Erdo‘g‘anning ittifoqchisi SHKTRni Turkiyaga qo‘shilishga chaqirdi

Olam

image

Turkiya Milliy harakat partiyasi raisi Davlat Bahcheli 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovdan ikki kun o‘tgach, kecha, 21 oktyabr kuni parlamentdagi chiqishida Kipr turklari tomonidan e’lon qilingan davlat – Shimoliy Kipr Turk Respublikasi parlamenti Turkiyaga qo‘shilish masalasini ovozga qo‘yishi lozimligini bildirdi.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Bahcheli uzoq yillar davomida hukumat siyosatiga yo‘nalish berib kelgan shaxs sifatida tanilgan. U etnik jihatdan bo‘lingan orolda federativ yechim haqidagi chaqiriqlarni rad etdi va “Kipr – turklarniki va turklar vatani” deb ta’kidladi.

Markazchi-so‘l siyosatchi Tufan Erhurmanning kiprlik turklarning kelgusi rahbari sifatida saylanishi orolda sakkiz yildan buyon to‘xtab qolgan tinchlik muzokaralarini qayta tiklash umidini uyg‘otdi. U kiprlik yunonlar bilan muzokaralarni qayta boshlashga va’da bergan.

Erdo‘g‘an 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovdan so‘ng yangi yetakchini tabrikladi, ammo Bahchelining so‘zlari milliychi lagerning Anqara bilan siyosiy va hududiy yaqinlashuv yo‘lidagi da’vatini yana bir bor namoyon qildi.

“Shimoliy Kipr Turk Respublikasi parlamenti Turkiya Respublikasiga qo‘shilish haqida qaror qabul qilishi kerak”, dedi Bahcheli. 

Uning ta’kidlashicha, turk kiprliklar taqdiri “bunday darajadagi ishtirok bilan” belgilab bo‘lmaydi.

“Federatsiya haqidagi takliflar amalga oshmaydi va ularning kelajagi yo‘q. Kipr – bizning milliy ishimiz va biz bu haq ishdan hech qachon chekinmaymiz”, dedi u.

Erdo‘g‘an va Bahcheli turli siyosiy partiyalarga mansub bo‘lsalar-da, 2018 yildan beri hokimiyat ittifoqida faoliyat yuritib kelmoqda.

1974 yilda Gretsiyada yuz bergan harbiy to‘ntarish ortidan Turkiyaning orolga harbiy aralashuvi oqibatida Kipr mojarosi boshlandi. Shundan beri Kipr oroli shimoliy (turklar yashaydigan) va janubiy (yunonlar yashaydigan) qismlarga bo‘lingan. 1983 yilda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) mustaqilligini e’lon qildi, biroq u faqat Turkiya tomonidan tan olingan. 2017 yilda tinchlik muzokaralari yakunsiz qolganidan buyon yunon va turk kiprliklar o‘rtasidagi munosabatlar keskin bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Shimoliy Kipr Turk Respublikasi ShKTR Davlat Bahcheli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing