Ozarbayjon Erondan diplomatik xodimlarini olib chiqishni boshladi
Olam
−
06 mart 1948 2 daqiqa
Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov mamlakat Erondan barcha diplomatik xodimlarini olib chiqib ketayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Report” xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev diplomatik xodimlarni Erondan to‘liq olib chiqib ketish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
“Ushbu jarayon ham Tehrondagi elchixonaga, ham Tabrizdagi Bosh konsullikka taalluqlidir. Hozirda bu yo‘nalishda tegishli ishlar olib borilmoqda”, deydi u.
Shuningdek, Bayramov Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan bo‘lgan telefon muloqoti haqida gapirib bergan.
“Eron tomoni sodir bo‘lgan voqeani sinchiklab o‘rganishga va’da berdi va biz natijalarni kutyapmiz. Ushbu hodisa yuzasidan allaqachon diplomatik qadamlar tashlandi, norozilik notasi yuborildi, hamkasbim bilan telefon orqali gaplashdik. Eron tomoni boshlagan tergov umumiy jarayonning bir qismidir”, deydi vazir.
Eronning Ozarbayjonga hujumi
Bugun, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.
Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan.
Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eronning Naxichevon Muxtor Respublikasidagi aeroportga qilgan hujumi javobsiz qolmasligini bildirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, hujumdan jiddiy xavotir bildirgan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eronning Naxichevonga qilgan hujumini terroristik deb atadi va buning uchun uzr so‘rashi kerakligini aytgan. Shuningdek, u Eronning Naxechivonga qilgan hujumuni “nonko‘rlik” sifatida baholab, bu tajovuzga “temir musht” bilan javob qaytarishini bildirdi.
Live
Barchasi