Eron bilan kelishuv jar yoqasida – Tramp
Olam
−
12 may 1858 2 daqiqa
Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron o‘rtasida bir oydan beri amal qilib kelayotgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi “sun’iy nafas berish” holatida ekanini bildirdi. Bu haqda u kecha, 11 may kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda aytgan.
Trampning bu bayonotlaridan so‘ng Eron Parlamenti spikeri Muhammad G‘olibof o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida Eron qurolli kuchlari har qanday tajovuzga javob berish va saboq berishga tayyor ekanini yozgan.
10 may kuni Eron Amerikaga qarshi taklif yuborib, urushni tugatish va Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha o‘z shartlarini bildirgan edi. Biroq Tramp bu taklifni rad etib, uni butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan “axlat parchasi” deb atagan edi.
Trampning tanqidlariga javoban, Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy Tehron takliflarga mas’uliyat mas’uliyat bilan yondoshganini aytgan.
G‘olibof esa, alohida bayonotida 14 bandli taklifda belgilangan Eron xalqi huquqlarini tan olishdan boshqa yo‘l yo‘qligini ta’kidlagan.
“Ular qancha ko‘p cho‘zsa, Amerika soliq to‘lovchilari shuncha ko‘p to‘laydi”, degan u.
Eronning Tasnim agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Tehron taklifida barcha frontlarda urushni zudlik bilan to‘xtatish, Eron portlariga qarshi Amerika dengiz blokadasini bekor qilish va Eronga qarshi yangi hujumlar bo‘lmasligiga kafolat berish talab qilingan.
Bu yerda “barcha frontlar” deganda Isroilning Hizbulloxga qarshi Livanda davom etayotgan hujumlari nazarda tutilgan. Shuningdek, Eron urush oqibatida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya va Hormuz bo‘g‘ozi ustidan Eron suverenitetini tan olishni ham talab qilgan.
“Axios” nashrining xabar berishicha, Amerika tomonining dastlabki 14 bandli memorandumida Eronning uran boyitishini to‘xtatish, sanksiyalarni yengillashtirish va Hormuz bo‘g‘ozi orqali erkin harakatni tiklash kabi shartlar bor. Nashr ikki amerikalik amaldor va yana ikki manbaga tayanib, bu shartlarning aksariyati yakuniy kelishuvga erishilgan taqdirdagina kuchga kirishini yozgan. Eron esa, haligacha Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlash masalasini jiddiy ko‘rib chiqayotganligi haqda xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi