Endi NATO pulni qayerdan oladi?

Tahlil

image

Myunxen Xavfsizlikk Konferensiyasi (Munich Security Conference) – dunyodagi eng nufuzli xavfsizlik forumlaridan biri bo‘lib, har yili Germaniyaning Myunxen shahrida o‘tkaziladi. 1963 yilda asos solingan ushbu anjuman dastlab transatlantik mudofaa masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, u global geopolitika, harbiy strategiya, energetika, kiberxavfsizlik va xalqaro diplomatiya muhokama qilinadigan yirik platformaga aylangan.

Konferensiyada davlat va hukumat rahbarlari, Tashqi ishlar hamda Mudofaa vazirlari, NATO va Yevropa Ittifoqi vakillari, shuningdek, yetakchi ekspertlar ishtirok etadi. Ushbu konferensiya rasmiy qaror qabul qiladigan tuzilma bo‘lmasa-da, u global siyosiy yo‘nalishlarni belgilash, ittifoqchilar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish va keskin mojarolar yuzasidan ochiq fikr almashish maydoni sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Myunxen anjumani ko‘pincha “dunyo siyosiy barometri” sifatida baholanadi – undagi nutq va bayonotlar global tartibdagi o‘zgarishlar yo‘nalishini anglash imkonini beradi.

Bu galgi konferensiya kun tartibida Rossiya–Ukraina urushi, Xitoy bilan raqobat, Yaqin Sharqdagi beqarorlik, sun’iy intellekt va energetik xavfsizlik kabi masalalar asosiy o‘rin egalladi.

Myunxenda nima gap?

2026 yil 13–15 fevral kunlari Germaniyaning Myunxen shahrida dunyoning eng nufuzli xavfsizlik platformalaridan biri – 62 Myunxen Xavfsizlik Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Sovuq urush davridan beri global xavfsizlik arxitekturasini muhokama qilish maydoniga aylangan ushbu anjuman bu safar “Under Destruction” – ya’ni, “Buzilish arafasida” shiori bilan o‘tgani ham xalqaro maydonda avvalgi qonun-qoidalar endi kuchda emasligini nufuzli tashkilotlardan tortib davlat rahbarlari ham tan olayotganini anglatadi.

Anjumanga mezbonlik qilgan Myunxen yana bir bor global diplomatiya markaziga aylandi. Uch kun davom etgan konferensiya dunyo siyosiy muvozanati keskin o‘zgarayotgan bir paytda tashkil etildi va unda 100 dan ortiq davlatdan siyosatchilar, diplomatlar, harbiylar, ekspertlar hamda yirik xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi. Konferensiyada Germaniya kansleri Fridrex Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kabi yetakchi shaxslar ishtirok etdi. Shuningdek, BMT, Yevropa Kengashi, Yevropa Markaziy Banki Prezidenti va NATO rahbariyati, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subraxmanyam Jayshankar hamda  Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

62-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi avvalgi yillardagidan keskinroq ruhda o‘tdi. Asosiy mavzular qatorida Rossiya–Ukraina urushi, transatlantik munosabatlarning kelajagi, Yevropaning strategik mustaqilligi, Yaqin Sharqdagi beqarorlik, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik tahdidlari, energetik xavfsizlik hamda global janub davlatlarining roli turdi. Nutqlarda ko‘p bora “qoidalar asosidagi xalqaro tartib”ning zaiflashayotgani, kuchlar muvozanati esa yangi shakl olayotgani ta’kidlandi.

Konferensiyaning bosh maqsadi – parchalana boshlagan global xavfsizlik tizimini qayta muhokama qilish, ittifoqchilar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va yangi tahdidlarga qarshi umumiy strategiya ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Ayniqsa, NATOni moliyalashtirishdan AQSHning bosh tortishi fonida Yevropaning mudofaa salohiyatini mustaqil ravishda kuchaytirish masalasi keskin kun tartibiga chiqdi. AQSH va Yevropa o‘rtasidagi strategik hamkorlik saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, ayrim masalalarda qarashlar tafovuti ochiq ko‘rindi.

Myunxendagi uch kunlik muzokaralar shuni ko‘rsatdiki, dunyo endi avvalgi tartibda yashamaydi. Xavfsizlik tushunchasi kengaymoqda, ittifoqlar qayta shakllanmoqda, siyosiy markazlar siljimoqda. 62-konferensiya nafaqat muhokamalar maydoni, balki yangi global davr boshlanayotganining ramziy nuqtasiga aylandi.

Yevropa o‘z yo‘lini izlamoqda

62-Myunxen Xavsizlik Konferensiyasi doirasidagi Yevropa yetakchilarining nutqlaridan shuni anglash mumkinki, AQSHning qo‘llovisiz qolgan alyans o‘z kelajagi borasida hanuz yagona to‘xtamga kela olgani yo‘q. Hammani bir  savol o‘ylantirmoqda: agar AQSH global xavfsizlik arxitekturasida avvalgidek faol va “saxiy” rol o‘ynamasa, Yevropa nima qiladi?

Donald Trampning AQSHda hokimiyat kursisiga kelishi Transatlantik aloqalarning zaiflashuviga olib keldi. Tramp endi oldingidek Yevropaning xavsizligiga javob beruvchi NATOni moliyalashtirmoqchi emas. 2025 yil noyabr oyida Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan Milliy xavfsizlik Strategiyasi (National Security Strategy) ham Vashingtonning Yevropa va NATO bilan kelgusidagi harakatlarining xaritasi deyish mumkin. Qaysidir ma’noda Yevropa alyansi endi o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim.

Yevropaning AQSHdan mustaqil bo‘lishi haqida gap ketganda, shubhasiz Fransiyaning tashabbuskor harakatlarini e’tirof etmasak bo‘lmaydi. Ko‘p doiralarda AQSHdan keyin Yevropani birlashtiruvchi  yangi lider sifatida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ko‘rilmoqda. Makron Myunxendagi nutqida “strategik avtonomiya” iborasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa o‘z mudofaa sanoatini mustahkamlashi, harbiy ishlab chiqarishni ichki resurslar hisobidan kengaytirishi va qaror qabul qilishda mustaqil bo‘lishi shart.

“Biz Yevropadagi xavfsizlik arxitekturamizni qayta tuzishimiz va qayta tashkil etishimiz kerak. Bu jasorat uchun to‘g‘ri vaqt. Bu kuchli Yevropa uchun to‘g‘ri vaqt. Hamma bizni tanqid qilish o‘rniga, bizdan o‘rnak olishi kerak”, dedi Makron.

Shu bilan birga Makron Fransiyaning yadroviy salohiyati bilan, yetakchilikka boshqalardan ko‘ra ko‘proq da’vogar ekanligini iddao qilgandek, yadroviy to‘siqlarning (nuclear detterence) ayni damdagi beqaror global davrdagi rolini muhokamaga tashladi.

“Biz ushbu yondashuvda yadroviy tiyib turish masalasini qayta shakllantirishimiz kerak. Shu sababli biz hozir loyiha ustida ishlayapmiz – bir necha haftadan so‘ng bu haqda batafsil ma’lumot beraman. Biroq, biz allaqachon kansler Mers va bir qator Yevropa yetakchilari bilan strategik muloqotni boshladik. Maqsad – Konstitutsiyamiz tomonidan kafolatlangan va nazorat qilinadigan milliy doktrinamizni qanday qilib muvofiqlashtirishimiz mumkinligini ko‘rib chiqishdir”, dedi u.   

Makron ochiqchasiga Yevropa xavfsizligi endi faqat tashqi kafolatlarga tayanib qolmasligi kerakligini aytmoqda.  Bu shuni anglatadiki, Fransiya endi AQSH va Transatlantik ittifoqqa ishonib qolmoqchi emas.

Germaniya kansleri Fridrix Mers esa dunyoni yana bir bor, keskin ohangda “o‘yin” qoidalari o‘zgargani haqida ogohlantirdi. U eski qoidalarga asoslangan tartib allaqachon yo‘q bo‘lib ketganini hamda Germaniya kabi davlatlar xavfsizlik va o‘zini himoya qilishga yondashuvini butunlay qayta ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidladi.

“Siz ushbu konferensiya uchun “Buzilish arafasida” (under destruction) degan mahzun shiorni tanladingiz. Bu ehtimol huquq va qoidalarga asoslangan xalqaro tartib ayni damda yo‘q qilinayotganini anglatadi”, dedi u.

Shuningdek, Mers Donald Trampning yuritayotgan siyosatini qattiq tanqid qilib, dunyo tartibotida uning hissasi katta ekanligiga ishora qildi.

