Erkinlik endi tabiiy hol emas – Mers

Olam

image

Jahon tartibi “buzilmoqda”, Yevropa va AQSH o‘rtasidagi aloqalar ortiq ishonchli emas. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Myunxen Xavfsizlik konferensiyasi doirasidagi nutqida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, ko‘p yillar davomida o‘zgarmay kelgan qoidalarga asoslangan tartib endi mavjud emas, davlatlar xavfsizlik va himoya strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerak. 

“Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin yuzaga kelgan “yagona qudrat” davri tugadi va yangi kuchlar siyosati eng kuchli davlatlarni ham xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu jarayon ko‘plab demokratik davlatlarda kuchli yetakchilikka bo‘lgan talab bilan bog‘liq”, degan rasmiy.

Kansler, shuningdek, transatlantik aloqalardagi beqarorlikni ham tanqid qilgan. U AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning Myunxenda so‘zlagan nutqiga ishora qilib, “Yevropa va AQSH orasida bo‘linish yuzaga kelgan”ini aytgan, ammo Vens ta’rifidagi radikal qarashlarni qabul qilmasligini, mintaqa qadriyatlarini himoya qilishini, erkinlik, inson qadr-qimmati va xalqaro hamkorlikni ustuvor deb bilishini urg‘ulagan.

Mers nutqida Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga qarshi YeI va GFRning yordamini davom ettirish muhimligini, Rossiya ishonchli muzokara uchun hali tayyor emasligini, urush faqat Kreml iqtisodiy va harbiy jihatdan charchagach tugashini qayd etgan.

Kanslerning ogohlantirishicha, “katta qudratlar davrida erkinlik endi tabiiy hol emas, u xavf ostida”, shuning uchun Yevropa qat’iyat va iroda bilan bu erkinlikni himoya qilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 62‑Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MXK) joriy yilning 13-15 fevral kunlari Hotel Bayerischer Hof va Rosewood Munich mehmonxonalarida bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingandi. Dunyoning turli mintaqalaridan yuzlab yetakchilar xavfsizlik siyosati bilan bog‘liq muammolarni muhokama qiladi. Konferensiyada hozirga qadar 50 ta davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishini tasdiqlagan. Bu ayniqsa, ko‘plab Yevropa davlatlari rahbarlarini va Germaniya federal hukumati delegatsiyasini, shuningdek, kansler Fridrix Mers boshchiligidagi keng vakolatli guruhni o‘z ichiga oladi.

Musulmon Sodiq


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Merts Erkinlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing