Eron Hormuz bo‘g‘ozini yillar davomida ochmoqchi emas – OAV
Olam
−
08:56 3292 2 daqiqa
Eron uzoq yillar davomida Hormuz bo‘g‘ozini blokadada ushlab turish va u yerga Amerika kemalarini kiritmaslik imkoniyatiga ega. Bu haqda yuqori lavozimli eronlik xavfsizlik amaldoriga tayanib, “Press TV” xabar berdi.
Tehronda ma’lum qilishlaricha, ilgari AQSH aynan shu strategik yo‘l orqali Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga qurol-yarog‘ yetkazib bergan. Eron o‘z hududiga berilgan zarbalardan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakatini Vashington va uning ittifoqchilari uchun cheklagan.
“Eron bunday holatni ko‘p yillar davomida saqlab turishga qodir”, degan nashrga intervyu bergan manba.
Amaldorning tushuntirishicha, Eronning ushbu muhim suv yo‘liga nisbatan “yuqori sezgirligi” shundan iboratki, tarixan Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalari va garnizonlarini ta’minlash uchun ishlatilgan uskunalarning katta qismi aynan shu bo‘g‘oz orqali tashilgan.
Manbaning aytishicha, agar Eron ilgariroq bo‘g‘ozdagi harakatni nazorat qila boshlaganida, raqibning mintaqadagi logistika imkoniyatlari ancha cheklangan bo‘lardi.
“Shu sababli Eron endi bunday logistika operatsiyalarining amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
AQSH va Isroilning harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng Tehron Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishni to‘xtatganini e’lon qildi. Oqibatda logistika xarajatlari va sug‘urta to‘lovlari keskin oshdi, bu esa AQSHda inflyatsiya bosimini kuchaytirdi.
Harbiy harakatlar boshlanishidan oldin bu hudud orqali dunyo neftining 15–20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizdan ortig‘i o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha qo‘yilgan ultimatum muddati tugab borayotganini ma’lum qilgandi. U Eron rasmiylarini qo‘rqitib, agar bo‘g‘oz ochilmasa, mamlakat ustida “do‘zax” yog‘ilishini iddao qilgandi. Tehron esa bu talabni rad etib, AQSH Prezidentining o‘zini “jahannam qa’riga yuborish” bilan tahdid qilgandi.
Live
Barchasi