Dunyo pasportlari reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Bu qiziq
−
15 Oktabr 9774 2 daqiqa
O‘zbekiston pasporti vizasiz kirish mumkin bo‘lgan mamlakatlar soniga asoslangan reytingda 82-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Henley & Partners” kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan yangilangan indeksda keltirilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan reytingda eng yuqori o‘rinni Qozog‘iston egallagan – 67-o‘rin. Ushbu mamlakat fuqarolari 78 ta davlatga borishi uchun viza talab etilmaydi. Shu tariqa ular qo‘shni davlatlarni ortda qoldirgan:
- Qirg‘iziston 81-o‘rinda (62 ta davlat);
- O‘zbekiston 82-o‘rinda (61 ta davlat);
- Tojikiston 87-o‘rinda (55 ta davlat);
- Turkmaniston 93-o‘rinda (48 ta davlat).
Liderlar orasida Singapur hali ham birinchi o‘rinda. AQSH esa ilk bor kuchli o‘nlikni tark etib, 12-o‘ringa tushgan. Rossiya pasporti ham pozitsiyasini yo‘qotib, 46-o‘rindan 50-o‘ringa tushgan va Venesuela hamda Moldovadan keyingi pog‘onada joylashgan.
Qayd etish joiz, yangi reytingda birinchi uchlikni Osiyo davlatlari egallagan: Singapur – 1-o‘rin (fuqarolar 227 mamlakatdan 193 tasiga vizasiz kira oladi), Janubiy Koreya – 2-o‘rin (190 mamlakat), Yaponiya – 3-o‘rin (189 mamlakat).

“Henley & Partners”ga ko‘ra, “Henley Passport Index” tashkil etilganidan buyon AQSH ilk bor dunyoning eng kuchli o‘nta pasporti ro‘yxatidan chiqib ketgan. 2014 yilda ushbu mamlakat birinchi o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 12-o‘rinda va bu o‘rinni Malayziya bilan bo‘lishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun 2023 yilda joriy etilgan vizasiz rejimni bekor qilgani haqida xabar berilgan edi. Bunga mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zolikning 24-bobi bo‘yicha yopilish mezonlariga moslashishi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Live
Barchasi