Elektromobillarga 300 so‘mlik tarif va yangi imtiyozlar beriladi
Jamiyat
−
20:03 599 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2026 yildan elektromobil egalari va “yashil” transportda faoliyat yuritayotgan taksichilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi choralar amalga oshiriladi. Bu tashabbuslar prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida belgilangan.
Joriy yil 1 maydan boshlab elektr quvvatlash shoxobchalarida 1 kV•s energiya uchun to‘lov 300 so‘m etib belgilanadi. Agar amaldagi tarif bundan yuqori bo‘lsa, farqi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Shu orqali elektr transportidan foydalanish xarajatlari sezilarli darajada kamaytiriladi.
1 martdan e’tiboran elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatayotgan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun qator yengilliklar joriy etiladi. Jumladan, ijtimoiy soliq bo‘yicha 10 foizgacha imtiyoz beriladi. Shuningdek, davlat tashkilotlariga qarashli avtoturargohlarda, aeroport va vokzal hududlarida 30 daqiqagacha bepul to‘xtash imkoniyati yaratiladi. Qoidabuzarlik va yo‘l-transport hodisalarisiz 1 million kilometr masofani bosib o‘tgan haydovchilar “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
Quvvatlash infratuzilmasini kengaytirish maqsadida shoxobchalar uchun ajratiladigan yer uchastkalari auksionda bozor bahosidan ikki barobar arzon boshlang‘ich narxda taklif etiladi. Bu tartib ham 2026 yil 1 maydan kuchga kiradi.
Bundan tashqari, hududlarda 14 ta botanika va dendrologiya bog‘i, 20 ta soya-salqin sayr ko‘chasi barpo etish rejalashtirilgan. Fransiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni tajribasi asosida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan pilot loyiha ham ishlab chiqiladi.
Ushbu chora-tadbirlar ekologik barqarorlikni ta’minlash, atmosfera ifloslanishini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari 2028 yil 1 yanvargacha bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan edi.
Live
Barchasi