DXX pora olgan mansabdorlarni qo‘lga oldi. Ular orasida sudya ham bor (video)

3-sahifa

image

Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyati hamda Toshkent shahrida korrupsion holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Jumladan, O‘zbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi Chust tumanida yashovchi shaxsga mazkur tumanning “Mustaqillik” MFYdagi 6 sotix yer maydonida joylashgan, qurilishi tugallanmagan bahsli noturar binoga egalik huquqini beruvchi hal qiluv qarorini chiqarib berish evaziga 3200 dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda hakamlik sudi sudyasi ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi O‘zbekiston tumanidagi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jalikning naslchilik toifasiga o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtirib bergani evaziga mazkur xo‘jalikning ish boshqaruvchisidan 500 dollar olgan vaqtida ushlandi. Dastlabki surishtiruv tadbirlari davomida bosh mutaxassis ushbu pul mablag‘ini boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirildi va mazkur mansabdor shaxs 300 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shu bilan birga, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida buxgalteriya xizmatlari ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari 2 fuqaroning ishonchiga kirib, ularni o‘zi buxgalteriya ishini olib borayotgan korxonalarning go‘yoki ishchi xodimi bo‘lgani haqida soxta ma’lumotlar kiritish orqali ish stajlarini ko‘paytirib, har biriga 2,5 mln so‘mdan pensiya tayinlanishini “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Pastdarg‘om tuman bo‘limi xodimi bilan hal qilib, nafaqaga chiqarib berish evaziga 2000 dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda MCHJ rahbari kelishilgan puldan 1900 dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasining 2 nafar bo‘lim boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda qurilish firmasi tomonidan Bo‘zsuv kanali hududiga to‘kilgan chiqindi tuproqlar uchun 60 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanishi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va kelgusida rahnamolik qilish evaziga tamagirlik yo‘li bilan 30 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati va Toshkent shahrida Bojxona va Soliq qo‘mitalarining xodimlari pora olayotganida ushlangandi. Surxondaryo viloyati Termiz tuman sudining sudya yordamchisi esa 800 dollar pora bilan qo‘lga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya DXX sud'ya hakamlik sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing