Eron Isroilga yangi turdagi ballistik raketasini uchirdi
Olam
−
19 iyun 2025 17296 2 daqiqa
Eron Tehron yaqinidan Isroil tomon yangi turdagi ballistik raketa uchirdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, raketa noodatiy, silliq emas, balki egri va zikzak shaklidagi trayektoriya bo‘ylab harakatlangan. Uni Iroq hududi ustida havo mudofaasi kuchlari yo‘q qilgan.
“Tasnim”ning Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQK) tayanib bergan xabariga ko‘ra, Eron ilk bor jangovar sharoitda ikki bosqichli, og‘ir toifadagi “Sijjil” ballistik raketasidan foydalangan. Bu raketaning uchish masofasi 2000 kilometrni tashkil etadi.
Eron Isroil hududiga shunday uchta raketa uchirganini ma’lum qilgan. IIQK bayonotida aytilishicha, Eron Qurolli kuchlari avvalgi bir necha hujumlar chog‘ida Isroil mudofaa tizimini yo‘q qilgan va endilikda Eron raketalari va dronlari uchun Isroil osmoni “ochiq” bo‘lgan.
“Raketalar zarbalari mo‘ljalli va uzluksiz bo‘ladi. Kecha ham bosib olingan hududlarda (Isroil) “Mossad” va “Aman” shtab-kvartiralari, shuningdek, harbiy-havo kuchlari bazalari nishonga olindi”, deyiladi bayonotda.
Isroil aholisi ogohlantirilib, raketa zarbalari davom etishi aytildi.
“Ishoning, qizil sirenalar bir daqiqaga ham to‘xtamaydi. Sizda faqat ikkita yo‘l bor: do‘zaxdek yashashga majbur bo‘lib, pana joylarda asta-sekin halok bo‘lish yoki bu yerdan imkon qadar tezroq qochib, tirik qolish”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, “Sijjil” – Eron tomonidan 2008-2009 yillarda ishlab chiqilgan o‘rta masofali ballistik raketalar oilasidir. U ajraluvchi jangovar kallakka ega.
“The Times of Israel”ga ko‘ra, Isroil tomoni so‘nggi Eron hujumi faqat bitta ballistik raketadan iborat bo‘lganini, uni havo mudofaasi vositalari muvaffaqiyatli tutib qolganini ma’lum qilgan.
Isroil armiyasi vakili, brigada generali Effi Deyfrinning ma’lum qilishicha, Isroil harbiy-havo kuchlari G‘arbiy Eronda yangi aviazarbalar to‘lqinini boshlagan. Ularning aytishicha, Tehron yaqinidagi “Hizbulloh”ga qurol yetkazib berishda ishlatilgan tankka qarshi raketa ishlab chiqaruvchi ob’ekt, shuningdek, Tehrondagi politsiya boshqarmasi yaqinidagi ob’ektlar nishonga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil SAXAL kuchlari Tehrondagi uranni boyitish sentrifugalarini ishlab chiqarish korxonalari va Erondagi raketa zavodlariga zarba bergandi. Operatsiyada Isroil harbiy-havo kuchlarining 50 ga yaqin samolyoti ishtirok etgan.
Live
Barchasi