shaxslar qatorida Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevni ham tilga oldi. Bu haqda u joriy yilning 28 dekabr kuni o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozdi.
Ushbu tashabbusga Nazarboyevning yaqinda Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgani sabab bo‘lgan. Deputatning fikricha, bunday safarlar milliy xavfsizlik uchun muayyan xatarlar tug‘dirishi mumkin.
Bapining aytishicha, sobiq prezidentlar, vazirlar va boshqa sobiq amaldorlar ega bo‘lgan davlat sirlari mamlakat uchun xavfsizlik omili hisoblanadi. Shu bois ularning xorijga chiqishini cheklovchi huquqiy to‘siq zarur. Misol sifatida deputat xalqaro amaliyotga, jumladan Xitoydagi cheklovlarga ishora qilgan.
“Shu sababli davlat sirlariga ega bo‘lgan shaxslarning xorijga chiqish imkoniyatini tartibga soluvchi qonun mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur”, deb yozgan Bapi.
U Nazarboyev va Qayrat Kojamjarov kabi shaxslar uchun oldindan “chegara nazorati” yoki “qizil bayroq” o‘rnatishni taklif qilgan. Deputatning aytishicha, sobiq prezidentning Moskvaga safari Qozog‘iston davlat organlari va jamiyatiga bosim sifatida qabul qilinishi mumkin. Keyinroq jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Bapi bu holatda mamlakat uchun siyosiy foyda ko‘rmayotganini ham bildirgan.
“Menga o‘z yurtida, o‘z xalqidan tayanch topa olmagan inson achinarlidir. Endi u mamlakat tashqarisida qo‘llab-quvvatlash izlashga majbur. Bu sobiq prezident uchun fojia”, deydi deputat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Bu Nursulton Nazarboyevning 2025 yilda Putin bilan bo‘lib o‘tgan ikkinchi uchrashuvi bo‘ldi. Ularning avvalgi uchrashuvi joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan edi.
Live
Barchasi