Endi grantda o‘qigan talabalar 3 yil ishlab berishi bekor bo‘lishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda davlat grantlari asosida o‘qigan oliy ta’lim bitiruvchilari uchun belgilangan kamida uch yil ishlab berish majburiyati bekor qilinishi  mumkin. Bu haqda “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasida keltirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur nizomning muqaddimasida oliy ta’lim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni majburiy ishlab berish sharti bilan ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash qoidalari va tartibini belgilashi qayd etilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash va ularni ishga taqsimlash tartibi yanada aniqlashtirilmoqda hamda zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Xususan, amaldagi nizomda belgilangan “kamida uch yil” ishlab berish majburiyatiga oid normalar chiqarib tashlanib, “majburiy” degan so‘z bilan almashtirish taklif qilingan.

Hujjatga binoan, davlat grantlari asosida tahsil olgan bitiruvchilarning ishlab berish muddati ta’lim yo‘nalishining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan alohida belgilanadi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ishga taqsimlash bilan bog‘liq ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, “doimiy yashash joyi” atamasini “yashash joyi” deb almashtirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot yo‘nalishlarida oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi bekor qilinishi mumkinligi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

talaba grant 3 yil ishlab berishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing