Eron hukumati namoyishlarda qancha odam halok bo‘lganini ochiqladi
Olam
−
23 yanvar 7081 2 daqiqa
Eronda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida 3117 nafar odam halok bo‘ldi. Bu haqda Eron Ichki ishlar vazirligi va Shahidlar hamda faxriylar jamg‘armasi qo‘shma bayonotiga tayanib, “Euronews” xabar berdi.
Bayonotga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 2427 nafari tinch aholi vakillari va xavfsizlik kuchlari xodimlari hisoblanadi. Qolgan qurbonlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berilmagan.
Mazkur raqamlar inson huquqlari tashkilotlari keltirayotgan baholardan ancha past. Xususan, AQSHda joylashgan Human Rights Activists (HRANA) tashkiloti kamida 4902 nafar odam halok bo‘lganini ma’lum qilgan. “Reuters” agentligining eronlik rasmiylar orasidagi manbasi esa 18 yanvar kuni “tasdiqlangan” 5000 qurbon borligini bildirgan va bu raqam bir oz oshishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Euronews”ning qayd etishicha, namoyishlar davomida Eron hukumati internetga kirishni va xalqaro qo‘ng‘iroqlarni bloklagan, shuningdek jurnalistlar faoliyatini cheklagan. Bu holat zo‘ravonlik miqyosini mustaqil ravishda baholashni jiddiy qiyinlashtirgan. Shu bilan birga, davlatga qarashli targ‘ibot resurslari namoyishchilarni AQSH va Isroil tomonidan rag‘batlantirilgan “buzg‘unchilar” sifatida tasvirlay boshlagan.
28 dekabr kuni iqtisodiy qiyinchiliklar fonida boshlangan norozilik namoyishlari qisqa vaqt ichida butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli chiqishlarga aylangan. HRANA ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu namoyishlar chog‘ida qariyb 26 500 kishi hibsga olingan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp ilgari eronlik namoyishchilarga yordam berishga va’da bergan edi. U 16 yanvar kuni Eronga zarba berishdan voz kechish haqida qaror qabul qilganini e’lon qilib, bunga Tehron tomonidan 800 dan ortiq namoyishchiga nisbatan o‘lim jazosi ijro etilishidan voz kechilgani sabab bo‘lganini aytgan.
Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy esa “ichki jinoyatchilarga” nisbatan rahm-shafqat ko‘rsatmaslikka chaqirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp “Eron uchun yangi rahbariyat izlash vaqti keldi” deya bayonot berib, Xomanaiyni “kasal odam” deb atagan.
Live
Barchasi