Eron AQSH hududiga ham hujum qilishi mumkin – OAV
Olam
−
03 mart 14897 4 daqiqa
AQSH razvedkasi Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng Tehron tomonidan Amerikaga qarshi ehtimoliy hujumlar sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda maxfiy manbalarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi qoshidagi Razvedka va tahlil boshqarmasiga ko‘ra, Xomanaiy AQSH va Isroil zarbalari oqibatida o‘ldirilganidan keyin Eron va uning proksi kuchlari javob tariqasida AQSH hududiga hujum uyushtirishi mumkin. Shu bilan birga, razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, keng ko‘lamli to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum ehtimoli past baholanmoqda.
Ma’lumotda ta’kidlanishicha, yaqin istiqbolda asosiy xavotir oshirilishi mumkin bo‘lgan kiberhujumlar, jumladan saytlarni buzish va DoC-hujumlar bilan bog‘liq.
AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem agentlikka bergan izohida milliy xavfsizlikka oid har qanday ehtimoliy tahdidlarni diqqat bilan kuzatish va ularning oldini olish maqsadida federal razvedka hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan bevosita muvofiqlashtirish ishlarini olib borayotganini bildirgan.
Eronda Xomanaiy o‘limi ortidan 40 kunlik umummilliy motam e’lon qilingan va fuqarolar uchun yetti kunlik dam olish kuni joriy etilgan. Mamlakat Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroil va AQSH oliy rahbarni o‘ldirish orqali butun dunyo musulmonlariga qarshi urush e’lon qilganini aytib, qasos olishga va’da bergan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa Xomanaiy AQSH uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishon bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Oyatullohning o‘limini “insoniy axloq va xalqaro huquq me’yorlarini buzgan holda sodir etilgan qotillik” deb baholagan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi