Eng xavfsiz mamlakatlar e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Bu qiziq
−
18 dekabr 10762 2 daqiqa
Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace, IEP) mamlakatlarning xavfsizlik va tinchlik darajasini baholovchi Global Peace Index 2025 reytingini e’lon qildi. Joriy yilda indeks 163 ta davlat va hududni qamrab olgan bo‘lib, ular sayyora aholisining 99,7 foizini tashkil etadi.
Hisobot xulosalariga ko‘ra, dunyo tobora xavfli bo‘lib bormoqda. Xususan, tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, global tinchlik darajasi pasayishda davom etmoqda, yirik mojarolarga olib keluvchi ko‘plab omillar esa eng yuqori darajaga yetgan.
Tinchlik indeksi qanday hisoblanadi?
Global Peace Index 23 ta ko‘rsatkich asosida tuziladi va ular uch guruhga birlashtirilgan:
- jamoat xavfsizligi va himoyalanganlik darajasi;
- ichki va xalqaro mojarolarning mavjudligi;
- militarizatsiya darajasi.
Tahlilchilar harbiy xarajatlar, mojarolardagi qurbonlar soni, jinoyatchilik darajasi kabi statistik ma’lumotlar bilan bir qatorda ekspertlarning baholarini ham inobatga oladi.
2025 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha tinchlik ko‘rsatkichi 0,36 foizga yomonlashgan. Bu umumiy vaziyat ketma-ket oltinchi yil davomida pasayib borayotganini anglatadi.
Dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlar
Reyting yetakchisi ketma-ket 17 yil davomida Islandiya bo‘lib qolmoqda. Eng tinch besh mamlakat quyidagilar:
- Islandiya;
- Irlandiya;
- Yangi Zelandiya;
- Avstriya;
- Shveysariya.

Hisobot mualliflari bu davlatlar “ijobiy tinchlik”ning yuqori darajasi – barqaror institutlar, jamiyatdagi ishonch va zo‘ravonlikning past darajasi bilan ajralib turishini qayd etgan.
Garchi G‘arbiy va Markaziy Yevropada xavfsizlik darajasi ketma-ket to‘rtinchi yil pasayayotgan bo‘lsa-da, mazkur mintaqa hanuzgacha dunyodagi eng tinch hudud hisoblanadi.
Eng xavfli mamlakatlar
Reytingning eng quyi qismida mualliflar eng xavfsiz bo‘lmagan deb baholagan davlatlar joy olgan:
- Rossiya;
- Ukraina;
- Sudan;
- Kongo Demokratik Respublikasi;
- Yaman.

O‘zbekiston o‘tgan yilgidan 2 pog‘ona ko‘tarilgan va umumiy reytingda 64-o‘rinni egallagan. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari reytingda quyidagicha joy olgan:
- Qozog‘iston – 56;
- Qirg‘iziston – 78;
- Tojikiston – 79;
- Turkmaniston – 78.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi 25 yilda turmush darajasi eng tez o‘sgan mamlakatlar e’lon qilingandi. So‘nggi chorak asr jahon iqtisodiy manzarasini tubdan o‘zgartirgan. Xususan, rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari va Sharqiy Yevropaning bir qismida turmush darajasi keskin oshgan.
Live
Barchasi