“Ushbu illyuziya ostida katta davlatlar siyosati o‘zaro bog‘liqlikning ortishi qonun ustuvorligi va davlatlararo tinchlikka aylanadigan dunyodan yuz o‘girmoqda. Katta davlatlar siyosatining o‘z qoidalari bor. U shiddatli, shafqatsiz va ko‘pincha kutilmagandir. Biz tariflar va proteksionizmga emas, balki erkin savdoga ishonamiz. Biz iqlim kelishuvlari va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga sodiq qolamiz, chunki global muammolarni faqat birgalikda hal qilish mumkinligiga aminmiz”, deydi u.

Garchi Mers ham AQSHning pullariga endi ishonch qolmaganligini bilsa-da, Transatlantik ittifoqni qayta jonlantirish lozimligiga alohida urg‘u berdi.  

Yevropa Ittifoqidagi a’zoligini 2021 yildayoq yakunlagan Buyuk Britaniya ham Yevropani kurashga tayyor bo‘lishi kerakligini aytdi. Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqan bo‘lsa-da, xavfsizlik masalasida qit’a bilan yelkama-yelka turishini namoyish etishga urinmoqda. Bosh vazir Kir Starmer o‘z nutqida Yevropa o‘z xalqi, qadriyatlari va turmush tarzini himoya qilishi lozimligini ta’kidladi.

“Bugun biz chorrahada emasmiz. Oldinda turgan yo‘l to‘g‘ri va biz o‘z kuchimizni yaratishimiz kerakligi aniq. Biz tajovuzni to‘xtata olishimiz kerak, agar kerak bo‘lsa, jang qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak”, degan Starmer.

Yevropa Kengashi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning nutqi ham qit’aning kelajagi haqida bildirilgan eng muhokamali nutqlardan biri bo‘ldi. Fon  der Lyayen ham bu gal AQSHdan alyansni mustaqil qilish zarurligini tan oldi.

“Bugun harakat qilish vaqti keldi va men Yevropaning mustaqillik rejasiga e’tibor qaratmoqchiman. Lekin, oldingi tizim tubdan o‘zgardi. Yevropa oldinga siljishi va o‘z mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Tan olish kerak, buning uchun bir oz shok terapiyasi kerak bo‘ladi”, dedi fon der Lyayen.

Shu bilan birga, u Buyuk Britaniya bilan aloqalarni yaxshilash lozimligi, Yevropa Ittifoqining AQSHdan boshqa do‘stlari bilan ham aloqalarni kuchaytirish kerakligini alohida ta’kidladi.

“Ammo, hozir qilishimiz kerak bo‘lgan narsa – xavfsizlik sohasidagi yangi hamkorliklarning poydevorini rasmiylashtirishdir. Bu albatta, eng yaqin hamkorlarimiz – Buyuk Britaniya, Norvegiya, Islandiya yoki Kanada bilan ishlashdan boshlanadi. Hozirda Yevropa Ittifoqi dunyo mamlakatlari bilan mudofaa va xavfsizlik sohasida keng ko‘lamli sheriklik aloqalariga ega. Biz ushbu muhim hamkorlarning ko‘pchiligiga o‘z takliflarimizni oshirmoqchimiz. Bu shuni anglatadiki, hozirgi o‘ta beqaror vaqtda Yevropa va xususan, Buyuk Britaniya xavfsizlik, iqtisodiyot yoki demokratiyalarimizni himoya qilish masalalarida yanada yaqinlashishi zarur”, deydi u.

Ammo, Myunxendagi muhokamalar Yevropaning ichki muammolarini ham ochib tashladi. AQSH moliyaviy va harbiy qo‘llovni qisqartirayotgan bir paytda, Yevropa davlatlari o‘rtasida bu bo‘shliqni kim va qanday to‘ldirishi borasida aniq konsensus yo‘q. Sharqiy Yevropa davlatlari NATOning kuchaytirilgan harbiy ishtirokini talab qilmoqda. Janubiy Yevropa esa iqtisodiy bosim va migratsiya muammolarini birlamchi deb biladi. G‘arbiy Yevropa mamlakatlari esa sanoat va texnologik mustaqillikka urg‘u bermoqda.

Konferensiya davomida bir jihat yaqqol sezildi: Yevropa birdamlik haqida ko‘p gapirmoqda, ammo amalda siyosiy pozitsiyalar turlicha. Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari keskin xavfsizlik choralarini qo‘llab-quvvatlasa, Vengriya va ayrim boshqa mamlakatlar Rossiyaga nisbatan yumshoqroq siyosat tarafdori. Bu esa yagona strategik yo‘nalish ishlab chiqishni murakkablashtirmoqda.

Myunxendagi uch kunlik bahslar Yevropa tarixiy burilish nuqtasida turganini ko‘rsatdi. AQSH bilan ittifoq saqlanadi, ammo u endi mutlaq tayanch emas. Yevropa o‘z xavfsizlik modelini qayta ko‘rib chiqishga majbur. 62-Myunxen konferensiyasi Yevropaga aniq signal berdi – global sahna o‘zgarmoqda. Endi tanlov qilish vaqti keldi: mustaqil kuch markaziga aylanish yoki parokandalik ichida qolish.

Ukrainaga tinchlik qaytadimi?

Bu galgi Myunxen Xavfsizlik Konferensiyasida eng ko‘p e’tibor berilgan mavzulardan yana biri, Ukraina–Rossiya можаро­си, uning oqibatlari, ta’siri va kelajakdagi strategiyalari bo‘ldi. Rossiyaning 2022 yilda boshlagan bosqini besh yilga yaqin davom etar ekan, dunyo yetakchilari urushning global xavfsizlik tizimiga ta’siri bo‘yicha turli to‘xtamga kelgan.

Ukraina Prezidenti Zelenskiy Myunxenda qilgan nutqida urushdan diplomatik yo‘l bilan chiqish istagini qayta tasdiqladi, ammo shartlar Ukrainaning sha’ni va xavfsizligi nuqtai nazaridan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. U urushni “faqat hududiy ajratish orqali yakunlash” fikrini qat’iyan rad etdi va bu yondashuv 1938 yildagi Myunxen kelishuvi kabi xato bo‘lishini aytdi – o‘sha tarixiy kelishuv Yevropani katta urushdan saqlay olmagandi.

“Bu urush endi Ukrainani bo‘lib tashlash orqali ishonchli tarzda tugatilishi mumkinligiga ishonish xom-xayol bo‘lardi – xuddi Chexoslovakiyani qurbon qilish Yevropani katta urushdan qutqaradi degan xayol bo‘lgani kabi”, dedi u. 

O‘tgan besh yillik og‘ir davr mobaynida Ukrainada elektrostansiyalar vayron qilingani, shunga qaramay mamlakatda elektor ishlab chiqish to‘xtab qolmaganini ma’lum qildi.  Shuningdek, u harbiy-havo kuchlari bo‘linmasida raketalar tugab borayotganiga ishora qildi.

“Rostini aytsam, urush paytida rahbar eshitishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsalardan biri bu harbiy-havo kuchlari qo‘mondonining quyidagi xabaridir: havo mudofaasi bo‘linmalari bo‘sh, ular Rossiya hujumlarini to‘xtatish uchun raketalaridan foydalanganlar va hech qanday ta’minot yo‘q edi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bir yoki ikki kun ichida yangi ulkan hujum bo‘lishi mumkin. Ba’zan biz patriotlarmiz yoki NASAMS uchun yangi raketalarni hujumdan oldin, ba’zan esa oxirgi, eng so‘nggi daqiqada yetkazib berishga muvaffaq bo‘lamiz”, dedi Ukraina rahbari.

O‘z navbatida, u Germaniya, Norvegiya va Niderlandiyaga havo mudofaasi tizimlarini taqdim etishda kuchli yetakchilik qilganliklari uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, Zelenskiy Yaqin Sharqdagi notinch vaziyat fonida Eronning Rossiyani qo‘llayotgani va unga dron yetkazib berayotganidan norozi ekanligini bildirib o‘tdi.

“Hozirda Myunxen va boshqa shaharlar ko‘chalarida odamlar Eronda ozodlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqirishmoqda. Biz buni ko‘rdik. Ukraina Eron bilan chegaradosh emas. Biz hech qachon Eron rejimi bilan manfaatlar to‘qnashuviga duch kelmaganmiz. Ammo ular Rossiyaga sotgan “Shahid”dronlari bizning xalqimizni o‘ldirmoqda va infratuzilmamizni vayron qilmoqda. Eron rejimi, allaqachon boshqa ko‘plab rejimlar bir asrda qila oladiganidan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazdi va hali ham qila oladi. Shunga qaramay, bu rejim hali ham mavjud. Va u hamma narsadan, hatto bu inqirozdan ham omon qolishga umid qilmoqda”, deydi Zelenskiy. 

