Eron havo hududi yopilgani sabab O‘zbekiston samolyotlari ortga qaytdi

Olam

image

Eron havo hududi barcha samolyotlar uchun yopilgani sababli, O‘zbekiston samolyotlari ham  jo‘nash aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi. 

Cheklovlar Toshkent vaqti bilan bugun, 15 yanvar kuni 00:45 da kuchga kirgan va 15 yanvar soat 8:00 gacha davom etishi rejalashtirilgan, ammo ma’lumotlarga ko‘ra, ta’qiq hanuzgacha o‘z kuchida qolmoqda. 

“Uzbekistan Airports”ning qayd etishicha, Eron havo hududiga uchgan quyidagi reyslar jo‘nash aeroportlariga qaytgan: 

“Fly One Asia” aviakompaniyasining 7Q7742 reysi (Madina – Toshkent yo‘nalishi) Madina aeroportiga qaytgan.

“Jazeera Airways” aviakompaniyasining J9650 reysi (Toshkent – Quvayt yo‘nalishi) Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 02:01 da uchib chiqqan bo‘lsa-da, yana Toshkent aeroportiga qaytgan.

“Sam Air” aviakompaniyasining 9C3303 reysi (Samarqand – Jidda yo‘nalishi) Samarqanddan mahalliy vaqt bilan 02:04 da havoga ko‘tarilib, Samarqand aeroportiga qaytib kelgan. 

“Fly Khiva” aviakompaniyasining 2U7911 reysi (Urganch – Madina yo‘nalishi), Urganchdan mahalliy vaqt bilan 02:17 da uchib chiqib, yana Urganch aeroportiga qaytgan. 

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY336 reysi (Jidda – Toshkent yo‘nalishi) ham Eron havo hududi yopilgani sababli Jidda aeroportiga qaytishga majbur bo‘lgan. 

Qayd etish joiz, 14 yanvar kuni “Reuters” agentligi yevropalik rasmiyga tayanib, AQSH yaqin 24 soat ichida Eronga zarba berishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi. Ushbu xabarlardan keyin Eron havo hududini yopishga majbur bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlari oqibatida kamida 12 ming kishi, ehtimol undan ham ko‘proq odam halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Eron samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing