Dunyoning eng boy odami o‘zgardi
Olam
−
11 Sentabr 21436 2 daqiqa
Dunyodagi eng boy odam o‘zgardi – Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskning o‘rnini Oracle asoschisi Larri Ellison egalladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ellisonning boyligi 393 mlrd dollarga yetgan, Maskniki esa 385 mlrd dollar. Bir kunda Ellisonning mulki 101 mlrd dollarga oshgan. Nashr tomonidan e’lon qilingan reyting o‘z tarixi uchun eng katta o‘sish sanaladi. Mask qariyb bir yil birinchi o‘rinda turgan, avvalroq esa u Amazon asoschisi Jeff Bezos va LVMH asoschisi Bernar Arno bilan navbat almashgan. Hozir Bezos to‘rtinchi, Arno esa sakkizinchi o‘rinda.
“Forbes” nashri Ellisonning boyligi o‘sishini 35 foiz deb baholab, uning mulkini 395 mlrd dollar qilib ko‘rsatgan. Biroq bu nashr reytingida Mask hali ham birinchi o‘rinda turibdi.
81 yoshli Larri Ellison Oracle’ni 1977 yili Bob Mayner va Ed Outs bilan birga tuzgan. 37 yil kompaniyaga rahbarlik qilgach, 2014 yilda bosh direktorlikdan ketgan, hozirda esa direktorlar kengashi raisi va texnik direktor. U Oracle aksiyalarining 40 foizdan ortig‘ini nazorat qiladi.
Shuningdek, Paramount Skydance kompaniyasining taxminan 50 foizi unga tegishli. Ellison 2018–2022 yillarda Tesla direktorlar kengashida ham bo‘lgan va hali ham kompaniya aksiyalariga ega.
Uning boyligi Oracle aksiyalari keskin ko‘tarilishi orqali oshdi. Kompaniyaning 2026 moliyaviy yili birinchi choragi hisobotiga ko‘ra, bulutli texnologiyalardan tushum 28 foizga o‘sib 7,2 mlrd dollarga, bulutli infratuzilmadan tushum esa 55 foizga ko‘tarilib 3,3 mlrd dollarga yetgan. Oracle majburiyatlar portfeli 359 foizga o‘sib, 455 mlrd dollarga yetgan. Bunga OpenAI bilan 4,5 GVt quvvatli data-markazlar yaratish bo‘yicha shartnoma va AQSH Prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan Stargate II infratuzilmasi loyihasida ishtirok etishi sabab bo‘lgan.
Ellison Respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydagi Pop Mart o‘yinchoqlar do‘konlari tarmog‘i egasi, “Labubu” o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchisi Van Ning “Bloomber Billionaires Index” reytingida dunyoning eng boy 85-odami bo‘lgandi.
Live
Barchasi