Ukraina Prezidenti, shuningdek Rossiya hukumati urushni tugatmoqchi emasligini qayd etdi va Moskvaga nisbatan qat’iy choralar, sanksiyalar va aniq xavfsizlik kafolatlari kerakligini urg‘uladi. Prezident o‘tgan davr mobaynida Rossiya keltirgan zararlar haqida gapirar ekan, bu urush nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa uchun asosiy tahdid ekanini yana bir bor yodga soldi.

Haqiqatdan ham Ukraina Yevropaga olib o‘tuvchi “darvoza” hisoblanadi. Rossiyaning bu urushda g‘alaba qozonishi, o‘z navbatida keyingi agressiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa davlatlariga yo‘naltirilishini bildiradi. Buni istamgan YeI zo‘r berib Kiyevga harbiy yordam yo‘lashda davom etyapti, ammo urush hali to‘xtagani yo‘q.

Ukrainadagi muammoli vaziyatga yechim topish maqsadida 13 fevral kuni Myunxen Xavfsizlik Konferensiyasi doirasida “Berlin formati”  nomli muloqot platformasi tashkil etildi. Unda Vladimiz Zelenskiy bilan birga NATO rahbariyati ishtirok etib, kelgusidagi aniq harakatlar strategiyasini tuzish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Biroq, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ushbu kengashda qatnashmadi. Bu esa ko‘plab doiralarda so‘nggi yillarda Tramp siyosatidagi Rossiyaga yon bosish elementi sifatida talqin etilmoqda. Hokimiyatga kelgandan buyon Tramp boshchiligidagi AQSH ma’muriyati Rossiya–Ukraina masalasida o‘zgacha yechimlar taklif qilmoqda. Tezroq urushni yakunlash ilinjidagi AQSH rahbari Ukrainaning yerlarini Rossiyaga qoldirib bo‘lsa-da, ushbu mojaroga yakun yasashni istayotganiga dunyo ko‘p bora guvoh bo‘ldi.

Garchi AQSH doimo Ukraina uchun asosiy qurol yetkazib beruvchi va siyosiy himoyachi bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, 2026 yilda rasmiy doiralarda qarashlar o‘zgarish arafasida. Prezident Tramp tinchlik muzokaralarini rag‘batlantirishni davom ettirmoqda va G‘arb siyosatchilaridan farqli o‘laroq, urushni tezroq yakunlash yo‘lini izlamoqda va bu yo‘lda u Rossiya bilan kompromissga borishga ham tayyor. Ayrim tahlilchilar esa uning bunday Rossiya jinoyatlariga “ko‘z yumishi” tanqid ostiga olmoqda. Muammo shundaki, Tramp taklif qilayotgan har qanday yechim, hatto Moskva manfaatlariga monand bo‘lsa ham na Ukraina, va na Rossiya bu taklifga qoniqmayapti.

Zelenskiyning qat’iy pozitsiyasi, G‘arb ittifoqchilarning yagona front g‘oyasi va AQSHning diplomatik tashabbuslari uch yo‘nalishda kesishmoqda. Urush hali davom etarkan, Yevropa va AQSH o‘rtasidagi strategik birdamlik va Rossiyaga qarshi birgalikda choralar joriy etilishi muhim masalaga aylanmoqda. Ukraina esa nafaqat front chizig‘i, balki Yevropa xavfsizligining ramziy markazi sifatida yanada katta strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Xullas, 62-Myunxen Xavfsizlik Konferensiyasi global siyosiy muvozanat tubdan o‘zgarayotgan bir davrga to‘g‘ri keldi. “Buzilish arafasida” shiori ostida o‘tgan anjuman nafaqat xavfsizlik masalalarini, balki dunyo tartibining qayta shakllanish jarayonini ham ochiq namoyon qildi.

Myunxen–2026 shuni ko‘rsatdiki, “qoidalar asosidagi tartib” endi avvalgidek ishlamayapti. Kuchlar muvozanati siljimoqda, ittifoqlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Konferensiya yakunlari global siyosatda yangi davr boshlanganini anglatadi: endi har bir mintaqa o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyat olishga majbur. Bir so‘z bilan aytganda “o‘yin” qoidalari o‘zgardi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya NATO Evropa O'zbekiston Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy Myunxen Kir Starmer Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing