Budapesht sammiti qoldirildi. Endi Tramp Zelenskiyga raketalarni beradimi?

Tahlil

image

Bir muddat oldin AQSHning Urush vaziri Pit Hegset NATOga Ukraina uchun Amerikadan ko‘proq qurol sotib olishni taklif qilib chiqqan edi, keyin Tramp qat’iy ravishta Zelenskiyga Tomahawk raketalarini bermasligini ta’kidladi va endi yana Tomahawk kun tartibiga chiqmoqda.

Joriy yilnig 17 oktyabrida bo‘lib o‘tgan Tramp va Zelenskiy uchrashuvi qizg‘in bahs-munozaralar va o‘ziga xos holatlar bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortgan edi. Avvaliga Rossiyaga Tomahawk qanotli raketasini Ukrainaga sotish bilan tahdid qilgan Tramp, Putin bilan telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng yana bir bor murosa yo‘lini tanlashga qaror qilgandi. Ammo bu gal ham Kreml muzokara stoliga o‘tirishdan qochdi.

Tahminan 1600-1800 kilometr masofaga uchish qobilyatiga ega ushbu quroldan Ukrainaning umidi katta edi. Qariyb Toshkentdan Tehrongacha bo‘lgan uzoqlikdagi ob’ektni urishi mumkin bo‘lgan bunday qurollar Ukrainaga Rossiyaning ichida joylashgan muhim strategik  ob’ektlarni yo‘q qilish imkonini berardi. O‘z navbatida, urushdagi bunday keskin o‘zgarishni rus va rusparast hukumatlar jiddiy xavotir bilan kutib olgan bo‘lishi tabiiy. Hatto belaruslik Aleksandr Lukashenko ham bunga munosabat bildirib, Kiyevga Tomahawk’ning berilishi yadro urushini keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Buni qarangki, AQSHdan yangi qudratli qurollar bilan qaytishga umid qilgan Zelenskiy ham Amerikadan “quruq qo‘l” bilan qaytgandi.

“Axios” nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH va Ukraina rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar qiyin va tarang o‘tkan, tomonlar o‘rtasida ochiqchasiga bo‘lmasada sezilarli konfliktlar bo‘lgan. Muzokaralarning yopiq eshiklar ortida o‘tgan qismi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo bir narsa aniq ediki, Tramp raketalarni sotishni qat’iy rad etgandi. Hatto so‘nggi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Tramp Zelenskiyga Donbassni topshirish, agar shartnoma shartlariga ko‘nmasa, Putin hukumati Ukrainani to‘la yo‘q qilib yuborishi mumkinligini aytgan.

Bu haqida keyinroq, 19 oktyabr kuni Tramp jurnalistlar oldida o‘z fikrlarini takrorladi. Air Force One prezidentlik samolyoti bortida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Tramp “Hammasini hozirgi holatda qoldirish lozim. U allaqachon bo‘lingan”, deb, keyingi kelishuvlargacha hozirgi front chizig‘ida qolish lozimligini ta’kidladi.

Zelenskiy bilan o‘tgan uchrashuvda AQSH Urush vaziri Pit Hegsetning bo‘yinbog‘i ham jiddiy muhokmalarga sabab bo‘lgani ko‘pchilikning yodida. Rossiya bayrog‘idagi ranglarni o‘zida takrorlovchi ushbu bo‘yinbog‘ jurnalistlarning e’tiborini tortdi. Kostyumning old cho‘ntagidagi Amerika bayrog‘i va bo‘yinbog‘ning kombinatsiyasi internetda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ba’zialar buni e’tiborsizlikka yo‘ysa, boshqalar ushbu uchrashuvda Rossiya tomonga yon bosilishiga ishora sifatida ham qabul qilishga ulgurdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev esa X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Hegsetning ushbu uchrashuvdan olingan suratini joylab, Rossiya bayrog‘ini ilova qildi.

Nega Tomahawk berilmadi?

