“Dunyo yanada xavfli”. Charlz III Oq uyda nimalar dedi? (video)
Olam
−
15:35 2239 3 daqiqa
Qirol Charlz III AQSHga tashrifi chog‘ida Kongressda so‘zlagan nutqida Britaniya va AQSH o‘rtasidagi “maxsus munosabatlar” ahamiyatini ta’kidlab, NATO, Ukraina himoyasi va iqlim inqirozi mavzulariga alohida e’tibor qaratdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Uning nutqi Donald Trampga bilvosita murojaat sifatida qabul qilinmoqda. Charlz AQSHni an’anaviy Yevropa ittifoqlari bilan aloqalarini tiklashga chaqirgan.
“Amerika so‘zlari mustaqillikdan beri doimo ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Bu buyuk mamlakatning harakatlari esa yanada muhim”, deydi u.
Kongressning qo‘shma majlisidagi chiqishi so‘nggi 35 yildagi britaniyalik qirolning ilk nutqi va uning AQSHga to‘rt kunlik davlat tashrifining asosiy qismi bo‘lgan. Hozirda u va qirolicha Kamilla Amerika mustaqilligining 250 yilligini nishonlash tadbirlarida ishtirok etmoqda.
Charlz III ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni maqtab: “Asrlar davomida shakllangan ittifoq haqiqatan ham noyob”, deb e’tirof etgan. Shu bilan birga, u Buyuk Britaniyaning asosiy huquqiy hujjatlaridan biri – Magna Kartaga ishora qilib, “ijro hokimiyatini nazorat va muvozanat tizimiga bo‘ysundirish tamoyili”ni ta’kidlagan.
U o‘z nutqida Ukraina va uning “jasur xalqi”ni qo‘llab-quvvatlashda “qat’iy iroda” zarurligini ta’kidlab, “adolatli va barqaror tinchlik”ka erishishga chaqirgan. Charlz III iqlim inqiroziga qarshi kurash muhimligini ham ta’kidlagan. U AQSHning tabiiy boyliklariga ishora qilib, tabiat inson farovonligi va milliy xavfsizlikning asosi ekanini qayd etgan.
“Biz tabiiy tizimlarning izdan chiqishini e’tiborsiz qoldirsak, bu katta xavf tug‘diradi. Tabiat iqtisodiyoti bizning farovonligimiz va xavfsizligimizning poydevoridir”, deydi u.
Qirol, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlariga ham urg‘u bergan. U yillik 430 milliard dollarlik savdo va 1,7 trillion dollarlik o‘zaro investitsiyalar ikki tomon iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagan.
U NATOning ahamiyatini alohida qayd etib, AQSH qurolli kuchlari va ittifoqchilarining hamkorligi xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini aytgan. Charlz III, shuningdek, Avstraliya bilan tuzilgan AUKUS kelishuvini ham qo‘llab-quvvatlab, uni “tarixdagi eng yirik suvosti kemalari dasturi” deb atagan. Uning aytishicha, bunday hamkorliklar kelajakda xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, bu qirolicha Yelizaveta II 1991 yilda so‘zlaganidan beri Kongressdagi ilk nutq bo‘ldi. Charlz III dunyo “yanada xavfli va beqaror” bo‘lib borayotganini ta’kidlab o‘tgan. Nutq diplomatik ruhda bo‘lib, AQSH va Britaniya hukumatlari o‘rtasidagi ba’zi kelishmovchiliklar ochiq aytilmagan. Jumladan, Britaniyaning Eronga qarshi hujumlarda ishtirok etmagani va savdo siyosati bo‘yicha kelishmovchiliklar shular jumlasidan. Tashrif Oq uydagi tantanali kutib olish marosimi bilan boshlangan. Unda Donald Tramp “amerikaliklarning britaniyaliklardan yaqinroq do‘sti yo‘q” ekanini aytgan.
Biroq ehtiyot chorasi sifatida qirolning Oq uyga borishi ommaga ko‘rsatilmagan, chunki o‘tgan yili Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tashrifi paytida bo‘lgani kabi mojarolardan qochish istalgan.
Kechqurungi davlat ziyofatida esa Charlz III “bugun biz ajralmas ittifoqni yanada mustahkamlash uchun yig‘ildik”, deya qayd etgan. Tramp esa shu tadbirda Eron “harbiy jihatdan mag‘lub etilganini” aytib, uning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan. Ziyofatda qirol Prezidentga Ikkinchi jahon urushi davrida ishga tushirilgan HMS Trump suvosti kemasining qo‘ng‘irog‘ini sovg‘a qilgan.
Kongress rahbarlari ham tashrifni olqishlamoqda. Respublikachilar yetakchisi Jon Tyun “Buyuk Britaniya AQSHning eng muhim ittifoqchilaridan biri”, degan. Demokratlar yetakchisi Chak Shumer esa NATOning ahamiyatini ta’kidlab, ittifoqlar muhimligini eslatgan. Uning aytishicha, bu tashrif AQSH rahbariyati uchun ittifoqchilarning ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya qiroli Charlz III va uning rafiqasi qirolicha Kamilla 19 yildan so‘ng rasmiy tashrif bilan AQSHga borgani haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi