Endi Turkiyada qurolga egalik qilish cheklanadi – Erdo‘g‘an
Olam
−
21 aprel 2808 2 daqiqa
Turkiya hukumati mamlakatda fuqarolarining o‘qotar qurolga egaligini cheklovchi qo‘shimcha huquqiy choralarni qabul qiladi va qurol egalari uchun jazolarni kuchaytiradi. Bu haqda kecha, 20 aprel kuni mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng bergan bayonotida so‘z ochdi.
Ushbu qaror o‘tgan hafta Shonliurfa va Qahramonmarash shaharlaridagi maktablarda sodir bo‘lgan qurolli otishmalardan so‘ng qabul qilinmoqda.
“Bizning maktablarimiz xavfsizligini ta’minlash – eng asosiy ustuvor vazifamiz. Bu masalada hozir ham, kelajakda ham hech qanday yon berish bo‘lmaydi”, degan Erdo‘g‘an.
Uning ta’kidlashicha, qurol egalari uning saqlanishi va xavfsizligi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasa, ularga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi. Shuningdek, qurolga egalikni cheklovchi yangi huquqiy normalar ham joriy etiladi.
“Biz ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalarda yolg‘on, manipulyativ va zararli kontent tarqatgan akkauntlarga nisbatan zarur choralarni ko‘rdik”, degan Turkiya Prezidenti.
Erdog‘anning qo‘shimcha qilishicha, hukumat “virtual patrullik”ni kuchaytiradi va kiberxavfsizlik sohasida huquq-tartibot organlarining salohiyatini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Turkiyadagi ta’lim muassasalarda tez-tez qurolli hodisalar yuz bermoqda. Xususan, joriy yilning 2 mart kuni butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Istanbul shahridagi Bo‘rsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirilgandi.
Shuningdek, joriy yilning 14 aprel kuni Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan litseyda qurolli hujum sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi jarohatlanib, hujum sodir etgan o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 15 aprel kuni Qahramonmarash viloyatidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Hozircha bu voqealarning bir-biriga aloqasi borligi haqida ma’lumotlar mavjud emas.
Qolaversa, Turkiyada Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmasi bilan mamlakatdagi maktablarda politsiya tomonidan nazorat olib borilishi belgilangandi.
Turkiya bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida ba’zi maktablarda forma majburiy etib belgilandi, ota-onalarning maktab hududiga kirishi cheklab qo‘yildi.
Live
Barchasi