O‘zbekistonda marokash chigirtkasi paydo bo‘ldi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonning bir nechta hududida zararli chigirtkalar tarqalgani aniqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 22 martdan, Samarqandda 24 martdan, Jizzax viloyatida 28 martdan zararli chigirtkalarni tuxumdan chiqqani aniqlangan. Bu 1-2 yoshdagi marokash chigirtkasi bo‘lib, hasharotlar aholi ekin yerlari, tomorqalariga yetib borishini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, barcha hududlarda kuzatuv-nazorat ishlari kuchaytirilib, chigirtka to‘dalari aniqlangan joylarda kimyoviy kurash o‘tkazilmoqda. An’anaviy kimyoviy kurash tadbirlari har yili voha hududlarida boshlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari bilan yakunlanadi.

Ayni vaqtda kurash tadbirlariga 53 ta yuqori unumli purkagichli maxsus avtomashina, 194 ta purkagichli traktorlar, 1000 tadan ortiq motorli osma qo‘l purkagichi, 25 ta suv tashuvchi transport vositasi, 66 ta mototsikl shay holatga keltirilgan. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va kimyoviy vositalar zaxiralari shakllantirilgan.

2026 yilda jami 651,8 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi ma’lum qilingan. Bugungi kunga qadar 22 ming gektardan ortiq maydonda kuzatuv olib borilgan, 3 641 gektarda kimyoviy kurash o‘tkazilgan.

Zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini o‘z vaqtida va samarali olib borish uchun barcha viloyatlarda shtablar va tumanlarda tezkor kurash otryadlari tashkil etilgan.

Qayd etish joiz, mamlakatda 200 ga yaqin chigirtka turi mavjud bo‘lib, har yili 6-8 turdagi to‘da hosil qiluvchi zararli chigirtkalarga qarshi kurash olib boriladi. Mavsumni betalofat o‘tkazish uchun chigirtka xizmati 24/7 rejimiga o‘tkazilgan. Kuzatuv-nazorat va qarshi kurash tadbirlariga respublika bo‘yicha jami 700 nafarga yaqin mutaxassis jalb etilgan.

Agentlik fuqarolardan zararli chigirtka tarqalgan hudud haqida 1288 yoki 71 202 10 00 raqamlariga murojaat qilishni so‘ragan. Mazkur hududlarda kimyoviy ishlovlar olib borish bepul ekani eslatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidagi neytral hududda joylashgan Amudaryo ichkarisidagi kichik orolchalarda zararkunandalarga qarshi kurash boshlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston chigirtka to'dalari marokash chigirtkasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing