Endi soliq bo‘yicha nazorat tadbirlari videotasvirga olinadi
Jamiyat
−
09 aprel 1916 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari videotasvirga olinadi. Bu haqda bugun, 9 aprel kuni tasdiqlangan “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda keltirilgan.
Vazirlar Mahkamasining bugun, 9 aprel kuni qabul qilingan qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan, shuningdek, endi ba’zilari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
Xususan, hukumatning 2021 yil 7 yanvardagi 1-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Nizomga ko‘ra, nazorat tadbirlari soliq organi rahbari yoki rahbar o‘rinbosarining soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida videotasvirga olinadi.
Soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida quyidagilar videotasvirga olinadi:
- soliq solish ob’ektlarini hisobga olish;
- xronometrajni ko‘zdan kechirish;
- soliq to‘lovchi ishchi va xodimlarining haqiqiy soni hamda soliq hisobotidagi aks ettirilgan ishchi va xodimlar soniga muvofiqligini tekshirish;
- nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash;
- savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishi va boshqalar.
Nazorat tadbiri soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaydigan va faoliyat ko‘rsatishiga ziyon yetkazmaydigan tarzda videotasvirga olinadi.
Nazorat tadbiri natijasi bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada tadbir jarayonini videotasvirga olish moslamasi (qurilmaning rusumi va seriya raqami), videotasvirga olingan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi, shuningdek, transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar bekor qilindi.
Live
Barchasi