Mers Putinni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
12 may 2025 4549 1 daqiqa
Kecha, 11 may kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni 12 may kunidan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
“Agar Rossiya hozirda muzokaralarga tayyorligini bildirayotgan bo‘lsa, bu yaxshi belgi. Biroq bu yetarli emasligi aniq”, degan Mers.
Germaniya kanslerining ta’kidlashicha, agar Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga roziligi haqiqiy muzokaralar o‘tkazishning yagona yo‘li sanaladi.
Bildirilishicha, 11 maydan 12 mayga o‘tar kechasi OAV vakillari bilan suhbatda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbariyatiga joriy yilning 15 may kuni Turkiya poytaxti Istanbulda urushni tugatish bo‘yicha hech qanday shartlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya Prezidentini joriy yilning 15 may kuni Turkiyada kutishini yozgan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya kansleri Fridrix Mers Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainada 30 kunlik so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish masalasida Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Polshaning “buyuk birligi”ni ta’kidlagan edi. Mers bu haqda joriy yilning 10 may kuni Germaniyaning ZDF telekanalidagi “Heute Journal” dasturi efirida ma’lum qilgandi.
Marjona Murodova