Ekovaziyat jiddiy. Zo‘ravon amaldorlarga kimning kuchi yetadi?
Tahlil
−
25 noyabr 5850 7 daqiqa
O‘zbekistonda atmosfera havosini zaharli tutunlar, ajralmalardan muhofaza qilish, Toshkentdagi zaharli havoni bartaraf etish kun tartibida turibdi. Vaziyat jiddiy va sog‘liqqa o‘ta xavfli. Omillar ko‘p. Albatta, tabiiy changlanish, cho‘llanish, iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, global isish kabi sabablar qarshisida issiqxonalarda ko‘mir, avtomobil shinasi yoqilishi kabi omillar ham mavjud. Daraxtlar qirg‘ini esa ekologiyaga nisbatan eng katta xavf.
Respublikaning katta-yu kichik rahbarlari ekologiya masalasida bosh qashlayotgan bir paytda, Farg‘onada daraxt kesish avjida va tabiatni himoya qilganlarning o‘zi himoyasiz qolmoqda.
Ayni vaqtda Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Axrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xidirov kuch ishlatib, Milliy gvardiya xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketgani shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Aholi murojaatiga asosan, daraxt kesilayotgan joyiga tezkor yetib borgan Ekologiya qo‘mitasi inspektori noqonuniy daraxt kesish holatini aniqlab, uni to‘xtatib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. Uning qonuniy harakatiga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik qilingan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyev Qo‘mita hokim o‘rinbosari va boshqa mas’ul shaxslarning bu harakatini keskin qoralaydi va ularning qonuniy javobgarlikka tortilishi choralarini ko‘rishini bildirdi.
Videodan ko‘rinadiki, Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Axrorjon Niyozovga zo‘rlik ishlatishiga Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimi tomoshabin bo‘lib turgani yetmagandek, hatto, Milliy gvardiyachi ekologni yoqasidan tutgancha olib ketgan. Xo‘sh, buni qanday tushunish mumkin? Qachongacha huquqni muhofaza qilishi kerak bo‘lganlar hokimlarning huquqni buzishiga ko‘makchi bo‘ladi?
Hozircha Milliy gvardiya va Ichki ishlar bu holatga munosabat bildirgani yo‘q.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya masalasiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bir necha farmon va qarorlar imzolandi, Maxsus komissiya tuzildi. Shu vaziyatda siyosatni anglamagan ayrim zo‘ravon amaldorlardan soha xodimlarini faqat Prezident himoya qila olyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi, deb yozilgan. Farmon imzolanganidan bir hafta o‘tgani va mamlakatda ekologiya masalasi kun tartibida turganiga qaramay, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari ekologlarni mensimay, ularga kuch ishlatishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilishi davom etmoqda. Yo ular Prezident imzolagan farmonni o‘qimaydi, yo o‘qisa ham xuddi ularga tegishlimasdek, boshqa respublikada yashaydigandek pinagini ham buzmaydi.
O‘zi bugungacha yetib kelgan achinarli vaziyatimizda ayrim daraxtkush hokimlar va ularning o‘rinbosalari hissasi yaxshigina katta. Eng qizig‘i, Prezident imzolagan hujjat ham ularning daraxtlarni arralash va tabiatni zaharlashga uzatilgan qo‘llarini kalta qilolmayapti.
Maratoriy deyildi, “Yashil makon” deyildi, tabiatni asrash haqida minbarlardan turib tanqid aytildi, natija tabiat himoyachilariga zo‘ravonlik bilan tugayapti.
Shu o‘rinda, bugungi muhim hujjat bilan tanishtirib o‘tsak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjatga muvofiq, poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.
Aslida, daraxt kesish va hokim o‘rinbosari zo‘ravonligi kabi muammolar nafaqat Farg‘ona, balki Toshkent uchun ham begona emas. Toshkent zaharli changga to‘lmasidan bir necha kun avval, joriy yilning oktyabr oyi oxirida Toshkentning Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan jami 174 tup daraxt va buta moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangandi. Ushbu xatti-harakat bilan tabiatga 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgandi.
O‘shanda Rasul Kusherboyev ushbu holat haqida bong urib, daraxtlar Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlanganini aytib chiqqandi.
Ammo daraxtlar qirg‘ini ortidan Rahmonovga hech qanday chora ko‘rilmadi, u yana suvdan quruq chiqdi. 8 noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismiga (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.
“Qizig‘i, daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov yana suvdan quruq chiqmoqda. Uning o‘rniga topshiriqni bajargan, “tanka”si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob beradigan ko‘rinadi. Mana bu haqiqiy nomardlik”, degan edi Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev.
Prezident farmoni bilan tuzilgan maxsus komissiya faoliyatiga to‘xtalsak. Komissiyaga tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish, transportlar harakatini cheklash, atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxona va boshqa ob’ektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish, Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi majburiy bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash, qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan, qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatish vakolati berilmoqda.
Farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80)ni mamlakat hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etilmoqda. Shuningdek, Toshkentda an’anaviy sug‘orish kanallari tarmog‘i – ariqlar tizimini qayta tiklash ishlari boshlanadi.
Maxsus komissiya bir hafta muddatda Toshkent shahrida qurilish uchun ajratilgan 500 kv metr va undan ortiq maydonlarda, ob’ekt umumiy maydonining 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilgani, qurilish maydonlarida suvpurkagichlar o‘rnatilgani, qurilish maydonlarining kirish-chiqish yo‘laklarida avtotransport vositalarining g‘ildiraklarini yuvish hovuzlarining barpo etilgani, qurilish materiallari va maishiy chiqindilarni tashishda transport vositalarining brezent yoki PVX qoplamali materiallardan tayyorlangan, tent yopilgan tarzda harakatlanishi, qurilish maydonining chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativdan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmayotgani bo‘yicha kompleks tukshiruvlar o‘ztkazadi.
O‘rnatilayotgan yangi tartibga ko‘ra, maydoni 1000 kv metrdan ko‘p bo‘lgan qurilish uchastkalarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va uni Ekologiya qo‘mitasiga integratsiya qilish qurilishni davom ettirishning eng asosiy sharti etib belgilanmoqda.
Eng muhim yangilik shu. Bir hafta muddatda poytaxt Toshkent va unga tutash hududlardagi barcha issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shuningdek, Energetika vazirligi bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash bo‘lgan hududlardagi barcha issiqxona ob’ektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etish va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta’minlashi belgilandi.
Farmonga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bir hafta muddatda maydoni 200 kv metr va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki mavjud bo‘lmaganligi uchun ma’muriy jarimalar miqdorlarini yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravarga va jismoniy shaxslarga 3 baravarga oshirish hamda maydoni 200 kv metr va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda yoqilg‘i moddalar, material va chiqindilar (shina, bitum, mazut, ishlatilgan avtomobil moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqishi kerak.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahri va unga tutash hududlarda jami 6517 ta issiqxona ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 2925 tasi faoliyat yuritmaydi. 195 tasida nostandart qozonxonalar mavjud, shundan 53 tasi tabiiy gazga ulangan, 100 tasida filtrlar bor, 1827 tasida filtr yo‘q, 3592 tasi ko‘mirdan foydalanadi.
Xo‘sh, maxsus komissiya ta’sirchan bo‘la oladimi? Natija ko‘rinadimi? Toshkentda havo sifati bir necha kunga emas, mudomga o‘zgaradimi? Hokimlar va ularning o‘rinbosarlari daraxt kesishga qarshi chiqqan ekologlarga kuch ishlatayotgan bir paytda, katta ekologik o‘zgarishlar bo‘lishini kutish to‘g‘rimi? Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzatib boring.
Live
Barchasi