Endi o‘zbekistonliklar favqulodda vaziyatlarda masjidlar orqali ogohlantiriladi
Jamiyat
−
25 mart 10974 2 daqiqa
O‘zbekistonda masjidlar orqali favqulodda vaziyatlar haqida ogohlantirish tizimi joriy etildi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, BMTTD Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda favqulodda vaziyatlarda aholini erta ogohlantirish tizimi qamrovini kengaytirishga qaratilgan innovatsion texnik yechimni joriy etgan.
Ushbu tashabbus doirasida aholi punktlariga yaqin joylashgan masjidlarga maxsus uskunalar o‘rnatilmoqda. Bu esa FVVning tezkor xabarlarini masjidlarning tashqi ovoz kuchaytirgichlari orqali uzatish hamda axborotni keng jamoatchilikka tezkor yetkazish imkonini beradi. Bugungi kunga qadar uskunalar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 272 ta masjidda o‘rnatilgan.
“Masjidlarning tanlanishi bejiz emas: ular an’anaviy ravishda mahalliy aholi orasida katta ta’sirga ega bo‘lgan nufuzli ijtimoiy institutlar sifatida qaraladi. Bundan tashqari, masjidlar deyarli barcha aholi punktlarida joylashgan bo‘lib, 500 metrdan 2000 metrgacha eshitilish radiusini ta’minlaydigan yuqori quvvatli tashqi ovoz kuchaytirgichlar bilan jihozlangan. Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, masjidlar orqali ogohlantirish taxminan 6,5 million nafar aholini, jumladan ayollar, erkaklar, bolalar va aholining zaif qatlamlarini qamrab olish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mobil aloqa va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda ham tezkor xabarlarni uzatish mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunga qadar BMTTD ko‘magida hamda Yashil iqlim jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida ushbu uskunalardan tashqari, aholini ogohlantirish maqsadida asosiy avtomobil yo‘llari bo‘ylab, odamlar gavjum joylarda 28 ta tashqi keng formatli ekran o‘rnatildgan.
Live
Barchasi