Endi hokimlar bo‘sh turgan binolarni sotishga javobgar bo‘ladi
Jamiyat
−
14 aprel 1918 2 daqiqa
Endilikda xususiylashtirish dasturiga ob’ektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob beradi. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, bosh rejasi yo‘q degan bahona bilan 2025 yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgan.
Hokimlarga buning oqibatida 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish, xususiylashtirish hisobidan budjetga 550 milliard so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgani ko‘rsatib o‘tildi. Uch oyda yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tish topshirildi.
Bosh rejalarni tasdiqlash orqali juda katta maqsad va vazifalar belgilanmoqda. Lekin bosh rejada ko‘rsatilgan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari, yo‘llar qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan quriladi degan savolga javob yo‘qligi tanqid qilindi.
Aslida, har bir bosh rejani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yilma-yil kompleks dastur qilinib, aholi, tadbirkor va mas’ullarga yetkazilishi kerakligi qayd etildi. Bunday dasturlar yo‘qligi uchun ham infratuzilmaga 1 so‘mlik xarajat ketadigan joyga 2-3 karra ko‘p mablag‘ sarflanayotgani, pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir viloyat hokimiga ikki oyda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.
Mutasaddilarga kompleks dasturlardagi tadbirlarning qaysi biri respublika va mahalliy byudjetdan, qaysilari xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan bo‘lishini aniq belgilab berish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerdan 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Oqibatda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni, 20-25 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat yo‘qotilayotgani qayd etildi.
Auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi, 122 ta davlat ob’ekti bir yildan beri sotilmay turibdi.
Chunki xususiylashtirish dasturini qabul qilishda ham, ob’ektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni bilinmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayotgani qayd etildi. Aslida, har ob’ektni sotishda hududga investitsiya, mahalla uchun ish o‘rni birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda xususiylashtirish dasturiga ob’ektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob berishi belgilandi.
Xususiylashtirish doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan ob’ektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash bekor qilinadi.
Live
Barchasi