Erdo‘g‘an G‘azo bo‘yicha kelishuvni geosiyosiy qurolga aylantirdi

Tahlil

image

Turkiyaning HAMAS bilan aloqalari, avval Vashingtonda salbiy omil sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda geosiyosiy ustunlikka aylandi. HAMASni Donald Trampning G‘azo bo‘yicha kelishuvini qabul qilishga ko‘ndirish orqali Anqara Yaqin Sharq siyosiy sahnasida o‘z ta’sirini yanada mustahkamladi – bundan esa Isroil va ayrim arab raqiblar norozi bo‘ldi. Bu haqda manbalariga tayinib, “Reuters” xabar berdi.

Avvaliga AQSH Prezidentining ultimatumi – “Isroil garovdagi fuqarolarni ozod qilsin yoki vayronagarchilik davom etadi” – HAMAS tomonidan rad etilgan edi. Ammo bu rad javobi Turkiya bosimi ostida o‘zgardi: harakat rahbarlari, o‘zlarini siyosiy homiy deb biladigan mamlakat – Turkiya tomonidan kelishuvni qabul qilishga chaqirilganidan keyin, rozilik bildirdi.

Ikki mintaqaviy manba va ikki HAMAS rasmiysi “Reuters” agentligiga bildirishicha, Anqaraning “qabul qilish vaqti keldi”, degan xabari ikkilanmas tarzda yetkazilgan:

“Turkiya degan joydan chiqqan bu jentlmen – dunyodagi eng kuchli odamlardan biri”, degan Tramp o‘tgan haftada HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etish rejasiga rozi bo‘lganidan so‘ng.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an – “ishonchli ittifoqchi, unga kerak paytda har doim yonida bo‘ladi”.

Erdo‘g‘anning G‘azo bo‘yicha hujjatga qo‘ygan imzosi Turkiyaning Yaqin Sharqda markaziy o‘rin egallash yo‘lidagi harakatlariga yangi kuch berdi. U so‘nggi yillarda aynan shunday nufuzni qayta tiklashga, hatto Usmonli davridagi yetakchilikni esga olish orqali harakat qilib kelmoqda.

“Kelishuvdan keyin Turkiya endi budan siyosiy foyda olishni, shu jumladan AQSH bilan ikki tomonlama munosabatlarda yutuqqa erishishni ko‘zlamoqda”, dedi manbalar.

Istanbuldagi EDAM tadqiqot markazi direktori va Carnegie Europe fondi katta ilmiy hamkori Sinan Ulgenning ta’kidlashicha, Anqaraning HAMASni Trampning G‘azo kelishuvini qabul qildirishdagi muvaffaqiyati unga yangi diplomatik ta’sir kuchini berdi – ham ichki, ham tashqi siyosatda.

Uning aytishicha, Turkiya endi Vashingtondagi yangilangan ishonch muhitini qo‘llab, quyidagilarni ilgari surishi mumkin:

  • to‘xtab qolgan F-35 qiruvchi samolyotlari sotuvini qayta jonlantirish;
  • AQSH sanksiyalarini yengillatish;
  • qo‘shni Suriyadagi xavfsizlik maqsadlarini ilgari surishda Vashington yordamini olish.

“Agar Trampning maqtovga to‘la bayonotlari haqiqatan ham uzoq muddatli ishonchga aylansa, Anqara shu impuls orqali ko‘p yillik kelishmovchiliklarni hal qilish uchun undan foydalanishi mumkin,” dedi Ulgen.

Tramp va Erdo‘g‘an uchrashuvida munosabatlarni yangilash boshlandi

Anqara va Vashington o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish jarayoni, rasmiylar aytishicha, Erdo‘g‘anning sentyabr oyidagi olti yildan so‘ng ilk marta amalga oshirilgan Oq uy tashrifi davomida boshlangan.

Uchrashuvda 2020 yilda Turkiyaning Rossiyadan S-400 raketa tizimlarini sotib olishi tufayli AQSH tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish masalasi muhokama qilindi. Bu qaror o‘shanda Vashingtonni qattiq g‘azablantirgan va Turkiyaning F-35 dasturidan chiqarilishiga sabab bo‘lgan edi.

Yana bir muhim masala – Suriya bo‘ldi. Turkiya AQSH qo‘llab-quvvatlayotgan Suriya demokratik kuchlari (SDF)ni Suriya armiyasi tarkibiga qo‘shishga bosim o‘tkazmoqchi. Anqara bu guruhni terrorchi tashkilot deb hisoblaydigan Kurd ishchilar partiyasi (PKK) bilan bog‘liqligi sababli tahdid sifatida ko‘radi.

Bu harakat samara berayotgandek ko‘rinadi: SDF qo‘mondoni Mazlum Abdi Suriya armiyasiga qo‘shilish bo‘yicha mexanizm mavjudligini tasdiqladi. Turkiya bu natijani strategik yutuq sifatida ko‘radi.

G‘azo kelishuvi Turkiyaning nufuzini yanada oshirgan bir qator voqealardan keyin amalga oshdi. Tramp yil boshida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni Anqarada o‘tkazgani uchun Erdo‘g‘anni maqtagan edi. Shuningdek, 2024 yilda Suriyada Bashar Asad hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng Turkiyaning mintaqadagi ta’siri yana o‘sdi – Anqara u yerda muxolifat kuchlarini qo‘llab-quvvatlagandi.