Xo‘sh, Tomahawk’larning berilmasligiga nima sabab bo‘ldi, yadro urushi tahdidimi, texnik muammolarmi yoki bu AQSH ma’muriyatining doimgi “nozi”mi?

Ko‘pchilikninng xabari bor, Zelenskiy tashrifidan oldin Tramp Putin bilan telefon orqali suhbatlashgan edi. Sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bunda ikki davlat rahbari Tomahawk’ni Kiyevga bermaslik va tez orada Budapeshtda uchrashishga kelishib olishgani aytilgandi. Kutilganidek, Vladimir Zelenskiy boshchiligidagi delegatsiya Oq uyda o‘z maqsadlariga erisha olmadi. Vaziyatdan kelib chiqib, Putinning qo‘rqqanidan qilgan qo‘ng‘irog‘i Trampni fikridan qaytardi, degan tasavvur ko‘pchilikda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Trampning o‘zi Putinga qo‘ng‘iroq qilishni taklif qilgan va “Dushmaninggizga Tomahawk’ni bermoqchiman, bunga fikringiz qanday?” qabilida savol bergan. Putin esa bunga javoban, bu frontdagi vaziyatni o‘zgartirmasligi, lekin o‘zaro aloqalarning yomonlashishiga olib kelishini aytgan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Trampning avvaldan raketalarni Zelenskiyga berish niyati yo‘q bo‘lgan. Chunki Tomahawk haqiqatdan ham front chiziqlarida katta o‘zgarishlar qila olmaydi, negaki, ushbu raketalar qanchalikk uzoqqa uchmasin, portlash qamrovi unchalik ham katta emas. Ichki strategik ob’ektlarni urish esa harbiylarni emas, oddiy xalqni halok qiladi. Raketa tahdididan ko‘zlangan yagona maqsad bu – Putinni yana murosa stoliga qaytarish bo‘lgan. Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Trampning Truth Social’dagi sahifasida chiqqan “tomonlar shu chegarada to‘xtashi kerak” mazmunidagi posti AQSH frontni Rossiyaning ichiga ko‘chirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ham bildiradi.  

Boshqa tomondan olib qaralganda, AQSH ko‘p miqdorda Tomahawk’ni yetkazib berish qobilyatiga ham ega emas. Aslida bu qurol suvosti yoki suvusti kemalaridan uchirishga mo‘ljallangan bo‘lib, ayni damda bunday kemalar Ukraina harbiy kuchlarida mavjud emas. Quruqlikdan turib uchirish yo‘llari esa yaqindagina yo‘lga qo‘yildi va unda ham o‘ziga xos muammolar bor.

1987 yilda  Rossiya-Amerika o‘rtasida imzolangan “O‘rta va uzoq masofaga mo‘ljallangan yadroviy kuchlar to‘g‘risidagi” shartnomaning 2019 yilda bekor qilinishi ortidan Tomahawk va  SM-6 raketalarini quruqlikda vertikal holatda uchirish imkonini yaratgan Typhon nomli harbiy qurilma AQSHning o‘zida sanoqliligi tufayli, urush trayektoriyasida kutilgan darajada burilishlar hosil qila oladigan miqdorda raketalarni Zelenskiyga  berish avvalo Ukrainaga qimmatga tushsa, boshqa tomondan, AQSHning o‘z arsenali imkoniyatlarini cheklaydi. Hozirgi kunda donasi 2,5 mln dollarga baholanayotgan ushbu qurolning katta hajmda sotib olinishi har qanday davlatning g‘aznasiga og‘irlik qilishi tabiiy. Ayniqsa qariyb uch yildan beri urushdan boshi chiqmagan davlat uchun Tomahawk qanchalik zarur bo‘lmasin, iqtisod bunga imkon bermasligi tayin.

Ba’zilar tomonidan Trampning bu javobi, AQSHning doimgi qo‘llaydigan  usuli sifatida e’tirof etilib, ertami-kechmi AQSH Kiyev talabini qondirishi aytiladi. Dalil sifatida o‘tgan yillar mobaynida Ukrainaga yetkazilgan  31 ta Abrams tanklari, F-16 qiruvchi samolyotlari va ATACMS taktik balestik raketalarini keltirish mumkin. Har uchchala holda ham Pentagon Zelenskiyning bir necha bor qilgan iltimoslaridan so‘nggina uning talablarini qondirgan va Tomahawk bilan ham shunday bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Avvalroq Trampning o‘zi ham ushbu qurollarning urushda qo‘llanishi ehtimoldan yiroq emas, deb ta’kidlab o‘tgan. Shunday ekan agar kelishuvga erishilmasa, keyingi qadam Tomahawk bo‘lishi mumkin.

Budapesht sammiti bekor qilindimi?

Amalga kelishi bilan bir kunda tugatishni va’da qilgan Ukraina urushining bu darajada chigal muammoligini bilmagan AQSH Prezidenti Donald Tramp, har qancha urinmasin bu urush yechimini hali topolmayapti.

Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi qo‘ng‘iroqdan so‘ng, yaqin ikki hafta ichida Vengriyada navbatdagi uchrashuv bo‘lishiga kelishilgan. Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olishga order berilgan Putinga nisbatan Vengriya hukumati bu qarorni ijro etmaslik hamda uni qaytib ketishiga imkoniyat yaratib berishni va’da qilgandi. Uchrashuv davomida Tramp o‘zining mavqeydoshiga tinchlik sulhi rejasini taklif qilishi kutilgan. Garchi ushbu sammitda urushga yakun yasalishi ehtimoli past bo‘lsada, tomonlar o‘rtasida ma’lum yon berishlar ortidan ba’zi kelishuvlarga erishilishiga umid bor edi.

Tramp ma’muriyati asosiy maqsadi urushni tezroq shu nuqtada to‘xtatish, keyinroq boshqa muammolarni o‘zlari kelishib olishiga erishish edi. Uning so‘ngi kunlarda juralistlarga bergan intervyularidan shuni sezish mumkin ediki, sammitda Rossiya manfaatlari ustuvorroq, ya’ni hozirgi kunda rus qo‘shinlari nazoratida bo‘lib turgan Ukrainaning anchagina qismi Rossiya tasarrufida qolishi mumkin, deb ko‘rilgandi. Negaki Trampning front chizig‘ini saqlab qolish haqidagi fikrlari shunga ishora qilayotgandi. Ma’lumot uchun, bugungi kunda Rossiya Ukrainaning 19 foizini, ya’ni Lugansk viloyatini butunlay, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining tahminan 70-75 foizini o‘z nazoratida saqlab turibdi.

20 oktyabrdagi Trampning Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze bilan chiqishida Ukraina g‘alabasiga shaxsan ishonmasligi haqidagi ochiqdan-ochiq bildirgan fikridan kelgusida Vashington ham Ukrainaga yordam berishdan tiyilishi mumkinligi sezilib turgandi.

Budapesht sammitiga Yevropa Ittifoqi vakili sifatida Aleksandr Stubb, Ukraina manfaati himoyalash maqsadida Vladimir Zelenskiy qatnashishga qiziqish bildirgan edi.  Ammo na Stubb va na Zelenskiy rasmiy taklif olgandi. Har xolda ularning ishtiroki muzokaralarda yagona to‘xtamga kelishda muammolar paydo qilar edi. Ammo ommaga katta kutuvlar bergan Budapesht sammiti ham bekor qilindi yoki ancha muddatga ortga surildi.

Vazirlar kelisholmadi

Davlat rahbarlari ortidan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 20 oktyabr kuni Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi sammitga tayyorgarlik ko‘rish vazifasi yuklatilgan “konstruktiv” suhbat o‘tkazgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu borada Rossiya TIVning bergan qisqa bayonotida “16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha mumkin bo‘lgan aniq qadamlar yuzasidan konstruktiv muhokama bo‘lib o‘tdi”, deyilgan.

Ammo “Bloomberg” portalida chiqqan ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, telefon suhbatida kutilayotgan sammitning aniq sanasi yuzasidan bir qarorga kelinmagan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lovrovning balandpavoz gaplari hamda Donbassni to‘liq topshirish talabi ortidan uchrashuv bekor qilindi. Har xolda Kreml uchun bu yangilik emas, shu yilning avgust oyida ham tashkillashtirilishi kutilayotgan sammitga Putin dastlab qatnashishga rozilik bildirib, biroz muddatdan so‘ng fikridan qaytgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.

Oxirgi yangiliklarga ko‘ra, Putin Ukrainaga yon berish niyati yo‘q, AQSH ham behudaga uchrashuv tashkil qilishdan hech qanday foyda yo‘qligini aytgan. 22 oktyabrga kelib, Trampning o‘zi Budapesht sammitini bekor qilgani, hali ikki tomon ham bir to‘xtamga kelishga tayyor emasligini aytdi.  Ammo kelajakda bu uchrashuv bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Bekor bo‘lgan uchrashuv ortidan G‘arbda yana Tomahawk kun mavzusiga aylanib bormoqda. Bu borada Vashington asosiy muammo uni yetkazib berish emas, undan foydalanishni o‘rganishda ekanligini ma’lum qildi. Aytilishicha, ushbu qurolni qo‘llashni o‘rganishga olti oydan bir yilgacha vaqt zarur, AQSH esa hech kimga buni o‘rgatishni istamaydi.

Buning o‘rniga Rossiyaga yangi sanksiyalar joriy qilinmoqda. AQSH “Rosneft” va “Lukoyl”ga nisbatan yangi cheklovlar joriy qilgan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi 19-sanksiyalar paketini e’lon qilmoqchi. Ushbu urinishlar urushga chek qo‘yadimi? Rossiya esa xuddi dunyoga tahdid qilgandek, ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazdi.

Urush esa davom etmoqda. Ukrainlar hanuz bombalar qurshovida, vayronalar orasida. Har soatda odamlar o‘lmoqda, gumanizm, insoniylik, insonparvarlik tushunchalari bir chetda qolib, rivojlangan dunyoda “eskicha urush” ketmoqda.

Umumiy kartinada sodda tuyulgan ushbu urush aslida mohiyatan o‘ta murakkab konteksga ega. Bugun ular bir qarich yer uchun kurashishmayapti, millionlab kvadrat kilometr maydonli Rossiya uchun Ukraina yerlari aslida hech qanday ahamiyatga ega emas. Rus hukumati ta’siridan qochish uchun G‘arbga intilgan Ukraina, demokratik tamoyillarni ustuvor bilib, Yevropa davlatlari kabi yuksalmoqchi edi. Uning NATOga qo‘shilishga harakati esa G‘arb kuchlarining Rossiya chegarasigacha kelib qolishini bildirardi va bu Moskvani xavotirga soldi. Xalqaro munosabatlar butunlay anarxik xususiyatga ega va NATOdek qudratli harbiy tashkilotning Rossiya ostonasiga kelishi eng kamida Putin va uning mas’ullarining ta’sir doiralarini qisqarishiga olib kelar edi.

Bugun Zelenskiy tarixga Ukraina hududlarini berib qo‘ygan rahbar bo‘lib kirmaslik uchun harakat qilayotgan bo‘lsa, Putin G‘arb qo‘shinlarini uyiga yaqinlashtirmaslik uchun harakatda davom etmoqda. Eng achinarlisi, tili, dini, madaniyati va kelib chiqishi bir bo‘lgan ikki millat bugun bir-birini qonini to‘kish uchun kurashmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO TIV Rossiya Evropa Ittifoqi Tramp Putin Ukraina Sergey Lavrov Pentagon F-16 Zelenskiy Kiev Vengriya Budapesht Abrams ATACMS Aleksandr Stubb Marko Rubio Pit Hegset Tomahawk Typhon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing