Eron Isroil foydasiga josuslikda ayblangan erkakni qatl etdi
Olam
−
11:38 1594 1 daqiqa
Bugun, 20 dekabr kuni Eron Isroil foydasiga josuslik qilganlikda va Eron muxolifat guruhlari bilan aloqalarda aybdor deb topilgan erkakni qatl etdi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Isroil bilan o‘nlab yillardan beri davom etib kelayotgan yashirin qarama-qarshilik fonida Eron mamlakat ichida Isroil razvedka xizmati bilan aloqadorlikda va uning operatsiyalariga ko‘maklashganlikda ayblangan ko‘plab shaxslarni qatl etgan.
Norvegiyaning Oslo shahrida joylashgan “Iran Human Rights” tashkiloti X tarmog‘ida qatl etilgan shaxsni 27 yoshli arxitektura yo‘nalishida tahsil oluvchi talaba Aqil Keshavarz, deb tanishtirgan va u Isroil foydasiga josuslik qilish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha “qiynoq ostida olingan iqrorlar” asosida o‘lim jazosiga hukm qilinganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Eron-Isroil mojarosi iyun oyida urush bosqichiga o‘tgan. O‘shanda Isroil Eron hududidagi turli nishonlarga zarbalar bergan, jumladan, Mossad komandolari mamlakat ichkarisida joylashtirilgan operatsiyalarga tayangan holda harakat qilgani aytilgan.
Bu yil Isroil foydasiga josuslikda aybdor deb topilgan eronliklarning qatl etilishi keskin ko‘paygan, so‘nggi oylarda bir nechta o‘lim jazolari ijro etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Qum shahrida Isroil razvedka agentligiga josuslik qilishda ayblangan shaxs qatl qilingandi.