Turkiyaning Yaqin Sharqda yetakchi rolni qayta tiklash istagi ayrimlarga Usmonli imperiyasi merosini eslatmoqda. Bir asr muqaddam uning parchalanishi natijasida hozirgi Turkiya sekulyar respublikaga aylangan va mintaqaviy diplomatiyada chetlanib qolgan edi.

Yillar davomida Anqara Isroil-Falastin nizosini hal qilish bo‘yicha yuqori darajadagi muzokaralardan uzoqda bo‘lgan. Erdo‘g‘an hokimiyati ostida Turkiyaning islomchi harakatlarga, jumladan HAMASga siyosiy va diplomatik ko‘mak berishi Isroil hamda qator arab davlatlari bilan munosabatlarni keskinlashtirgan. Shuningdek, NATO qadriyatlaridan og‘ish sifatida qabul qilingan siyosat ham uni tinchlik jarayonlaridan uzoqlashtirgan.

Biroq G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgan paytda, Tramp aynan Erdo‘g‘anga murojaat qildi, uning HAMAS ustidagi ta’siriga ishondi. Turkiya rasmiylari, jumladan razvedka rahbari Ibrohim Kalin HAMASga ushbu kelishuv mintaqaviy hamda AQSH qo‘lloviga ega ekanini, Tramp shaxsan kafolat berganini ma’lum qildi.

“Reuters” gaplashgan ikki diplomatning aytishicha, shu yo‘l bilan Tramp Anqaraga Yaqin Sharqdagi sunniy yetakchi davlat sifatida orzu qilgan rolini bergan. Bu esa Isroil va uning arab raqiblarini – jumladan Misr, Saudiya Arabistoni va BAAni bezovta qilgan. 

“Erdo‘g‘an o‘z nufuzini kengaytirish, vaziyatdan foydalanish, voqealarni o‘z manfaatiga burish va undan siyosiy foyda olishda ustasi farang. Shubhasiz, Ko‘rfaz mamlakatlari Turkiyaning G‘azo bo‘yicha yetakchi rolini xushlamadi, ammo ular ham urush tugashini, kelishuv bo‘lishini va HAMAS chetga chiqarilishini xohlagan”, deydi arab siyosiy sharhlovchisi Ayman Abdul Nur.

Livanlik tahlilchi Sarkis Naumning ta’kidlashicha, arab davlatlari Turkiya bilan urushni tugatishda umumiy manfaatga ega bo‘lsa-da, Anqaraga berilgan ortiqcha rol ularni xavotirga solgan, chunki bu tarixdagi Usmonli hukmronligini eslatadi.

HAMAS uchun eng katta xavotir shunda ediki, Isroil kelishuvni buzib, harbiy amaliyotlarni qayta boshlashi mumkin edi. Mintaqaviy manbalarning ta’kidlashicha, o‘zaro ishonchsizlik jarayonni deyarli izdan chiqargan.

“Birgina haqiqiy kafolat to‘rt tomondan keldi: Turkiya, Qatar, Misr va Amerika. Tramp shaxsan so‘z berdi. AQSHning pozitsiyasi shunday edi: “garovdagilarni ozod qiling, jasadlarni topshiring va men urush qayta boshlanmasligiga kafolat beraman”, dedi HAMASning yuqori martabali rasmiylaridan biri “Reuters”ga.

HAMASga kuchli bosim

Turkiyaning muzokaralarga qo‘shilishiga dastlab Isroil qarshilik qilgan, ammo ikki diplomatning ma’lum qilishicha, Tramp aralashib, Isroilga Anqaraning ishtirok etishiga ruxsat berish uchun bosim o‘tkazgan.

HAMASning yuqori martabali vakili aytganicha, G‘azoning harbiy rahbarlari to‘xtash kelishuvini taslim bo‘lish sifatida emas, balki tinmay davom etayotgan diplomatik bosim, og‘ir gumanitar inqiroz va urushdan charchagan aholi sababli qabul qilgan.

Bu kelishuv natijasida 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumi paytida olingan isroillik garovdagilar ozod qilindi. Ushbu hujumda 1 200 kishi halok bo‘lgan, shundan so‘ng boshlangan Isroil bosqini oqibatida, G‘azo sog‘liqni saqlash idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, 67 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

G‘azo kelishuvi Falastin davlatiga olib boruvchi yo‘lni ochadimi-yo‘qmi – bu hali noma’lum. Turkiya hamda Qatar va Misr kabi arab davlatlari bu rejada ikki davlat yechimiga yo‘l xaritasi yo‘qligini ta’kidlamoqda – bu esa falastinliklarning tarixiy talabi hisoblanadi.

Urushdan keyingi holatda G‘azoga turk qo‘shinlarini joylashtirish ehtimoli va anklav xavfsizligini ta’minlash masalasi haqida so‘ralganda, Erdo‘g‘an 8 oktyabrda shunday degandi: to‘xtash kelishuvi muzokaralari bu masalani batafsil muhokama qilish uchun muhim, biroq hozirgi ustuvor vazifa – to‘liq o‘q to‘xtatishga erishish, yordam yetkazish va G‘azoni qayta tiklashdir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya Donal'd Tramp Rajab Toyib Erdo'g'an Yaqin Sharq Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing