Epshteyn fayllarida paydo bo‘lgan o‘zbekistonlik qiz kim?

Olam

image
180 mingta surat, 2 mingta video: Epshteyn ishi bo‘yicha yirik hujjatlar arxivi e’lon qilindi north_east

180 mingta surat, 2 mingta video: Epshteyn ishi bo‘yicha yirik hujjatlar arxivi e’lon qilindi

AQSH rasmiylari tomonidan e’lon qilingan moliyachi va juda yirik jinsiy jinoyatlar ishi markazidagi shaxs Jeffri Epshteyn yozishmalarida proukraina faoli G.O. tilga olinadi. Chop etilgan hujjatlarga ko‘ra, u Epshteyn bilan yaqin (intim) munosabatlarda bo‘lgan va undan moddiy yordam olgan. Shuningdek, Epshteyn uni ayrim do‘stlari bilan tanishtirgani, ular ham unga moddiy yordam ko‘rsatgani qayd etilgan. 

G.O. Samarqandda tug‘ilgan, Toshkentda tahsil olgan. U 2014 yilda Kiyevda o‘sha paytda Rossiya bilan yaqinlashishni tanlagan hukumatga qarshi boshlangan “Yevromaydon” namoyishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida proukraina faollar guruhi bilan birga miting o‘tkazgani ortidan tanilgan. Keyinchalik u mashhur nashrlardan biri bilan hamkorlik qilgan. Bundan qariyb 10 yil avval bergan intervyusida u Chilonzor tumanida yashashi, Toshkentdagi Vestminster universiteti va Kuala-Lumpurdagi Staffordshir universitetida elektron tijorat yo‘nalishida tahsil olgani, Parijda kinorejissura kursini tamomlagani, qurilish kompaniyasida hududiy menejer va tarjimon, shuningdek, ingliz tilidan repetitor bo‘lib ishlashi haqida aytgan.

Qolaversa, u SSSR haqida ham o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashgan. Qiz intervyuda sobiq ittifoq bilan bog‘liq hech qanday hissiy aloqa yo‘qligini bildirgan. 

“O‘ziga xos ijtimoiy tuzum bo‘lganini bilaman: hamma juda mehnatkash, jips, ateist bo‘lgan. Chet el musiqasini tinglash mumkin emas edi. Va u yerda “jinsiy hayot” yo‘q edi. Sovet Ittifoqining siyosati ham, iqtisodi ham menga yoqmaydi. Bu yaxshilikka olib kelmas edi, deb o‘ylayman”, degan u.

Hozirda Epshteynning e’lon qilingan maktublaridan ma’lum bo‘lishicha, uning asosiy maqsadi pul topish va G‘arbga ketish bo‘lgan. “O‘zbekistonda katta muammo bor – hamma bu yerdan ketishni xohlaydi”, deb yozgan u 2014 yil 30 avgustdagi yozishmalarda.

Yozishmalar mazmuni G.O. ning Epshteyn bilan yaqin munosabatlarda bo‘lganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Epshteyn uni o‘z do‘stlari bilan bo‘ladigan ayrim “uchrashuvlar”ga tayyorlagan, u bu uchrashuvlarda tashqi ko‘rinishi bilan yoqishi kerak bo‘lgan. 

“Men senga va do‘stlaringga yoqish uchun bor kuchimni sarflayapman. Burunda zirak yo‘q, makiyaj yo‘q. Yaxshi qiz. Aqlli qiz. Ha-ha”, deb yozgan u 2014 yil 11 dekabrda bo‘ladigan uchrashuvlardan biriga tayyorgarlik haqida Epshteynga.

G.O. yozishmalarda Epshteyndan pul olganini ham tilga oladi. Ushbu pullarni uning yordamchisi Valdson Kotrinn topshirgan bo‘lib, u Epshteynning Parijdagi “uchrashuvlar uyi”ni boshqargan (2014 yil 16 iyul va 2015 yil 5 yanvar). Epshteynning aytishicha, berilgan summadagi 500 yevro uning do‘stlaridan biriga tegishli bo‘lgan

G.O. intervyularida Parijda kinematografiya bo‘yicha tahsil olganini aytgan. Biroq, u yerga Epshteynning yuristi Lesli Groff yuborgani, viza masalalarini hal qilishda yordam berganini tilga olmagan. Amerika jurnalistlarining ta’kidlashicha, Groff Epshteynning eng ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib, u uchun juda “nozik” masalalarni ham hal qilgan.

G.O. Epshteynning Parijdagi mashhur mojaroli kvartiralarida ham bo‘lgan. 2019 yilda Fransiya politsiyasi aynan shu joylarda fohishaxona tashkil etish va voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar bo‘yicha reyd o‘tkazgan.

“O‘zbekiston 24” telekanali jurnalisti Aziza Qurbonova ham ushbu mavzuda ba’zi faktlarga duch kelgani haqida post joyladi. Unga ko‘ra, aftidan, AQSH Adliya vazirligi ism-familiyalar, manzil va raqamlarni o‘chirishni avtomatga qo‘ygan, shuning uchun juda ko‘p sahifalarda Epshteyn bilan aloqaga kirishgan ikkinchi, uchinchi shaxslarga tegishli shaxsiy ma’lumotlar ochiq qolgan. Ya’ni, ba’zi joyda berkitilib, ba’zilarida ochiq qolgan. 

“Men o‘zbek qizining nihoyatda yosh, maksimalist, o‘zini qidirayotgan, o‘qishni, dunyo ko‘rishni juda istayotgan, o‘ta kuzatuvchan va ahdidan qaytmaydigan, bilimli, lekin o‘qishdan chetlatilgan, “easy money” istamayman desa-da, bundan boshqa chora ko‘rmayotgan qiz obrazida ko‘rdim, shu bilan birga uning yozishmalari bundan 14-15 yil avvalgi yopiq O‘zbekistonni ham portretini chizib beradi. Nahotki bu qiz yo‘q endi? Qayerda u?”, deb yozadi jurnalist.

Bir necha kundan beri o‘zbek auditoriyasidagi asosiy savolga aylangan bu masala bo‘yicha Qurbonova ochiq ma’lumotlarni qidirgan va qiz o‘zi yangilagan ijtimoiy tarmoq profili chiqib kelgan. U O‘zbekistonda, yuqorida aytilganidek  yaqin yillarda maktabda ingliz tilidan dars bergan, xotirjam, tinch hayot kechiryapti.

“Uning aynan o‘sha qizligini esa profilidagi tahsil olgan kursi va Epshteyn fayllarida to‘lov qilingan kurs nomi to‘g‘ri kelayotganidan aniqladim. Men xotirjam tortdim. Bir vatandoshimiz butun dunyoga pedofil, jinsiy zo‘ravon nomi bilan mashhur bo‘lgan Epshteynning orollarida yo‘qolib ketmagan”, deydi jurnalist.

Epshteyn 2019 yil avgust oyida noma’lum sabablarga ko‘ra vafot etgan. AQSH va Yevropa mamlakatlaridagi tergovlar uni G‘arbning nufuzli siyosatchilari uchun yashirin jinsiy xizmatlar tarmog‘ini tashkil etgan shaxs deb hisoblaydi. Uning aloqalari orasida AQSHning sobiq prezidentlari Bill Klinton va kichk Jorj Bush, amaldagi Prezident Donald Tramp ham bo‘lgan.

Epshteyn manfaatdor mijozlarga voyaga yetmagan qizlar va o‘g‘il bolalarni, shuningdek, taqiqlangan moddalarni taqdim etgani bilan tanilgan. Uning jinoiy faoliyatidagi ayrim epizodlar qotilliklar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jeffri Epshteyn Epshteyn fayllari o'zbekistonlik qiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing