“El Mencho” o‘ldirilishi ortidan AQSH Meksikani tabrikladi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti Meksikadagi yirik narkokartel rahbari Nemesio Osegera Servantesni (laqabi “El Mencho”) o‘ldirilishini “ulkan voqea” deb baholadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau X sahifasida yozib qoldirdi.

Landauning aytishicha, “Xalisko yangi avlodi” karteli rahbari Nemesio Osegera Servantes (laqabi “El Mencho”) eng qonxo‘r va shafqatsiz narkobaronlardan biri bo‘lgan.

Landau X tarmog‘ida bu voqeani Meksika, AQSH, Lotin Amerikasi va butun dunyo uchun katta yangilik deb atagan va Meksika huquq-tartibot idoralarini tabriklagan. Shu bilan birga, u qotillikdan keyingi zo‘ravonliklardan xavotir bildirib, “yomonlar terror bilan javob berishi ajab emas, lekin xotirjamlikni yo‘qotmaslik kerak”, deb yozgan.

Servantes 22 fevral kuni Meksika maxsus kuchlari operatsiyasi vaqtida o‘ldirilgan. Mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, harbiylar hujumga uchragan, otishmada kartelning to‘rt a’zosi halok bo‘lgan, uch kishi og‘ir yaralangan va yo‘lda vafot etgan. Ular orasida Servantes ham bo‘lgan.

Uning o‘limi ortidan kamida to‘qqiz shtatda tartibsizliklar boshlangan. Avtomobillar va do‘konlarga o‘t qo‘yish, yo‘llarni to‘sish holatlari kuzatilgan.

Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum mamlakatning katta qismida vaziyat nazoratda ekanini bildirgan. Shu bilan birga, Rossiya elchixonasi o‘z fuqarolarini Xalisko shtatiga safar qilmaslik va odamlar to‘plangan joylardan uzoq bo‘lishga chaqirgan.

Mahalliy OAVlarga ko‘ra, “El Chapo” laqabli Xoakin Gusman Loera qo‘lga olinganidan keyin Servantes Meksikadagi eng qudratli narkobaronga aylangan. Uning davrida kartel metamfetamin va fentanil savdosida dunyoning 40 ga yaqin mamlakatigacha ta’sirini kengaytirgan.

Guruh 2010 yilda Xalisko shtatida tashkil topgan, keyinchalik esa butun mamlakat bo‘ylab o‘z ta’sirini kengaytirgan. Sobiq politsiyachi bo‘lgan “El Mencho” AQSHga katta miqdorda kokain, metamfetamin va fentanil kontrabandasini amalga oshirgan qudratli jinoiy tuzilmani barpo etgan. AQSH uning joylashuvini aniqlashga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot e’lon qilgan edi.

Meksika Mudofaa vazirligi, shuningdek, operatsiyani tayyorlashda yordam bergan ma’lumotlar AQSH tomonidan taqdim etilganini bildirgan. Reyd davomida zirhli avtomobillar va qurollar, jumladan granatomyotlar musodara qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Klaudiya Sheynbaum El' Mencho El' Chapo Nemesio Osegera Servantes

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing